HAR BIR TADBIRKOR – YOSHLARGA MADADKOR: "KELAJAK POYDEVORINI BIRGALIKDA QURAMIZ"

Iyun 19, 2026 - 01:44
Iyun 19, 2026 - 01:45
 0  5
HAR BIR TADBIRKOR – YOSHLARGA MADADKOR: "KELAJAK POYDEVORINI BIRGALIKDA QURAMIZ"

Yoshlar — Oʻzbekistonning eng katta strategik resursi. Ularning bilimli, kasb-hunarli va iqtisodiy faol boʻlib voyaga yetishi mamlakatning kelgusi taraqqiyot surʼatlarini belgilaydi. Shu bois yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda barqaror bandligini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tashabbusi ana shu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalardan biridir.

Mazkur tamoyil ilk bor 2020-yil dekabr oyida oʻtkazilgan Oʻzbekiston yoshlari forumida ilgari surilgan boʻlib, har bir tajribali tadbirkorga ishsiz yoshlarni biriktirish, ularda biznes yuritish koʻnikmalarini shakllantirish va natijada ularning doimiy bandligini taʼminlash gʻoyasiga asoslangan edi. Oradan oʻtgan vaqt davomida ushbu tashabbus amaliy natijalar bera boshladi va bugungi kunda yanada takomillashtirilmoqda.

Yoshlar tadbirkorligini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2026-yil 24-fevral kuni davlatimiz rahbari yoshlar biznesini rivojlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Unga muvofiq, “Kelajak tadbirkori” dasturini amalga oshirish hamda yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizlik imtiyozli kreditlar ajratish belgilandi.

Dastur doirasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million soʻmgacha, biznes faoliyatini boshlayotgan yoshlarga 300 million soʻmgacha, faoliyatini kengaytirayotgan tadbirkorlarga 2 milliard soʻmgacha hamda kamida 5 nafar bitiruvchini ish bilan taʼminlagan tadbirkorlarga 10 milliard soʻmgacha kredit ajratilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Mening birinchi kasbim” dasturini amalga oshirish vazifasi belgilandi. Mazkur dastur doirasida stajirovka asosida tanlab olingan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga oyiga 2 million soʻmgacha stipendiya toʻlanadi. Bu esa yoshlarning mehnat bozoriga moslashuvini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikriga koʻra, yoshlar tadbirkorligi rivojlanishidagi asosiy muammolardan biri amaliy biznes koʻnikmalarining yetarli emasligidir. Taqdimotda tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlarning qariyb 30 foizi aynan shu omil sababli qiyinchiliklarga duch kelayotgani qayd etildi. Shu bois hududlarda “Yoshlar biznes inkubatori” markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu markazlarda tadbirkorlik asoslari, biznes-reja tuzish, buxgalteriya hisobi, marketing, brending, IT texnologiyalari hamda mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish boʻyicha kompleks xizmatlar koʻrsatiladi.

Joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida, kelgusi yilda esa boshqa hududlarda bunday markazlarni tashkil etish vazifasi belgilangan.

Mazkur tashabbusning eng muhim jihati shundaki, unda xalqimizning azaliy ustoz-shogird anʼanasi zamonaviy iqtisodiy mexanizmlar bilan uygʻunlashgan. Tajribali tadbirkorlar yoshlarni oʻz faoliyatiga jalb etib, ularga biznes yuritish sirlarini oʻrgatmoqda. Natijada yoshlar nafaqat kasb egallamoqda, balki tadbirkorlik tafakkuri va mustaqil iqtisodiy fikrlash koʻnikmalarini ham shakllantirmoqda.

Tizim doirasida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni bosqichma-bosqich qamrab olish ishlari davom etmoqda. Kasb oʻrgangan yoshlarga oʻz biznesini boshlashi uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va boshqa moliyaviy koʻmaklar berilishi koʻzda tutilgan. Asbob-uskunalar xaridi, ishlab chiqarish vositalari hamda ijara xarajatlarining bir qismini qoplash mexanizmlari ham joriy etilmoqda.

“Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili tadbirkorlar uchun ham muhim imkoniyatlar yaratadi. Ular malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishi, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishi hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlardan foydalanishi mumkin. Eng muhimi, bu tashabbus jamiyatda ishsizlikni kamaytirish, yoshlar daromadlarini oshirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan har qanday saʼy-harakat aslida mamlakat kelajagiga qaratilgan investitsiyadir. Tajribali tadbirkorlarning bilim va tajribasi yoshlarning gʻayrat-shijoati bilan uygʻunlashgan joyda yangi gʻoyalar, yangi korxonalar va yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi. Bugun tadbirkor koʻmagida kasb egallagan yoki oʻz biznesini boshlagan yosh ertaga yurt iqtisodiyotining faol ishtirokchisi, yangi ish oʻrinlari yaratuvchi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshuvchi tadbirkorga aylanishi shubhasiz.

Ziyayeva Muxtasar Mansurdjanovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Marketing” kafedrasi professori,
iqtisodiyot fanlari doktori (DSc)