YANGI AVTOMAGISTRAL — IQTISODIY OʻSISH VA XALQ FAROVONLIGIGA XIZMAT QILUVCHI STRATEGIK LOYIHA

Iyul 30, 2026 - 17:54
 0  8
YANGI AVTOMAGISTRAL — IQTISODIY OʻSISH VA XALQ FAROVONLIGIGA XIZMAT QILUVCHI STRATEGIK LOYIHA

Zamonaviy transport infratuzilmasi har qanday davlatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini taʼminlaydigan asosiy omillardan biridir. Sifatli avtomobil yoʻllari hududlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yuk va yoʻlovchi tashish xarajatlarini kamaytirish, investitsiyalarni jalb etish hamda eksport salohiyatini oshirishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois Oʻzbekistonda transport-logistika tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Toshkent–Samarqand yoʻnalishida barpo etilayotgan yangi pullik avtomagistral ana shu strategiyaning yirik va istiqbolli loyihalaridan hisoblanadi.

2026-yil 22-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumaniga tashrif buyurib, mazkur avtomagistral qurilishiga tamal toshini qoʻydi. Marosimda davlatimiz rahbari ushbu loyiha mamlakat transport tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidlab, uni iqtisodiy taraqqiyot va xalq farovonligiga xizmat qiladigan muhim infratuzilma sifatida baholadi.

Mazkur loyiha mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi bilan uzviy bogʻliq. 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish maqsadi transport va logistika infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilishni talab etmoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyoti deyarli ikki barobar oʻsgani ishlab chiqarish, savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar hajmining ortishiga olib keldi. Bunday sharoitda zamonaviy avtomagistrallar iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlaydigan muhim infratuzilmaga aylanmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega qariyb 4 ming kilometr tranzit yoʻllar oʻtadi. Ularning 30 foizi toʻliq quvvatda ishlayotgan boʻlsa, yana 25 foizi ortiqcha yuklama bilan foydalanilmoqda. Bu esa mavjud transport tarmoqlarini kengaytirish va xalqaro standartlarga javob beradigan yangi avtomagistrallarni barpo etish zarurligini koʻrsatadi.

Qiymati 2,2 milliard dollar, uzunligi 282 kilometr boʻlgan Toshkent–Samarqand avtomagistrali Oʻzbekiston tarixidagi ilk eng yuqori toifadagi zamonaviy pullik avtomobil yoʻli boʻladi. Loyiha doirasida olti polosali magistral qurilib, fuqarolar mavjud bepul yoʻldan yoki yangi pullik avtomagistraldan foydalanishni oʻzlari tanlash imkoniyatiga ega boʻladi. Qurilishning birinchi bosqichi Xitoyning China Overseas Engineering Construction (COVEC) kompaniyasi tomonidan EPC modeli asosida amalga oshiriladi. Kelgusida yoʻlni boshqarish va ekspluatatsiya qilishning zamonaviy mexanizmlari joriy etilishi rejalashtirilgan.

Yangi avtomagistral Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi aholisi 2 milliondan ortiq boʻlgan 13 ta tuman hududidan oʻtadi. Loyiha doirasida 92 ta koʻprik, 28 ta yoʻl oʻtkazgich, 60 ta tunnel tipidagi oʻtish joyi hamda boshqa zarur muhandislik inshootlari quriladi. Yoʻl qoplamasi ogʻir yuk avtomobillari va yuqori tezlikdagi harakatga mos monolit beton asosida barpo etiladi. Tekis hududlarda transport vositalari soatiga 150 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Raqamli boshqaruv va zamonaviy xavfsizlik tizimlari esa yoʻl harakati xavfsizligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Loyihaning iqtisodiy samarasi ham salmoqli boʻlishi kutilmoqda. Toshkentdan Samarqandga borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Magistral sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini qabul qila oladi. Yuk tashish tannarxi 20–24 foizga kamayishi meva-sabzavot, goʻsht, sut mahsulotlari va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga tezroq yetkazib berish imkonini yaratadi. Jahon banki tahlillariga koʻra, infratuzilmaga yoʻnaltirilgan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga 5 barobargacha iqtisodiy samara keltiradi. Hisob-kitoblarga koʻra, yangi avtomagistral yoʻl oʻtadigan toʻrtta viloyatning yalpi hududiy mahsulotini qariyb 3 foizga oshirishga xizmat qiladi.

Loyiha Oʻzbekistonning xalqaro transport yoʻlaklaridagi oʻrnini ham mustahkamlashi kutilmoqda. "Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston" temir yoʻli hamda Transafgʻon transport yoʻlagi bilan uygʻunlashgan holda mamlakatimiz Tinch okeanidan Yevropagacha boʻlgan eng qisqa quruqlik yoʻnalishining muhim boʻgʻinlaridan biriga aylanishi mumkin. Tahlillarga koʻra, yiliga qoʻshimcha 15–20 million tonna tranzit yukni qabul qilish 400–600 million dollar daromad keltirishi, logistika markazlari va terminallarni rivojlantirish uchun 3 milliard dollar investitsiya jalb etishi hamda 50 mingta yangi ish oʻrni yaratishga xizmat qilishi mumkin. Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonning mintaqadagi tranzit yuk aylanmasidagi ulushi 1–2 foiz atrofida ekani esa ushbu salohiyatdan yanada samarali foydalanish zarurligini koʻrsatadi.

Yangi avtomagistral hududlar iqtisodiyotiga ham kuchli turtki beradi. Yoʻl boʻylab logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, servis hamda turizm obyektlarining barpo etilishi yangi ish oʻrinlari yaratish, xizmatlar sektorini kengaytirish va mahalliy budjet daromadlarini oshirish imkonini beradi. Soʻnggi oʻn yil davomida mamlakatimizda 78 trillion soʻm mablagʻ evaziga 128 ming kilometr avtomobil yoʻllarida qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilgani yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish izchil davom etayotganidan dalolat beradi. Toshkent–Samarqand avtomagistrali esa ushbu islohotlarning yangi bosqichini boshlab beradi.

Loyiha xalqaro sifat, xavfsizlik va ekologik standartlar asosida amalga oshirilib, 2030-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur avtomagistral faqat yangi yoʻl emas, balki investitsiyalar oqimini jadallashtirish, hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, logistika xarajatlarini kamaytirish va aholining turmush sifatini oshirishga xizmat qiladigan strategik infratuzilma loyihasidir. Shu jihatdan u Oʻzbekistonning transport-logistika salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadigan va uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiladigan muhim omillardan biri boʻlib qoladi.

Valiyeva Sayyora Xushbakovna,
TDIU, "Soliq va soliqqa tortish" kafedrasi dotsenti (PhD)