Yashil obligatsiyalar: Oʻzbekistonda rivojlanish istiqbollari

Iyun 24, 2026 - 12:50
 0  3
Yashil obligatsiyalar: Oʻzbekistonda rivojlanish istiqbollari

Iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit bilan bogʻliq muammolar XXI asrda jahon hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Ushbu muammolarni hal etishda siyosiy qarorlar, innovatsion texnologiyalar va xalqaro hamkorlik bilan bir qatorda moliyaviy mexanizmlar ham muhim oʻrin tutadi. Aynan shu jarayonda “yashil moliyalashtirish” tushunchasi global moliya tizimida yangi yoʻnalish sifatida shakllanmoqda.

Yashil moliyalashtirishning eng muhim vositalaridan biri yashil obligatsiyalar hisoblanadi. Ular atrof-muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, ekologik infratuzilmani modernizatsiya qilish va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qiladi. Shu jihatdan yashil obligatsiyalar nafaqat moliyaviy instrument, balki barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning samarali vositasi sifatida ham eʼtirof etilmoqda.

Yashil obligatsiyalar bozori 2007-yilda Yevropa Investitsiya Banki tomonidan birinchi “Climate Awareness Bond” chiqarilishi bilan boshlangan. Jahon banki esa 2008-yilda ushbu yoʻnalishga qoʻshildi. Shundan buyon mazkur bozor jadal surʼatlarda rivojlanib kelmoqda. Climate Bonds Initiative maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda yalpi yashil obligatsiyalar chiqarish hajmi taxminan 572 milliard AQSh dollariga yetib, soha tarixidagi eng yuqori yillik koʻrsatkichni qayd etdi. Bozor shakllanganidan buyon chiqarilgan yashil obligatsiyalarning umumiy hajmi 3 trillion dollardan oshdi. Yashil, ijtimoiy va barqarorlik obligatsiyalari birgalikda hisoblanganda esa bu koʻrsatkich 2025-yil oʻrtalariga kelib 6 trillion dollardan oshib ketdi.

Geografik jihatdan ushbu bozorda Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari yetakchilik qilmoqda. Xususan, Xitoy soʻnggi yillarda energetika va transport infratuzilmasini moliyalashtirish uchun yuz milliardlab dollarlik yashil obligatsiyalar chiqarib, qayta tiklanadigan energiya sohasida jahonda yetakchi davlatlardan biriga aylandi. Rivojlanayotgan mamlakatlar orasida ham mazkur moliyaviy vosita tobora ommalashmoqda. Hindiston, Braziliya va Janubiy Afrika yashil obligatsiyalar hisobiga energetika hamda shahar infratuzilmasini yangilash uchun salmoqli mablagʻlar jalb qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi ham soʻnggi yillarda barqaror rivojlanish va yashil iqtisodiyotga oʻtish yoʻlida qator muhim qadamlar qoʻymoqda. 2019-yil oktabrda qabul qilinib, 2022-yil dekabrda yangilangan “Yashil iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi” hamda Prezidentning 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” milliy rivojlanish strategiyasi mamlakatimizning ushbu yoʻnalishdagi ustuvor maqsadlarini aniq belgilab berdi.

Energetika sohasida Oʻzbekiston 2030-yilga qadar qayta tiklanadigan energiya manbalarining umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu koʻrsatkich avvalgi 25–40 foizlik maqsadlarga nisbatan sezilarli darajada yuqoridir. 2025-yil holatiga koʻra, ushbu ulush qariyb 23 foizni tashkil etmoqda. Demak, oldinda katta investitsion ehtiyoj mavjud boʻlib, bu yashil obligatsiyalar bozorini rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston 2021-yil oktabrda BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasiga yangilangan milliy hissasini taqdim etib, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari emissiyasi intensivligini 2010-yil darajasidan 35 foizga kamaytirish majburiyatini oldi. Bu esa mamlakatda ekologik barqarorlik, energiya samaradorligi va yashil iqtisodiyot tamoyillarini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash zaruratini yanada kuchaytiradi.

Mamlakatimizda yashil moliyalashtirish borasidagi dastlabki muhim qadam 2021-yilda qoʻyildi. Oʻsha yilning iyul oyida Oʻzbekiston BMT Taraqqiyot Dasturi ko‘magida mintaqada birinchi, dunyoda ikkinchi boʻlib Suveren SDG, yaʼni Barqaror rivojlanish maqsadlari obligatsiyasini chiqardi va u London fond birjasida savdoga qoʻyildi. Umumiy hajmi 870 million dollarga teng ushbu ikki transhli obligatsiya investorlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Uning bir qismi milliy valyuta — soʻmda nominallangani esa mamlakat moliya bozori uchun muhim yangilik boʻldi.

Ushbu yoʻnalishdagi izchil islohotlarning yorqin namunasi sifatida 2023-yil oktabrda Oʻzbekiston London fond birjasida 4,25 trillion soʻmlik birinchi yashil suveren yevroobligatsiyalarini joylashtirdi. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mintaqasidagi ilk yashil suveren obligatsiya boʻldi. Keyingi bosqichlarda Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan yashil moliyalashtirish vositalarini joriy etish boʻyicha bir qator meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Toshkent fond birjasini modernizatsiya qilish va xususiy sektorning kapital bozorlariga kirishini kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar esa yashil qimmatli qogʻozlar bozorining shakllanishi uchun muhim zamin yaratmoqda.

Oʻzbekistonda yashil obligatsiyalar bozorini rivojlantirish uchun bir qancha qulay sharoitlar mavjud. Birinchidan, mamlakat qayta tiklanadigan energiya resurslari boʻyicha katta salohiyatga ega. Quyosh nuri miqdori va shamol energetikasi imkoniyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Oʻrta Osiyoda yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi. Ikkinchidan, xalqaro moliya institutlari — Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — Oʻzbekistonning yashil loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini amalda namoyish etmoqda. Uchinchidan, mamlakatda moliya bozorlarini rivojlantirish va kapital bozorlariga xususiy sektorni kengroq jalb qilish boʻyicha islohotlar jadallashmoqda.

Shu bilan birga, ushbu yangi bozorni izchil mustahkamlash uchun eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan muhim jihatlar ham mavjud. Eng avvalo, yashil loyihalarni sertifikatlash va monitoring qilish tizimini toʻliq shakllantirish zarur. Xalqaro standartlar — Climate Bonds Standard va ICMA Green Bond Principles — talablariga mos keluvchi milliy tizimning yaratilishi investorlar ishonchini oshiradi. Bundan tashqari, investorlar, emitentlar va keng jamoatchilik orasida yashil obligatsiyalar haqidagi xabardorlikni kuchaytirish, ushbu vositaning iqtisodiy va ekologik afzalliklarini tushuntirish ham bozor samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda yashil obligatsiyalar bozorini rivojlantirish uchun bir necha strategik yoʻnalishda harakat qilish maqsadga muvofiq. Avvalo, Milliy yashil moliyalashtirish taksonomiyasini ishlab chiqish zarur. Bu qaysi loyihalar “yashil” hisoblanishi mezonlarini aniq belgilab beradi va sarmoyadorlar uchun huquqiy hamda iqtisodiy aniqlik yaratadi. Ikkinchi muhim yoʻnalish — soliq va moliyaviy ragʻbatlantirishlar tizimini joriy etishdir. Yashil obligatsiyalar boʻyicha foiz daromadlaridan soliq imtiyozlari yoki kafolat mexanizmlarining qoʻllanilishi xususiy investorlarni ushbu bozorga jalb qilishda kuchli vosita boʻlishi mumkin. Uchinchi yoʻnalish esa davlat kompaniyalari va yirik korxonalarni yashil obligatsiyalar chiqarishga yoʻnaltirishdan iborat. Bu bozorning dastlabki hajmini shakllantirish, investorlar ishonchini oshirish va korporativ sektorni yashil moliyalashtirishga faol jalb qilish imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, yashil obligatsiyalar nafaqat moliyaviy vosita, balki mamlakatning iqlim va barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi muhim katalizatordir. Oʻzbekiston uchun ushbu yoʻnalish bir vaqtning oʻzida uchta muhim vazifani hal qilishga yordam beradi: ekologik muammolarni yumshatish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va xalqaro kapital bozorlariga integratsiyalashish. Toʻgʻri siyosat, xalqaro hamkorlik va xususiy sektorning faol ishtiroki orqali Oʻzbekiston yashil obligatsiyalar sohasida mintaqada yetakchi oʻrinlardan birini egallashi mumkin. Zero, yashil moliyalashtirish nafaqat iqtisodiy, balki ekologik va ijtimoiy jihatdan ham barqaror kelajakni taʼminlashning ishonchli yoʻlidir.

Qorriyeva Shahnoza Safarboyevna,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Mehnat iqtisodiyoti” kafedrasi katta oʻqituvchisi