Moderator Iyul 15, 2026 0 6
boshqaruvchi Iyul 14, 2026 0 6
boshqaruvchi Iyul 13, 2026 0 8
boshqaruvchi Iyul 13, 2026 0 10
boshqaruvchi Iyul 7, 2026 0 22
boshqaruvchi aprel 19, 2025 0 102
Moderator aprel 17, 2025 0 44
Moderator aprel 16, 2025 0 102
Moderator aprel 11, 2025 0 86
Moderator aprel 11, 2025 0 89
boshqaruvchi mart 24, 2026 0 41
Moderator aprel 28, 2025 0 68
boshqaruvchi mart 18, 2026 0 54
boshqaruvchi mart 10, 2026 0 24
Moderator aprel 9, 2025 0 81
Moderator aprel 9, 2025 0 38
boshqaruvchi mart 18, 2026 0 12
boshqaruvchi dekabr 5, 2025 0 22
boshqaruvchi dekabr 4, 2025 0 29
boshqaruvchi noyabr 20, 2025 0 24
boshqaruvchi noyabr 12, 2025 0 23
Moderator Iyul 1, 2026 0 14
Moderator aprel 5, 2025 0 137
Moderator aprel 5, 2025 0 154
Moderator aprel 5, 2025 0 42
Moderator aprel 5, 2025 0 53
Eng so'nggi yangiliklar, yangilanishlar va maxsus takliflarni to'g'ridan-to'g'ri pochta qutingizga olish uchun obunachilar ro'yxatiga qo'shiling
MILLIY HISOBDAN XALQARO STANDARTLARGA
Bir lahza tasavvur qiling: uyingizga uzoq yurtdan mehmon keldi. U sizning tilingizni bilmaydi, siz esa uning tilini tushunmaysiz. Ikkovingizda ham yaxshi niyat bor, ammo oddiy fikr almashishning o‘zi qiyin. Na rejalarni tushuntirish, na shartlarni kelishish, na ishonchli munosabat o‘rnatish oson kechadi. Chunki ishonch ham, kelishuv ham, avvalo, bir-birini tushunishdan boshlanadi.
Moliya va investitsiyalar dunyosida ham shunga o‘xshash holat yuz beradi. Agar har bir mamlakat va har bir kompaniya moliyaviy hisobotni faqat o‘ziga xos qoidalar asosida tuzsa, xorijiy investor taqdim etilgan raqamlarni tushunish va baholashda qiynaladi. U bir korxonaning natijalarini boshqasiniki bilan xolis solishtira olmaydi, aktivlar qanday baholanganini, majburiyatlar to‘liq ko‘rsatilgan-ko‘rsatilmaganini va hisobotdagi foyda haqiqiy iqtisodiy natijani qanchalik aks ettirishini aniqlay olmaydi.
Investor uchun «korxona qancha foyda qildi?» degan savolning o‘zi yetarli emas. U «bu foyda qanday hisoblandi?», «qarzlar to‘liq ko‘rsatildimi?», «aktivlar haqqoniy baholandimi?», «raqamlar boshqa kompaniyalar hisoboti bilan solishtirishga yaraydimi?» degan savollarga ham javob izlaydi. Shu sababli moliyaviy hisobot faqat buxgalterlar uchun tayyorlanadigan jadvallar to‘plami emas. U korxona bilan investor, kreditor, aksiyador, davlat va jamoatchilik o‘rtasidagi ishonch vositasidir.
Ana shu ehtiyoj dunyo moliya tizimida umumiy «raqamlar tili»ni shakllantirdi. Bu — Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari, qisqacha MHXS, ingliz tilida esa International Financial Reporting Standards — IFRS deb ataladi. IFRS Foundation ma’lumotiga ko‘ra, 140 dan ortiq yurisdiksiyada barcha yoki aksariyat ommaviy kompaniyalardan ushbu standartlar asosida hisobot tayyorlash talab etiladi. MHXS moliyaviy axborotni bir xil mantiq asosida tuzish, uni tushunarli, taqqoslanadigan va ishonchli qilishga xizmat qiladi.
Bunda bir muhim jihatni tushunish lozim: MHXS har bir davlatdagi barcha korxonalar bir kunda bir xil tartibda hisob yuritadi, degani emas. Turli mamlakatlarda standartlarni qo‘llash doirasi va majburiyligi farq qilishi mumkin. Ammo yirik, jamoatchilik manfaatiga daxldor va kapital bozorida ishtirok etuvchi kompaniyalar uchun xalqaro talablarga mos hisobot tobora umumiy qoidaga aylanmoqda. Chunki yagona hisobot tili axborotdagi noaniqlikni kamaytiradi, investor bilan kompaniya o‘rtasidagi ma’lumot tafovutini qisqartiradi va iqtisodiy qarorlarni asosli qabul qilish imkonini kengaytiradi.
O‘zbekiston ham moliyaviy hisobot tizimini ana shu xalqaro muhitga izchil moslashtirib bormoqda. Bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri 2025-yil 15-sentabrda qabul qilingan Prezidentning «Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-282-son qarori bo‘ldi. Hujjat 2025-yil 17-dekabrdan kuchga kirgan bo‘lib, unda MHXSni joriy etish, milliy qonunchilikni unga muvofiqlashtirish, korxonalarga uslubiy ko‘mak ko‘rsatish, kadrlar tayyorlash va moliyaviy hisobot sifatini oshirish bo‘yicha tizimli vazifalar belgilangan.
Mazkur qarorni faqat buxgalteriya hisobvaraqlarini o‘zgartirishga qaratilgan texnik hujjat sifatida qabul qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. U moliyaviy hisobot, audit, korporativ boshqaruv, soliq munosabatlari, mutaxassislar malakasi va jamoatchilikka axborot berish tizimini bir-biri bilan bog‘liq holda takomillashtirishni nazarda tutadi. Ya’ni islohotning maqsadi shunchaki hisobot shaklini almashtirish emas, balki raqamlarning ortida turgan iqtisodiy voqelikni to‘g‘ri va shaffof ko‘rsatishdir.
Qaror bilan O‘zbekiston amaliyotiga «jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar» tushunchasi kiritildi. Xalqaro amaliyotda ular Public Interest Entities, qisqacha PIE deb yuritiladi. Nomi biroz murakkab tuyulsa-da, mohiyati oddiy: faoliyat turi, aktivlarining miqdori, iqtisodiy va ijtimoiy ta’siri hamda keng doiradagi manfaatdor tomonlarga egaligi sababli jamiyat uchun alohida ahamiyat kasb etadigan tadbirkorlik subyektlari shu toifaga kiritiladi.
Bunday tashkilotlarning aniq doirasi faqat korxonaning katta yoki kichikligi bilan belgilanmaydi. Uning qanday sohada ishlashi, kimlarning mablag‘larini boshqarishi, qancha inson va tashkilot manfaatiga ta’sir ko‘rsatishi ham hisobga olinadi. Shu ma’noda, banklar, sug‘urta tashkilotlari, yirik korxonalar va keng jamoatchilik mablag‘lari bilan bog‘liq boshqa subyektlar jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar qatoriga kirishi mumkin. Biroq aniq mezonlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda belgilanadi.
Nega bunday korxonalarga nisbatan alohida talab zarur? Chunki yirik yoki jamoatchilik mablag‘lari bilan ishlovchi tashkilot hisobotidagi jiddiy xato faqat uning rahbariyati va mulkdorlariga ta’sir qilmaydi. Bu xato aksiyadorlar, omonatchilar, sug‘urta qildiruvchilar, kreditorlar, xodimlar, davlat budjeti va hatto butun tarmoq barqarorligiga zarar yetkazishi mumkin. Masalan, aholining omonatlarini qabul qiladigan moliya tashkiloti o‘z majburiyatlarini to‘liq ko‘rsatmasa, bu oddiy buxgalterlik kamchiligi emas, balki jamoatchilik ishonchiga ta’sir qiluvchi muammoga aylanadi.
Shu sababli jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlardan moliyaviy hisobotni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, mustaqil auditdan o‘tkazish va jamoatchilikka e’lon qilish talab etiladi. Bu yerda asosiy qoida oddiy: korxonaning jamiyatga ta’siri qanchalik katta bo‘lsa, uning hisobdorligi va shaffofligi ham shunchalik yuqori bo‘lishi kerak.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestri elektron shaklda yuritiladi. Belgilangan mezonlarga javob beradigan tashkilotlar har yili 1-iyulga qadar reyestrga kiritilib, ma’lumotlar Hukumat portali va Ochiq ma’lumotlar portalida joylashtirilishi kerak. Demak, qaysi tashkilotlar kuchaytirilgan moliyaviy hisobot va audit talablariga rioya qilishi lozimligi ochiq axborotga aylanadi.
Biroq tashkilot reyestrga kiritilishi bilan ertasi kuniyoq barcha jarayonlar o‘zgarib ketmaydi. Hujjatda bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmi nazarda tutilgan. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilot reyestrga kiritilgan yildan keyingi yilning 1-yanvaridan MHXS asosida buxgalteriya hisobini tashkil etadi. Keyingi, ya’ni ikkinchi yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotni MHXS asosida tuzadi, auditdan o‘tkazadi va e’lon qiladi. Qonunchilikda MHXSga o‘tishning ertaroq muddati belgilangan tashkilotlar bundan mustasno. Bu tartib korxonaga hisob siyosati, axborot tizimlari, ma’lumotlar bazasi va xodimlar malakasini yangi talablarga tayyorlash uchun vaqt beradi.
Islohotning yana bir muhim yo‘nalishi barqarorlikka oid ma’lumotlarni ochiqlash bilan bog‘liq. An’anaviy buxgalteriya kompaniyaning daromadi, xarajati, aktivlari, qarzlari va pul oqimlarini ko‘rsatadi. Ammo zamonaviy investor uchun faqat o‘tgan yilda olingan foyda yetarli ma’lumot emas. U kompaniyaning kelajakdagi barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadigan ekologik, ijtimoiy va boshqaruv omillarini ham bilishni istaydi.
Masalan, korxona suv tanqisligi yuqori bo‘lgan hududda ishlasa, suvdan foydalanish bilan bog‘liq xavf uning kelgusi xarajatlariga ta’sir qilishi mumkin. Ko‘p energiya sarflaydigan kompaniya uchun energiya narxining oshishi yoki uglerod chiqindilariga nisbatan yangi talablar moliyaviy xavf tug‘diradi. Xodimlar xavfsizligiga yetarli e’tibor bermaslik esa jarimalar, ishlab chiqarishdagi uzilishlar va obro‘ga putur yetishiga olib kelishi mumkin. Demak, ekologik va ijtimoiy masalalar moliyadan alohida mavzu emas — ular korxonaning kelajakda daromad olish qobiliyatiga ta’sir qiluvchi iqtisodiy omillardir.
Ana shu yondashuv asosida IFRS Sustainability Disclosure Standards — barqarorlikka oid moliyaviy ma’lumotlarni oshkor etish xalqaro standartlari ishlab chiqilgan. Ularning vazifasi kompaniya haqidagi ekologik yoki ijtimoiy ma’lumotlarni shunchaki ijobiy shiorlar shaklida emas, balki investor qaror qabul qilishi uchun zarur bo‘lgan aniq, izchil va taqqoslanadigan axborot sifatida taqdim etishdir. Jumladan, IFRS S1 standarti tashkilotdan barqarorlik bilan bog‘liq xavf va imkoniyatlar, ularni boshqarish hamda belgilangan maqsadlarga erishish natijalari haqida ma’lumot ochishni talab qiladi.
PQ-282-son qarorda jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar tomonidan barqarorlikka oid ma’lumotlarni oshkor etish xalqaro standartlarini 2027-yil 1-yanvardan joriy qilish belgilangan. Bu yirik kompaniyalar kelgusida faqat «qancha daromad oldik?» degan savolga emas, balki «faoliyatimizga qanday ekologik va ijtimoiy xavflar ta’sir qilmoqda?», «ularni qanday boshqaryapmiz?» va «bu omillar kelgusi moliyaviy natijalarga qanday ta’sir etishi mumkin?» degan savollarga ham javob berishi lozimligini anglatadi.
Bu yerda barqarorlik hisoboti bilan «yashil buxgalteriya» tushunchasini bir xil deb qabul qilmaslik kerak. Ular o‘zaro bog‘liq, ammo aynan bir narsa emas. Barqarorlik standartlari investorlar uchun muhim bo‘lgan ekologik, ijtimoiy va boshqaruv xavflari hamda imkoniyatlarini ochib berishga qaratilgan. «Yashil buxgalteriya» esa atrof-muhitni muhofaza qilish xarajatlari, tabiiy resurslardan foydalanish va ekologik ta’sirlarni hisobda qanday aniqlash, baholash va aks ettirish masalalarini qamrab oladi.
Qarorda jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarning ekologik xarajatlarini aniqlash, hisobga olish va hisobotda ko‘rsatish usullarini nazarda tutuvchi «yashil buxgalteriya» amaliyoti bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Demak, bu yo‘nalishda huquqiy va uslubiy mexanizmlar bosqichma-bosqich shakllantiriladi. Shuning uchun «2027-yildan barcha kompaniyalar tabiatga yetkazgan zararini to‘liq pulda hisoblay boshlaydi» degan xulosa hozircha to‘g‘ri emas. Aniq talablar tegishli normativ hujjatlar va uslubiy qoidalar asosida belgilab boriladi.
Tadbirkorlarni uzoq vaqtdan beri qiynab kelayotgan masalalardan yana biri buxgalteriya hisobi va soliq hisobi o‘rtasidagi farqdir. Korxona buxgalteriya hisobida muayyan daromad yoki xarajatni bir davrda tan olishi, soliq qonunchiligi esa uni boshqa tartibda hisobga olishni talab qilishi mumkin. Natijada bir xo‘jalik operatsiyasi bo‘yicha ikki xil yondashuv paydo bo‘ladi. Bu esa qo‘shimcha hisob-kitob, ko‘proq vaqt va xato qilish xavfini keltirib chiqaradi.
PQ-282-son qaror buxgalteriya hisobi bilan soliq hisobini bir-biriga muvofiqlashtirish, ular o‘rtasidagi farqlarni hisob-kitoblar va tushuntirishlar orqali ochiq ko‘rsatish hamda tadbirkorlarga huquqiy va uslubiy yordam berish vazifalarini belgilagan. Shu bilan birga, bu ikki tizim butunlay birlashib, buxgalteriyadagi har bir raqam avtomatik ravishda soliq hisobida ham xuddi shunday qabul qilinadi, degani emas. Buxgalteriya hisobining vazifasi korxonaning moliyaviy holati va natijalarini haqqoniy ko‘rsatish bo‘lsa, soliq hisobining vazifasi qonunchilik asosida soliq majburiyatlarini aniqlashdir. Islohotning maqsadi ular o‘rtasidagi farqlarni yo‘qqa chiqarishdan ko‘ra, farqlarni tushunarli, asoslangan va boshqariladigan holatga keltirishdir.
Xalqaro standartlarga o‘tish faqat yangi qoidani tasdiqlash bilan amalga oshmaydi. MHXSni to‘g‘ri qo‘llaydigan buxgalter, hisobotni xolis tekshiradigan auditor, raqamlarni tahlil qiladigan mutaxassis va bu jarayonni tushunadigan rahbar kerak. Aks holda, xalqaro standart nomi bilan tayyorlangan hisobot mazmunan eski yondashuvda qolib ketishi mumkin.
Shu sababli qarorda kadrlar malakasini oshirishga alohida e’tibor berilgan. Jumladan, 2026–2028-yillarda MHXS bo‘yicha xalqaro sertifikatlash imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarning dastlabki ro‘yxatdan o‘tish va imtihon xarajatlarini respublika budjeti hisobidan qoplash nazarda tutilgan. Ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish, buxgalterlar va auditorlar uchun kasbiy sertifikatlash tizimini takomillashtirish ham belgilangan. Bu choralar buxgalter kasbini oddiy hisob-kitob yurituvchi vazifasidan moliyaviy axborot sifati uchun mas’ul bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Xo‘sh, bularning barchasi oddiy fuqaroga nima beradi? Bir qarashda MHXS, audit, reyestr va barqarorlik hisoboti faqat buxgalterlar, auditorlar yoki yirik kompaniyalarga tegishlidek ko‘rinadi. Aslida esa moliyaviy hisobot sifati butun iqtisodiyotdagi ishonch muhitiga ta’sir ko‘rsatadi.
Bank kredit berishdan avval korxonaning moliyaviy holatini baholaydi. Investor sarmoya kiritishdan oldin uning foydasi, qarzlari va kelajakdagi xavflarini o‘rganadi. Aksiyador rahbariyat o‘z mablag‘idan qanday foydalanayotganini bilishni istaydi. Davlat esa iqtisodiyotdagi tizimli xavflarni kuzatishi kerak. Agar ushbu tomonlarning barchasi bir xil qoidalar asosida tayyorlangan ishonchli axborotga ega bo‘lsa, qaror qabul qilish sifati oshadi.
IFRS Foundation xalqaro standartlarning asosiy afzalliklari sifatida moliyaviy axborot shaffofligini oshirish, kompaniyalar bilan investorlar o‘rtasidagi axborot tafovutini kamaytirish va kapitalni istiqbolli yo‘nalishlarga samarali taqsimlash imkonini qayd etadi. Standartlar kompaniyaning kapital jalb qilish xarajatlarini kamaytirishga ham ko‘maklashishi mumkin. Biroq MHXSga o‘tishning o‘zi avtomatik ravishda mamlakat reytingi oshishi, kreditlar arzonlashishi yoki investitsiyalar keskin ko‘payishini kafolatlamaydi. Natija standartlarning amalda qanchalik sifatli qo‘llanilishi, audit mustaqilligi, korporativ boshqaruv, sud-huquq tizimi va investorlar huquqlarining himoya qilinishiga ham bog‘liq.
Shunga qaramay, ishonchli moliyaviy hisobot iqtisodiy taraqqiyot uchun zarur poydevorlardan biridir. U investorga O‘zbekistondagi korxonani boshqa davlatdagi kompaniya bilan solishtirish imkonini beradi. Bank va kreditor uchun xavfni to‘g‘ri baholashni yengillashtiradi. Korxona rahbariyatiga esa o‘z aktivlari, xarajatlari va majburiyatlarini chuqurroq tahlil qilish imkonini yaratadi. Natijada hisobot faqat davlat organiga topshiriladigan majburiy hujjat emas, balki boshqaruv qarorlarini qabul qilish vositasiga aylanadi.
Xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlangan hisobot kompaniyaning barcha muammolarini yashirmaydi, aksincha, ularni ertaroq ko‘rish imkonini beradi. Bu dastlab korxona uchun noqulay tuyulishi mumkin. Masalan, ayrim aktivlarning qiymatini pasaytirish, ehtimoliy zararlar uchun zaxira shakllantirish yoki yashirin majburiyatlarni tan olishga to‘g‘ri keladi. Ammo haqiqiy holatni kech bilishdan ko‘ra, uni o‘z vaqtida ko‘rish va chora ko‘rish korxona uchun ancha foydali. Shaffoflikning qiymati ham shunda: u muammoni bezab ko‘rsatmaydi, balki uni boshqarishga yordam beradi.
O‘zbekiston buxgalteriyasining xalqaro «raqamlar tili»ga o‘tishi shu jihatdan oddiy texnik islohot emas. Bu mamlakat iqtisodiyotini xalqaro kapital bozoriga tushunarli qilish, korxonalarning hisobdorligini oshirish, investorlar uchun axborot xavfini kamaytirish va boshqaruv madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan strategik jarayondir.
Bu yo‘l oson emas. Korxonalar axborot tizimlarini o‘zgartirishi, xodimlarni o‘qitishi, hisob siyosatini qayta ko‘rib chiqishi, auditorlik sifati va ichki nazoratni kuchaytirishi kerak bo‘ladi. Ayrim hollarda hisobotda avval ko‘rinmagan zararlar yoki xavflar ham ochilishi mumkin. Ammo aynan shu ochiqlik uzoq muddatda barqaror va ishonchli iqtisodiyotni shakllantiradi.
Raqamlar hamma uchun bir xil tushunarli, taqqoslanadigan va tekshirish mumkin bo‘lgandagina haqiqiy iqtisodiy axborotga aylanadi. Moliyaviy hisobot tilini o‘zgartirish shu ma’noda faqat buxgalteriya sohasining vazifasi emas. Bu O‘zbekistonning global iqtisodiyotga «Biz o‘z natijalarimizni ochiq ko‘rsatishga, ular uchun javob berishga va umumiy qoidalar asosida ishlashga tayyormiz», deb murojaat qilishining zamonaviy usulidir.
Pardayeva Shahnoza Abdinabiyevna,Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «Bank hisobi va auditi» kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari doktori (DSc)
Pardayeva Zulfizar Alimovna,Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «Moliyaviy hisob va hisobot» kafedrasi dotsenti
boshqaruvchi Iyul 2, 2025 0 39
boshqaruvchi Iyun 27, 2025 0 24
Moderator aprel 28, 2025 0 63
boshqaruvchi Iyun 19, 2026 0 53
boshqaruvchi Iyun 16, 2026 0 44
Moderator Iyun 16, 2026 0 37
Moderator Iyul 1, 2026 0 34
boshqaruvchi Iyun 30, 2026 0 21
boshqaruvchi dekabr 15, 2025 0 23