Muhandislik oyligi doirasida raqamli innovatsiyalar va ilm-fan integratsiyasi

aprel 21, 2025 - 10:46
aprel 21, 2025 - 11:05
 0  7

Joriy yil 17-aprel kuni Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti tomonidan “INNO” Innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki bilan hamkorlikda “Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va innovatsion muhandislik yechimlari: zamonaviy tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Mazkur anjuman Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024–yil 27–dekabrdagi 490–son buyrug‘i ijrosini ta’minlash, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2025–yil aprel oyining “Muhandislik oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Jumayev Nodir Hosiyatovich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Maxkamov Otabek Muxtarovich, “INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki bosh direktori Sultanov Mansurbek Qilichovich, IT Park rezidentlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Xudayev Lazizbek Ibrohimovich, shuningdek, mamlakatimiz hamda Janubiy Koreya davlatlaridan nufuzli olim va mutaxassislar ishtirok etdilar.

Ilmiy-amaliy anjumanda 100 dan ortiq olim va mutaxassislar ishtirok etib, zamonaviy muhandislik yechimlari, raqamli texnologiyalarni joriy etish, innovatsion loyihalarning amalga oshirilishi kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Anjuman doirasida 120 dan ortiq ilmiy maqola taqdim etilib, shoʻbalar kesimida seminar-treninglar ham tashkil etildi.

Mazkur tadbir davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalarining innovatsion rivojlanish, ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirishi hamda fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga qaratilgan muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.