YOSHLAR TADBIRKORLIGINI RIVOJLANTIRISH: IMKONIYATLAR VA MUAMMOLAR

may 18, 2025 - 06:27
Iyul 6, 2025 - 06:29
 0  5
YOSHLAR TADBIRKORLIGINI RIVOJLANTIRISH: IMKONIYATLAR VA MUAMMOLAR

Bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar asrida yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatida yoshlar qatlamining faolligi – har qanday davlatning barqaror rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Shu bois, ko‘plab mamlakatlar, jumladan O‘zbekiston ham yoshlar tadbirkorligini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi, “Har bir oila – tadbirkor” va “Yoshlar daftari” kabi loyihalar yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish borasida muhim qadamlar bo‘ldi. Xususan, yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish, biznes rejalar tuzishda maslahatlar berish, startap loyihalarini moliyalashtirish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Yoshlar tadbirkorligining rivojlanishiga quyidagi imkoniyatlar turtki bo‘lmoqda: birinchidan, davlat tomonidan yaratilayotgan huquqiy va iqtisodiy sharoitlar, jumladan soliq yengilliklari va grant dasturlari; ikkinchidan, raqamli texnologiyalar va internet tarmog‘i orqali tadbirkorlik faoliyatini yuritish imkoniyatlarining kengayishi; uchinchidan, ta’lim muassasalarida tadbirkorlikka oid maxsus kurslar va treninglar tashkil etilishi.

Shuningdek, ishonch bilan shuni aytishim mumkinki, yoshlar o‘z g‘oyalari asosida innovatsion startaplar yaratish orqali nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, axborot texnologiyalari, e-commerce, agrostartaplar, “green business” yo‘nalishlarida yoshlar ishtiroki yildan-yilga ortmoqda.

Biroq, bu borada muammolar ham mavjud. Birinchidan, ko‘plab yoshlar tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur moliyaviy resurslarga ega emas. Imtiyozli kreditlar berilsa-da, ularni olishdagi byurokratik to‘siqlar, garov talablarining qattiqligi, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi murakkabliklar ko‘plab yoshlarni ortga qaytaradi. Ikkinchidan, tajriba va bilim yetishmasligi, bozor mexanizmlarini to‘liq tushunmaslik, marketing va moliyaviy boshqaruv ko‘nikmalarining pastligi ham yosh tadbirkorlar uchun muammo hisoblanadi.

Yana bir muhim muammo – bu ma’lumot yetishmasligi. Ko‘plab yoshlar mavjud imkoniyatlar, imtiyozlar, dasturlar va qo‘llab-quvvatlov mexanizmlaridan xabardor emas. Bu esa ular tomonidan mavjud resurslardan samarali foydalanishni cheklaydi.

Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin: birinchidan, yoshlar tadbirkorligiga doir axborot resurslarini markazlashtirish, masalan, “Yosh tadbirkorlar portali” kabi platformalarni yaratish. Ikkinchidan, maktabdan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlarda tadbirkorlikka oid majburiy fanlar va amaliyotlar joriy etilishi kerak. Uchinchidan, yoshlar uchun moliyaviy savodxonlik, biznes-reja tuzish, marketing asoslari kabi mavzularni qamrab oluvchi bepul trening va master-klasslar muntazam o‘tkazilishi lozim. To‘rtinchidan, yoshlarning g‘oyalarini moliyalashtirish uchun soddalashtirilgan va tezkor grant mexanizmlari ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish – bu nafaqat yoshlarning bandligini ta’minlash, balki ularning jamiyatdagi faolligi va mas’uliyatini oshirish orqali barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishdir. Bu borada davlat siyosatining davomiyligi, ta’lim va moliyaviy tizimlarning moslashuvchanligi, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston yoshlarining salohiyati va g‘ayrati mavjud imkoniyatlar bilan uyg‘unlashsa, u holda kelajakda zamonaviy, innovatsion va raqobatbardosh iqtisodiyot poydevorini yaratish mumkin bo‘ladi.

 

Musayev Ozodjon Shavkat o‘g‘li
PhD, “Biznes boshqaruvi” kafedrasi katta o‘qituvchisi, 
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti