YASHIL MARKETING — BARQAROR IQTISODIY RIVOJLANISH OMILI

Iyun 26, 2026 - 14:22
 0  7
YASHIL MARKETING — BARQAROR IQTISODIY RIVOJLANISH OMILI

Dunyo hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri ekologik muammolarni bartaraf etish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashdir. Iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi, tabiiy resurslar zaxirasining kamayib borishi iqtisodiy rivojlanishga yangicha yondashuvni talab qilmoqda. Shu sababli so‘nggi yillarda dunyo mamlakatlari tomonidan yashil iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonda yashil marketing muhim vositalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Yashil marketing — bu korxonalarning ekologik xavfsiz mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish, targ‘ib qilish hamda iste’molchilarga yetkazib berishga qaratilgan marketing faoliyatidir. Uning asosiy maqsadi iqtisodiy manfaat va ekologik mas’uliyat o‘rtasida muvozanatni ta’minlashdan iborat. Bunda nafaqat mahsulot sifati va narxi, balki uning atrof-muhitga ta’siri ham muhim omil sifatida baholanadi.

Iste’molchilarning ekologik madaniyati oshib borayotgani yashil marketingning ahamiyatini yanada kuchaytirmoqda. Xaridorlar ekologik toza, energiya tejamkor va qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni tobora ko‘proq tanlamoqda. Natijada korxonalar ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik talablarni hisobga olishga intilmoqda. Bu esa nafaqat atrof-muhit muhofazasiga, balki korxonalarning uzoq muddatli raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi.

Yashil marketingning iqtisodiy ahamiyati shundaki, u resurslardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va yangi bozor imkoniyatlarini yaratishga yordam beradi. Energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash tizimlarini joriy etish korxonalar uchun qo‘shimcha iqtisodiy samaradorlik manbai hisoblanadi. Shu bilan birga, ekologik mas’uliyatli korxonalar iste’molchilar ishonchini qozonib, bozordagi mavqeini mustahkamlaydi.

Xorijiy davlatlar tajribasi ham yashil marketingning iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rnini yaqqol ko‘rsatadi. Jumladan, Germaniyada qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2024-yilda 275,2 teravatt-soatga yetib, bir yil ichida 4,4 foizga oshgan. Shundan shamol energiyasi 136,4 teravatt-soatni, quyosh energiyasi esa 72,2 teravatt-soatni tashkil etgan. Germaniya energetika tarmog‘i birlashmasi — BDEW ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda qayta tiklanuvchi manbalar mamlakat elektr energiyasi iste’molining qariyb 56 foizini qoplagan. Daniya va Shvetsiya Yevropada shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha yetakchi davlatlar sirasiga kiradi, Yaponiya esa quyosh energiyasini keng joriy etgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ushbu davlatlarda ekologik mas’uliyat korporativ boshqaruvning ajralmas qismiga aylangan bo‘lib, bu holat korxonalar va iste’molchilar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz Energetika vazirligining 2026-yil yanvar oyidagi hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobidan jami 16,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 29 foizga ko‘pdir. Shu jumladan, faqat quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan energiya hajmi bir yil ichida 2,1 baravarga oshib, 10,5 milliard kilovatt-soatga yetgan. Mazkur o‘sish hisobiga 3,2 milliard kubometr tabiiy gaz tejalgan va atmosferaga 4,7 million tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olingan. Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya agentligi — IRENA ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil holatiga mamlakatimizda o‘rnatilgan qayta tiklanuvchi energiya quvvati 5 166 megavattni, ya’ni umumiy energetik quvvatning 24,4 foizini tashkil etgan. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilga qadar 54 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishga bo‘lgan qiziqish ham ortib bormoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalarida ekologik standartlarga mos mahsulotlarni yaratish hamda ularni bozorga olib chiqish bo‘yicha ijobiy natijalar kuzatilmoqda. Bu esa milliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislarning fikricha, kelajak iqtisodiyoti yashil texnologiyalar va ekologik innovatsiyalar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli korxonalar ekologik mas’uliyat tamoyillarini o‘z faoliyatiga keng joriy etishi, yashil marketing strategiyalaridan samarali foydalanishi va iste’molchilarning ekologik madaniyatini rivojlantirishga hissa qo‘shishi zarur.

Xulosa qilib aytganda, yashil marketing nafaqat ekologik muammolarni hal etish vositasi, balki barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlovchi muhim omil ham hisoblanadi. U tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish, korxonalar raqobatbardoshligini oshirish hamda aholining turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Yuqorida keltirilgan xalqaro va milliy statistik ko‘rsatkichlar ushbu yo‘nalishning nafaqat ekologik, balki aniq iqtisodiy samara berishini ham tasdiqlaydi. Shu bois yashil marketing tamoyillarini keng joriy etish Yangi O‘zbekistonning barqaror va ekologik xavfsiz taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Matrizaeva Dilaram Yusupbaeyvna — dotsent, PhD
Kutbitdinova Mohigul Inoyatovna — i.f.n., dotsent
Marketing kafedrasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti