TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI - ACBSP XALQARO AKKREDITATSIYASIDAN MUVAFFAQIYATLI O‘TDI

Iyul 7, 2025 - 23:49
Iyul 16, 2025 - 02:19
 0  73
TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI - ACBSP XALQARO AKKREDITATSIYASIDAN MUVAFFAQIYATLI O‘TDI

Bugungi globallashuv va raqobat kuchayib borayotgan davrda har qanday davlatning taraqqiyoti ta’lim sifati va inson kapitalining rivojlanish darajasi bilan belgilanadi. Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatmoqda-ki, tabiiy resurslarga boy bo‘lmagan davlatlar ham intellektual salohiyat va zamonaviy bilimlar orqali taraqqiyot cho‘qqilariga erisha olmoqda. Bunga yorqin misollardan biri sifatida Yaponiyani keltirish mumkin. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda bu mamlakatda deyarli hech qanday tabiiy resurslar bo‘lmaganiga qaramay, ta’lim tizimi orqali intellektual salohiyat yuksaltirildi va bugungi kunda Yaponiya dunyoning eng ilg‘or texnologik davlatlaridan biriga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasida ham keyingi yillarda oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uning qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida  maktabgacha ta`lim qamrov darajasi ilgari 27 foiz atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 72 foizga, oliy ta`lim 9 dan 42 foizga yetdi. Ushbu keskin o‘sish ortida Hukumat tomonidan olib borilayotgan ulkan islohotlar va davlat rahbari tomonidan oliy ta’limga qaratilayotgan ustuvor e’tibor muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining AQSHning nufuzli ACBSP tashkiloti tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi — mamlakatimizda olib borilayotgan uzoq muddatli, izchil va sifatli ta’lim islohotlarining amaliy samarasidir. Bu nafaqat universitetning xalqaro maydondagi nufuzini oshiradi, balki butun O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining global akademik hamjamiyatga integratsiyalashayotganidan dalolat beradi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Menejment” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli tashkiloti — ACBSP (Accreditation Council for Business Schools and Programs — Biznes maktablari va dasturlarini akkreditatsiyalash kengashi) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Mazkur yutuq bilan universitet Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi bo‘lib ushbu tashkilot akkreditatsiyasini qo‘lga kiritdi.

 Xalqaro akkreditatsiya nima va u nimani anglatadi?

Oddiy qilib aytganda, xalqaro akkreditatsiya — bu ta’lim sifatining xalqaro darajada tan olinishi demakdir. Boshqacha aytganda, qandaydir mahsulotga “sifatli” yoki “ishonchli” degan sertifikat berilganidek, xalqaro akkreditatsiya ham universitetda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim yo‘nalishining yuqori sifatga ega ekanini e’tirof etadi.

 ACBSP tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim yo‘nalishi quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

 • o‘quv dasturlarining zamonaviyligi va dolzarbligi;

 • professor-o‘qituvchilar malakasi va ta’lim usullarining xalqaro talabga mosligi;

 • nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalar berilayotgani;

 • ichki ta’lim sifatni doimiy nazorat qilish tizimining mavjudligi.

Talabalar uchun qanday afzalliklar yaratadi?

1. Diplomning xalqaro nufuzi oshadi.

ACBSP akkreditatsiyasiga ega diplom AQSH va boshqa xorijiy davlatlardagi ish beruvchilar, universitetlar va tashkilotlar tomonidan tan olinadi.

2. Magistratura yoki ishga kirishda ustunlik beradi.

Bitiruvchilar xalqaro o‘quv muassasalariga ariza topshirishda yoki xorijdagi kompaniyalarda ish izlashda raqobatbardosh bo‘ladi.

3. Zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar egallanadi.

Fanlar va metodika xalqaro tendensiyalarga muvofiq takomillashtirilib boriladi, bu esa bitiruvchilarning mehnat bozoriga tayyor bo‘lib chiqishlariga xizmat qiladi.

4. Kadrlar iste’molchilarining ishonchi ortadi.

Ish beruvchilar ACBSP tomonidan tan olingan yo‘nalish bitiruvchilarini ishonch bilan ishga qabul qiladi, chunki ular yuqori sifatli ta’lim olgan bo‘ladi.

5. Ichki sifat nazorati tizimi barqaror ishlaydi.

Universitet o‘z ta’lim jarayonini xalqaro standartlar asosida muntazam baholab boradi. Bu esa ta’limning doimiy takomillashib borishiga xizmat qiladi.

ACBSP akkreditatsiyasi — global maydonga ochilgan eshik

Xalqaro akkreditatsiya — bu nafaqat o‘quv dasturining sifati e’tirof etilishi, balki talabalar uchun global mehnat bozori va xalqaro ilmiy muhitda raqobatbardosh bo‘lish imkonini beruvchi strategik resursdir. Bu jarayon ta’lim mazmunining zamonaviyligi, ilg‘or pedagogik yondashuvlar va natijaga yo‘naltirilgan o‘quv jarayoni mavjudligini ko‘rsatadi.

Shu jihatdan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Menejment” yo‘nalishi uchun ACBSP akkreditatsiyasini qo‘lga kiritish — talabalarga nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham keng imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim bosqich hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, universitetning ta’lim tizimi sifat jihatidan yuksalayotgani va global akademik hamjamiyatga tobora chuqur integratsiyalashayotganidan dalolatdir.

Qo‘shimcha ma’lumot:

Ma’lumot uchun, ACBSP tashkiloti 1989-yilda AQSHda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda biznes ta’limi dasturlarini akkreditatsiyalovchi yetakchi xalqaro tuzilmalardan biri hisoblanadi. Ushbu tashkilot tomonidan akkreditatsiyalangan har bir dastur sifatli ta’lim, global tan olinuvchanlik va chuqur ilmiy-amaliy yondashuv bilan kafolatlanadi.

Shuningdek, o‘tgan yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining moliya, bank ishi va audit, buxgalteriya hisobi va audit, iqtisodiyot hamda sug‘urta ishi kabi 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ham IAAR (Independent Agency for Accreditation and Rating) — Akkreditatsiya va reyting mustaqil agentligi tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro standartlarga muvofiq muvaffaqiyatli akkreditatsiyadan o‘tkazilgan edi.

 

G‘ulomjon Nazarov
TDIU Axborot xizmati rahbari