Kapital bozorini rivojlantirish – iqtisodiyot barqarorligining muhim omili

Iyul 2, 2026 - 13:31
 0  7
Kapital bozorini rivojlantirish – iqtisodiyot barqarorligining muhim omili

Bugungi kunda dunyo iqtisodiyotida investitsiyalar uchun raqobat tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda kapital bozorini rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlovchi eng muhim omillardan biriga aylanmoqda. Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kuchli kapital bozori xususiy investitsiyalarni jalb qilish, biznesni moliyalashtirish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-iyun kuni kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda sohani mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Unda mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim tashabbuslar muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda mahalliy va xorijiy investorlar uchun ochiq va jozibador muhit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarda kapital bozori alohida o‘rin tutadi. Chunki u korxonalar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning eng samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

Joriy yil may oyida mamlakat moliyaviy hayotida tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Ilk bor O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari London hamda Toshkent fond birjalarida bir vaqtning o‘zida birlamchi ommaviy joylashtirildi (IPO). Natijada jamg‘armadagi 31 foiz davlat ulushi sotilib, 603,6 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etildi. Jamg‘armaning umumiy qiymati esa taxminan 1,95 milliard dollarga baholandi. Bu nafaqat O‘zbekiston tarixidagi eng yirik IPO, balki mamlakat iqtisodiyotining ochiqligi va xalqaro investorlar ishonchining tobora ortib borayotganining yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.

O‘zbekiston kapital bozoriga xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan bildirilayotgan qiziqish ham yil sayin oshib bormoqda. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘z obligatsiyalarini milliy valyutada mahalliy fond bozorida joylashtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu mamlakatimiz moliya bozorining xalqaro moliya tizimiga tobora chuqur integratsiyalashayotganini ko‘rsatadi.

Taqdimotda zamonaviy bozor munosabatlariga mos yangi tahrirdagi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. 16 ta bob va 123 ta moddadan iborat mazkur hujjat investorlar huquqlarini himoya qilish, bozor infratuzilmasini takomillashtirish, axborot oshkoraligini ta’minlash hamda zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Yangi qonun loyihasida xalqaro moliya bozorlarida keng qo‘llaniladigan hosilaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish nazarda tutilgan. Jumladan, Xalqaro derivativlar va svoplar assotsiatsiyasi (ISDA) standartlari asosida opsionlar, fyucherslar, forvardlar, svoplar hamda netting shartnomalari bo‘yicha bitimlar tuzish imkoniyati yaratiladi. Bu investorlar va tadbirkorlarga valyuta kurslari, foiz stavkalari hamda moliyaviy aktivlar qiymatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq xavflarni xedjirlash, ya’ni samarali boshqarish imkonini beradi.

Shuningdek, banklar tomonidan garov bilan ta’minlangan obligatsiyalar hamda ipoteka kreditlari asosida maxsus qimmatli qog‘ozlar chiqarishning huquqiy asoslari shakllantirilmoqda. Bu esa bank tizimiga uzoq muddatli resurslarni jalb qilish, ipoteka bozorini rivojlantirish va aholi uchun moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.

Taqdimotda islom moliyasi instrumentlarini joriy etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda birinchi marta sherikchilik, ijara, savdo va agentlik asosida chiqariladigan “sukuk” qimmatli qog‘ozlarining huquqiy asoslari belgilanmoqda. Bu esa nafaqat ichki bozor, balki islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi xalqaro investorlarni ham mamlakatimizga jalb qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.

Qimmatli qog‘ozlar bozori infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida Markaziy depozitariyning vakolatlari ham kengaytirilmoqda. Unga dividendlarni markazlashgan tartibda to‘lash hamda xorijiy banklarda vakillik hisobvaraqlarini ochish huquqi berilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, xorijiy nominal saqlovchilar uchun mahalliy bozorga kirish tartibining soddalashtirilishi institutsional investorlarni jalb qilish imkoniyatlarini yanada oshiradi. Bu esa fond bozorining shaffofligi, likvidligi va samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kapital bozori iqtisodiyotga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish, korxonalarni modernizatsiya qilish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim moliyaviy manbalaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan mas’ul idoralarga qonun loyihasini xalqaro ekspertlar bilan muhokama qilish, bozor infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar O‘zbekiston kapital bozorini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishi, investitsiyaviy jozibadorlikni yanada mustahkamlashi hamda xususiy sektorning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishi shubhasiz. Zero, kuchli kapital bozori — investitsiya, innovatsiya va iqtisodiy taraqqiyotning ishonchli poydevoridir.

Mirzaraximova Aziza Baxrom qizi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Raqamli iqtisodiyot kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD