O‘ZBEKISTONDA “STARTAP” EKOTIZIMINI SHAKLLANTIRISHNING ISTIQBOLLARI

Bugun sizlar bilan zamonaviy iqtisodiyotning eng dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri – O‘zbekistonda “startap” ekotizimini shakllantirish haqida so‘z yuritmoqchiman. Bu mavzu nafaqat texnologik taraqqiyot, balki yoshlar bandligi, innovatsiyalar va milliy iqtisodiyotning kelajagi bilan bevosita bog‘liqdir.
Avvalo, “startap” deganda nimani tushunamiz? Startap bu – yangi, innovatsion g‘oyaga asoslangan, tez rivojlanish va kengayish imkoniyatiga ega bo‘lgan kichik biznes shaklidir. U odatda raqamli texnologiyalar, IT, elektron tijorat, sun’iy intellekt, moliyaviy texnologiyalar yoki ekologik innovatsiyalar sohalarida faoliyat yuritadi. Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab minglab startaplar nafaqat yangi mahsulotlar, balki butunlay yangi bozorlarni ham yaratmoqda.
O‘zbekiston misolida olib qaraydigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda startaplarni rivojlantirish bo‘yicha bir qancha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilyapti. Jumladan, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida ko‘plab texnoparklar, innovatsion markazlar, IT-parklar va biznes-inkubatorlar tashkil etildi. “Toshkent shahridagi IT-Park”, “Startup Initiative”, “Technovation Uzbekistan”, “Fintech Factory” kabi tashabbuslar yoshlar o‘rtasida startap madaniyatini shakllantirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Bundan tashqari, hukumat tomonidan startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir nechta grantlar, imtiyozli kreditlar, xorijiy sarmoyalarni jalb etish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda akseleratsiya dasturlari tashkil etilib, o‘nlab startaplar xalqaro bozorlarga chiqa boshladi.
Ammo, bu borada muammolar yo‘q emas. Asosiy to‘siqlar quyidagilardan iborat:
Birinchidan, Startaplar uchun moliyalashtirish manbalarining cheklanganligi ya’ni investitsiya fondlari va venchur kapital bozori hali yangi shakllanmoqda.
Ikkinchidan, yoshlar orasida xatoga yo‘l qo‘yishdan, muvaffaqiyatsizlikdan cho‘chish holatlari mavjud.
Uchuinchidan, Soliq, litsenziyalash va huquqiy tartiblar ba’zan yangi texnologiyalar rivojiga to‘sqinlik qiladi.
Shuningdek, Tajriba va bilim yetishmasligi. Startaplar boshqaruvi, marketing, investorlar bilan ishlash, mahsulotni bozorga olib chiqish bo‘yicha yetarli amaliy bilimlar yo‘q.
Hurmatli tinglovchilar!
Yuqoridagi muammolarni hisobga olgan holda, biz startap ekotizimini barqaror shakllantirish uchun quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratishimiz lozim:
Maktabdan boshlab oliy o‘quv yurtlarigacha “startap tafakkuri”, “innovatsion fikrlash” va “muammo yechimlari asosida mahsulot yaratish” kabi yondashuvlar o‘qitilishi kerak. Shuningdek quyidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:
- banklar, investitsiya kompaniyalari va yirik korxonalarni startaplarga sherik sifatida jalb etish;
- venchur kapital fondlarini yaratish va ularni qonunchilik orqali qo‘llab-quvvatlash;
- ayollar va qizlar startaplari uchun alohida grant dasturlarini joriy qilish;
- xalqaro texnoparklar bilan hamkorlikni rivojlantirish. Bu orqali bizning yoshlarimiz xorijiy tajribadan bevosita o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, startaplar – bu shunchaki kichik biznes emas, balki kelajak iqtisodiyotining harakatlantiruvchi kuchi. O‘zbekiston sharoitida bu yo‘nalishdagi ijobiy harakatlar mavjud, ammo ularni tizimlashtirish, maqsadli rag‘batlantirish va yoshlarni ruhlantirish orqali haqiqiy innovatsion ekotizimni shakllantirishimiz mumkin.
Agar yoshlarning har birida o‘z g‘oyasiga ishonch, uni hayotga tatbiq etish uchun qulay muhit va moliyaviy imkoniyatlar bo‘lsa – biz nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham raqobatbardosh innovatsion iqtisodiyotga ega bo‘lamiz.
Musayev Ozodjon Shavkat o‘g‘li
PhD, “Biznes boshqaruvi” kafedrasi katta o‘qituvchisi,