KICHIK VA O‘RTA BIZNESNI MOLIYAVIY QO‘LLAB-QUVVATLASH — YANGI O‘ZBEKISTON IQTISODIY TARAQQIYOTINING MUHIM OMILI

Iyul 2, 2026 - 13:12
Iyul 2, 2026 - 13:21
 0  10
KICHIK VA O‘RTA BIZNESNI MOLIYAVIY QO‘LLAB-QUVVATLASH — YANGI O‘ZBEKISTON IQTISODIY TARAQQIYOTINING MUHIM OMILI

Hozirgi global iqtisodiyot keskin raqobat, geosiyosiy o‘zgarishlar va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan tavsiflanmoqda. Bunday sharoitda mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligi, aholi bandligi va farovonligini ta’minlashda kichik va o‘rta biznesning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu bois aksariyat davlatlar mazkur sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.

O‘zbekistonda ham tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes uchun qulay muhit yaratish hamda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 25-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari muhokama qilindi. Unda tadbirkorlarga raqamli moliyaviy platforma orqali bir vaqtning o‘zida bir nechta bankning kredit takliflarini olish, ularni taqqoslash, muqobil skoring tizimlarini joriy etish hamda davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Bu tashabbuslar tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlarni yanada ochiq, shaffof va qulay qilishga xizmat qiladi.

Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, kichik va o‘rta biznes jahon iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri hisoblanadi. Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar hisob-kitoblariga muvofiq, dunyodagi korxonalarning taxminan 90 foizi aynan ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular global qo‘shilgan qiymatning qariyb yarmini yaratadi hamda jahon bo‘yicha ish bilan band aholining taxminan 60–70 foizini ish o‘rni bilan ta’minlaydi.

Mamlakatimizda ham kichik va o‘rta biznes iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylandi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yakunlarida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2023-yildagi 51,2 foizdan 54,3 foizga yetdi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida mazkur sektorning ulushi 90 foizdan ortiqni tashkil etadi. Xizmat ko‘rsatish sohasida ham kichik biznes yetakchi o‘rinni egallab, iqtisodiyotning diversifikatsiyasi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va raqobat muhitining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kichik va o‘rta biznesning samarali faoliyati, eng avvalo, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlariga bog‘liq. Kreditlar, investitsiyalar, lizing xizmatlari, davlat kafilliklari va mikromoliyalashtirish vositalari tadbirkorlarga ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash hamda eksport hajmini oshirish imkonini beradi. Shu sababli so‘nggi yillarda mamlakatimizda imtiyozli kreditlar, foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish, davlat kafilliklari va mikromoliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha muhim choralar amalga oshirildi. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar minglab yangi biznes tashabbuslarining hayotga tatbiq etilishiga zamin yaratmoqda.

Shu bilan birga, xalqaro ekspertlar tomonidan ayrim muammolar ham qayd etilmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes subyektlari mamlakatdagi korxonalarning 90 foizdan ortig‘ini tashkil etadi, umumiy bandlikning 75 foizini ta’minlaydi va yalpi ichki mahsulotning qariyb 55 foizini yaratadi. Biroq ularning moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlari hali ham cheklanganligicha qolmoqda. Hisobotlarga ko‘ra, kichik korxonalarning atigi 10 foizi, o‘rta korxonalarning esa 16 foizigina bank kreditlaridan foydalanish imkoniga ega. Umumiy moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoj 13 milliard AQSH dollariga baholangan bo‘lsa, mavjud mablag‘lar bilan talab o‘rtasidagi tafovut taxminan 6 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Ayniqsa, ayollar rahbarlik qilayotgan korxonalar uchun bu muammo yanada dolzarb bo‘lib, ular korxonalarning uchdan bir qismiga egalik qilsa-da, ajratilgan kreditlar umumiy kredit portfelining atigi 14 foizini tashkil etadi.

Mazkur muammolarni hal etish maqsadida davlat va xalqaro moliya institutlari hamkorligi izchil davom etmoqda. Xususan, 2025-yil dekabr oyida Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 100 million dollar kredit hamda 5 million dollar grant, jami 105 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni ajratish ma’qullandi. Ushbu mablag‘lar mikro, kichik va o‘rta korxonalarning kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xususiy sektorning investitsiya faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Zamonaviy iqtisodiyotda raqamli moliya xizmatlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bugun tadbirkorlar onlayn tarzda kredit rasmiylashtirish, masofadan hisobvaraq ochish, elektron to‘lovlarni amalga oshirish va biznes jarayonlarini raqamli boshqarish imkoniyatlaridan keng foydalanmoqda. Bu esa vaqt va xarajatlarni qisqartirish bilan birga, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ham kengaytiradi. Ayniqsa, fintex kompaniyalari va raqamli bank xizmatlarining rivojlanishi raqobatni kuchaytirib, xizmat sifati va tezkorligini yangi bosqichga olib chiqmoqda. 2026-yil 25-may kuni muhokama qilingan raqamli moliyaviy platforma orqali tadbirkorlarga bir nechta bankning kredit takliflarini olish, ularni o‘zaro taqqoslash hamda “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiya qilish imkoniyati yaratilishi bu boradagi muhim yangiliklardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish sohasida hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham saqlanib qolmoqda. Jumladan, garov ta’minotining yetarli emasligi, uzoq muddatli moliyaviy resurslar cheklanganligi, moliyaviy savodxonlik darajasining yetarli emasligi, ayrim hududlarda zamonaviy bank xizmatlarining rivojlanish sur’ati pastligi hamda eksport qiluvchi kichik korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarining cheklanganligi shular jumlasidandir. Bu muammolarni bartaraf etishda kreditlash jarayonlarini soddalashtirish, sun’iy intellekt asosidagi skoring tizimlarini joriy etish, mikromoliya xizmatlarini kengaytirish va fintex ekotizimini yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash nafaqat tadbirkorlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytiradi, balki butun mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi va barqaror o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratadi. Har bir muvaffaqiyatli tadbirkor ortida yangi ish o‘rinlari, innovatsiyalar, eksport salohiyati va iqtisodiy o‘sish mujassam. Shu bois mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishning muhim omillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Zotan, tadbirkor rivojlangan jamiyatda iqtisodiyot mustahkam bo‘ladi, iqtisodiyot mustahkam bo‘lgan mamlakatda esa xalqning ertangi kunga ishonchi yanada ortadi.

Eshmatov Sanjar Azimqulovich
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Marketing kafedrasi dotsenti, iqtisod fanlari doktori