Mustaqillik — xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, milliy davlatchiligini barpo etishi hamda o‘z yeri, boyliklari, qadriyatlari va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishidir. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi xalqimizning ko‘p asrlik orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqargan buyuk tarixiy voqea bo‘ldi. Bugun, istiqlolning 35 yillik dovonida, uning mazmuni kundalik hayotimizda yanada aniq namoyon bo‘lmoqda. Chunki mustaqillik faqat siyosiy erkinlik emas, balki tinch hayot, milliy o‘zlik, iqtisodiy taraqqiyot, inson qadri va kelajakka ishonchning mustahkam poydevoridir. Ta’kidlash joizki, 1991-yil 1-sentabrda O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 31-avgustda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida mamlakat davlat mustaqilligi e’lon qilinib, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 1-sentabr Mustaqillik kuni deb belgilandi. Bu qaror oddiy siyosiy-huquqiy hujjat emas edi. U milliy davlatchilikni tiklash, O‘zbekistonning xalqaro huquqning teng huquqli subyekti sifatida dunyo hamjamiyatiga kirishi, o‘z Konstitutsiyasi, davlat ramzlari va milliy qonunchiligini yaratishi uchun zamin bo‘ldi. Eng muhimi, xalqimiz o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil tanlash huquqiga ega bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida mustaqil davlatning siyosiy va huquqiy asoslari yaratildi, bozor iqtisodiyoti shakllandi, milliy armiya barpo etildi, xalqaro aloqalar kengaydi. Ta’lim, fan, madaniyat va sog‘liqni saqlash tizimlarida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Hozir mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichi — Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayoni kechmoqda. Uning markazida inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash g‘oyasi turibdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ana shu maqsadlarning huquqiy hamda strategik asosini belgilab berdi. Mustaqillik bergan imkoniyatlarning eng muhim natijalaridan biri mamlakat o‘z iqtisodiy siyosatini milliy manfaatlardan kelib chiqib yurita boshlaganidir. Bu jarayonning samarasi so‘nggi iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ko‘rinadi. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sdi. Sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foiz, qurilish ishlari 14,2 foiz, bozor xizmatlari 14,7 foizga oshdi. Tashqi savdo aylanmasi 20,7 foiz, eksport esa 24 foizga ko‘paydi. Aholining real umumiy daromadlari 9,2 foizga o‘sdi. 2026-yil 1-yanvar holatiga mamlakatda qariyb 475 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bu raqamlar shunchaki iqtisodiy hisobot ko‘rsatkichlari emas. Ularning ortida yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlik tashabbuslari, qurilayotgan korxonalar va kengayayotgan xizmatlar bozori turibdi. Binobarin, iqtisodiy o‘sish odamlarning daromadi, mehnat qilish imkoniyati va turmush sifatida aks etgandagina haqiqiy mazmun kasb etadi. Xalqaro biznesning O‘zbekistonga qiziqishi ortayotgani ham bu jarayonning muhim belgilaridan biridir. 2025-yil iyun oyida o‘tkazilgan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 100 ga yaqin davlatdan 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, qariyb 3 ming xorijiy mehmon qatnashdi. Bunday ko‘lam mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va unga bo‘lgan ishonch oshayotganini ko‘rsatadi. Iqtisodiy taraqqiyotning uzoq muddatli manbai esa inson kapitalidir. Tabiiy boyliklar mamlakatga imkoniyat yaratadi, ammo uning kelajagini bilimli, tashabbuskor va salohiyatli insonlar belgilaydi. Shu sababli ta’lim va ilm-fanga sarflangan mablag‘ jamiyat kelajagiga yo‘naltirilgan eng muhim sarmoya hisoblanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 207 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan. Ularning 101 tasi davlat, 74 tasi nodavlat, 32 tasi esa xorijiy oliy ta’lim muassasasi yoki uning filialidir. 2025/2026-o‘quv yilining boshida talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetdi. Bu 1991-yilga nisbatan 4,6 barobar ko‘pdir. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 44 foizdan yuqori bo‘lgan. Ta’limning ommalashuvi bilan birga uning xalqaro miqyosda tan olinishi ham muhimdir. 2025-yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi QS xalqaro reytingiga kirdi. Times Higher Education Impact reytingida mamlakatimizdan 59 ta oliy ta’lim muassasasi qatnashib, ularning 12 tasi dunyoning TOP–1000 universitetlari qatoridan joy oldi. Ilmiy faollik ham kengaymoqda: 2025-yilda professor-o‘qituvchilar Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan nashrlarda 4 ming 514 ta ilmiy maqola chop etdi. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilar soni 32 ming nafardan oshdi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning bilim va ilmiy salohiyatga tayangan jamiyat sari intilayotganini anglatadi. Bilimga asoslangan taraqqiyot bugun raqamli iqtisodiyotda ayniqsa yaqqol ko‘rinmoqda. Hozirgi davrda mamlakat qudrati faqat ishlab chiqarish hajmi yoki tabiiy resurslar bilan o‘lchanmaydi. Innovatsiya yaratish, ma’lumotni qayta ishlash va raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotga tatbiq etish salohiyati ham hal qiluvchi omilga aylanmoqda. So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda IT sohasining yalpi qo‘shilgan qiymati o‘rtacha 24,8 foizga o‘sdi. Axborot va aloqa sohasida band bo‘lganlar soni 2017-yildagi 64,3 ming nafardan 108,8 ming nafarga yetdi. Sohada o‘zini o‘zi band qilganlar soni 10 mingdan 181 ming nafargacha ko‘paydi. Hozir ushbu yo‘nalishda 11 ming 900 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. 2025-yil yakuniga ko‘ra, IT Park rezidentlari soni 2 ming 846 taga, ular orasidagi xorijiy kompaniyalar soni esa 752 taga yetdi. Besh yil ichida soha eksporti 170 million dollardan qariyb 1 milliard dollargacha ko‘paydi. Internet tezligining 7 barobar, mobil internet tezligining 4,5 barobar oshgani raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirdi. Endilikda yosh dasturchi o‘z mahallasidan turib xorijiy buyurtmachi bilan ishlashi, tadbirkor mahsulotini elektron platforma orqali sotishi, fuqaro esa ko‘plab davlat xizmatlaridan masofadan foydalanishi mumkin. Demak, raqamlashtirish texnik yangilanishning o‘zigina emas, balki yangi kasblar, daromad manbalari va kundalik qulayliklarning paydo bo‘lishidir. Biroq iqtisodiy va texnologik o‘sishning haqiqiy samarasi jamiyatning barcha qatlamlariga yetib borgandagina seziladi. Shu bois keyingi yillarda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash va ijtimoiy yordamni manzilli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda qariyb 1,5 million ehtiyojmand fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, 1 ming 435 ta mahalla ilk bor “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi. Kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan yil yakunida 5,8 foizgacha, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,9 foizgacha pasaydi. Joriy yil 1-fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr joriy etildi. Uning maqsadi davlat yordamini insonning haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib yetkazishdir. Bunda vazifa fuqaroni faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanmaydi; unga daromad topish, kasb egallash va mustaqil hayot qurish imkonini yaratish ham ko‘zda tutiladi. Ya’ni ijtimoiy siyosatning asosiy mezoni ajratilgan mablag‘ miqdori emas, balki inson hayotidagi real o‘zgarish bo‘lishi lozim. Jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlar va yoshlarning faol ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. 2025-yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlar soni 1,9 million nafarni, yakka tartibdagi ayol tadbirkorlar soni esa 121 ming nafarni tashkil etgan. Ta’limdagi imkoniyatlar ham kengaydi. 2025/2026-o‘quv yilida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyanomasiga ega talabgorlar uchun qo‘shimcha davlat grantlari 2 mingtadan 4 mingtaga oshirildi. Magistraturada tahsil olayotgan 11 ming nafar xotin-qizning kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun davlat budjetidan 122 milliard so‘m ajratildi. Bunday yondashuvning mohiyati ayollarga faqat imtiyoz berishda emas, balki ularning bilimi, tashabbusi va kasbiy salohiyatini jamiyat taraqqiyotining faol kuchiga aylantirishdadir. Mustaqillikning mazmuni iqtisodiy va ijtimoiy natijalar bilangina cheklanmaydi. U xalqimizga tarixini xolis o‘rganish, ona tili, urf-odatlari va qadriyatlarini asrab-avaylash imkonini ham berdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlar merosining xalqaro miqyosda o‘rganilishi milliy xotirani mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Milliy o‘zlik faqat o‘tmish bilan faxrlanish emas. U tarixdan saboq olish, zamonaviy bilimlarni egallash va kelajak oldidagi mas’uliyatni his etishdir. Shu ma’noda, qadimiy meros va zamonaviy taraqqiyot bir-biriga qarama-qarshi emas, aksincha, bir-birini to‘ldiradi. Ko‘p millatli O‘zbekistonda turli millat, til va din vakillarining tinch hamda hamjihat yashashi ham mustaqil taraqqiyotning muhim yutug‘idir. Tinchlik va o‘zaro hurmat bo‘lmasa, iqtisodiy o‘sish ham, ilmiy yuksalish ham barqaror bo‘la olmaydi. Ana shu ichki barqarorlik mamlakatning xalqaro maydondagi mavqei mustahkamlanishiga ham xizmat qilmoqda. Mustaqillik O‘zbekistonga xalqaro munosabatlarda o‘z manfaatlarini mustaqil ifoda etish imkonini berdi. Bugun mamlakat ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat yuritmoqda. Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlarga asoslangan yangi muhitni shakllantirishda O‘zbekiston tashabbuslari alohida ahamiyatga ega. O‘tgan yil aprel oyida Samarqandda ilk bor “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitining o‘tkazilishi bunga yorqin misoldir. Unda mintaqa davlatlari va Yevropa Ittifoqi rahbarlari iqtisodiyot, investitsiya, yashil energetika, transport, logistika, raqamlashtirish, fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi. Bu voqea O‘zbekistonning xalqaro muloqot maydoni sifatidagi mavqei ortayotganini, mustaqillik esa mamlakatga xalqaro munosabatlarning teng huquqli ishtirokchisi bo‘lish imkonini berganini ko‘rsatdi. “Mustaqillik bizga nima berdi?” degan savolga bitta jumla bilan javob berib bo‘lmaydi. U siyosiy jihatdan o‘z davlatimiz, Konstitutsiyamiz va taraqqiyot yo‘limizga ega bo‘lish imkonini berdi. Iqtisodiy jihatdan mamlakat boyliklari va salohiyatini milliy manfaatlar asosida boshqarish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratdi. Ijtimoiy jihatdan ta’lim olish, mehnat qilish, tibbiy xizmatdan foydalanish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirdi. Ma’naviy jihatdan esa tariximizni o‘zimiz o‘rganish, ona tilimiz va milliy qadriyatlarimizni asrash erkinligini berdi. Shu bois mustaqillikni faqat 1991-yil 1-sentabrda yuz bergan tarixiy hodisa sifatida tushunish yetarli emas. U bugungi tinch hayotimizda, farzandlarimizning ta’lim olishida, tadbirkorning erkin faoliyatida, olimning tadqiqotida, yoshlarning orzularida va dunyoga ochilayotgan O‘zbekistonning har bir yutug‘ida yashamoqda. Mustaqillik ajdodlardan meros bo‘lib qolgan tayyor ne’mat emas, balki har bir avlod asrab-avaylashi, mazmunan boyitishi va kelajak avlodga munosib tarzda yetkazishi lozim bo‘lgan buyuk mas’uliyatdir. Laylo Xayitboyeva,Toshkent davlat iqtisodiyot universitetimustaqil izlanuvchisi (PhD)