RAQAMLI IQTISODIYOT SHAROITIDA KIBERJINOYATLARGA QARSHI KURASH: IQTISODIY XAVFSIZLIK VA INSTITUTSIONAL ISLOHOTLAR ZARURATI

mart 17, 2026 - 16:49
 0  10
RAQAMLI IQTISODIYOT SHAROITIDA KIBERJINOYATLARGA QARSHI KURASH: IQTISODIY XAVFSIZLIK VA INSTITUTSIONAL ISLOHOTLAR ZARURATI

Joriy yil 12-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi. Mazkur masala bugungi kunda nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib, internet foydalanuvchilari soni 31 milliondan oshgani, shundan 14 millioni ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etayotgani kuzatilmoqda. Bu esa, bir tomondan, iqtisodiy faollikni oshirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yangi turdagi xavf-xatarlarni ham yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, kiberjinoyatlar sonining so‘nggi olti yilda 48 baravarga oshgani, firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi va o‘g‘irliklarning 76 foizi aynan kibermakonda sodir etilayotgani ushbu sohaning dolzarbligini keskin oshirmoqda.

Mazkur jarayonning iqtisodiy jihatlari alohida e’tiborga loyiq. Kiberjinoyatlar natijasida yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshgani, shuningdek, bank tizimidagi zaifliklar sababli 3025 nafar mijozga 17 milliard so‘m zarar yetkazilgani iqtisodiy xavfsizlik tizimida jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatadi. Bu holat moliyaviy bozorlar ishonchliligiga putur yetkazib, investitsion muhitga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki raqamli iqtisodiyotda ishonch — eng muhim kapital hisoblanadi.

Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar aynan shu muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan. Xususan, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, “moliyaviy piramida” kabi firibgarlik sxemalariga qarshi qat’iy choralar ko‘rish, shuningdek, fuqarolarning o‘z elektron vositalaridan foydalanishda shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar muhim institutsional o‘zgarishlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bu yerda muhim jihatlardan biri — iqtisodiy agentlar o‘rtasidagi javobgarlik taqsimotini qayta ko‘rib chiqishdir. Takliflarga ko‘ra, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va boshqa moliyaviy tashkilotlar o‘z tizimlaridagi xavfsizlik zaifliklari natijasida yuzaga kelgan zarar uchun javobgar bo‘lishi belgilanishi kutilmoqda. Bu esa bozor ishtirokchilarini kiberxavfsizlikka investitsiyalarni oshirishga undaydi va umumiy tizim barqarorligini mustahkamlaydi.

Shuningdek, yuridik shaxslar uchun axborot xavfsizligi talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi ham muhim iqtisodiy mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi. Bu orqali korxonalar o‘z axborot tizimlarini zamonaviy tahdidlarga mos ravishda takomillashtirishga majbur bo‘ladi. Natijada, raqamli infratuzilmaning umumiy xavfsizlik darajasi oshadi.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari ham iqtisodiy barqarorlik bilan bevosita bog‘liq. Noqonuniy faoliyatlar, jumladan, yashirin janglar, noqonuniy moliyaviy operatsiyalar yoki jinoiy uyushmalar faoliyati iqtisodiyotning “soya sektori”ni kengaytirib, davlat byudjetiga tushumlarning kamayishiga olib keladi. Shu bois, bunday jinoyatlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy siyosatning ham muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

Mazkur tashabbuslarning yana bir muhim jihati — preventiv yondashuvni kuchaytirishdir. Ya’ni, jinoyat sodir etilgandan keyin jazolash emas, balki uni oldindan aniqlash va oldini olish tizimini yaratish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada sun’iy intellekt, big data tahlillari va raqamli monitoring tizimlaridan foydalanish istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish masalasi bugungi kunda faqat huquqni muhofaza qilish organlari vakolatiga tegishli emas, balki butun iqtisodiy tizim barqarorligi bilan uzviy bog‘liqdir. Raqamli iqtisodiyot sharoitida xavfsizlikni ta’minlash — bu investitsion muhitni yaxshilash, moliyaviy tizimga ishonchni mustahkamlash va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim omilidir. Shu bois, ilgari surilgan takliflar nafaqat jinoyatchilikka qarshi kurashish, balki yangi iqtisodiy tartibot — xavfsiz va ishonchli raqamli makonni shakllantirishga xizmat qiladi.

Zakir  ALLABERGANOV
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
"Iqtisodiyot nazariyasi" kafedrasi dotsenti