MINTAQAVIY HAMKORLIK YO‘LIDA MUHIM QADAM: PREZIDENTIMIZNING OZARBAYJONDAGI IQTISODIY HAMKORLIK TASHKILOTINING 17-SAMMITIDAGI ISHTIROKI

Joriy yil 4-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitida ishtirok etdi.
Mazkur oliy tashrif nafaqat mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor strategik yo‘nalishlarini amalda namoyon etdi, balki xalqaro maydondagi mintaqaviy yetakchilik va faol diplomatik ishtirokimizni yanada mustahkamlab berdi. Sammit doirasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va xalq farovonligini ta’minlashda muhim omil sifatida e’tirof etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi faol ishtiroki, ochiq muloqotga asoslangan yondashuvi va kelajakni ko‘zlagan aniq takliflari xalqaro ekspertlar va ishtirokchi davlatlar tomonidan yuqori baholandi. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” nomli Konsepsiyani qabul qilish tashabbusi tashkilot faoliyatining uzoq muddatli yo‘nalishini belgilashda strategik ahamiyatga ega bo‘ldi.
Taklif etilgan iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlari zamonaviy dunyo iqtisodiyotining transformatsiyalanuvchi ehtiyojlariga mos keladi. Jumladan, innovatsiyalar, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar mintaqa davlatlarining iqtisodiy salohiyatini oshirish, yuqori texnologik yechimlarni joriy etish hamda raqobatbardoshlikni kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, tovar va xizmatlar savdosini erkinlashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish orqali savdo jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan ham konkret amaliy qadamlar taklif etildi. Jumladan, Toshkent shahrida savdo vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbusi nafaqat ikki tomonlama aloqalarni jonlantirish, balki ko‘p tomonlama iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashda asosiy poydevor bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha “yashil yo‘laklar” tizimini yaratish tashabbusi alohida e’tiborga loyiq. Bu tizim oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda, logistika zanjirlarini soddalashtirishda va ayniqsa, mintaqa aholisi turmush darajasini yaxshilashda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjondagi ishtiroki, shuningdek, sammitdagi faol pozitsiyasi O‘zbekiston Respublikasining mintaqaviy hamkorlik borasidagi izchil va prinsipial siyosatini, tashkilot doirasida tutgan yetakchilik rolini yana bir bor mustahkamladi.
Tashabbuslarning asosiy maqsadi nafaqat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, balki butun mintaqada barqaror rivojlanish va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar va tashabbuslarning amaliyotga tatbiq etilishi xalqaro iqtisodiy jarayonlarda O‘zbekistonning mavqeyini mustahkamlab, butun mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlik uchun muhim zamin yaratadi.
Prezidentimizning chuqur strategik tafakkuri va konsturiktiv diplomatik yondashuvi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda.
Bunday pragmatik loyihalar esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘y-e’tiborini izchil oshirib bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning ushbu sammitdagi ishtiroki mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaga yangi sur’at bag‘ishlab, mamlakatimiz tashqi siyosatida yangicha bosqich boshlanganini yaqqol ko‘rsatdi. Oliy darajadagi tashrif va ilgari surilgan tashabbuslar xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladigan ijobiy natijalar olib kelishi, shubhasiz.
S.A. Bozorova
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti