ICHIMLIK SUVI ISLOHOTI — INVESTITSIYA VA TARIF SIYOSATINING IQTISODIY MANTIGʻI

Iyul 27, 2026 - 11:12
 0  2
ICHIMLIK SUVI ISLOHOTI — INVESTITSIYA VA TARIF SIYOSATINING IQTISODIY MANTIGʻI

Joriy yil 20-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda keltirilgan raqamlar sohaning soʻnggi yillardagi investitsiya dinamikasini yaqqol koʻrsatadi: mablagʻlar hajmi 10 karra oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi. Natijada markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 2017-yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga koʻtarildi, 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan taʼminotga ega boʻldi, yana 1,1 million kishi kanalizatsiya tizimiga ulandi. Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, bu — kommunal infratuzilmaga yoʻnaltirilgan davlat va xorijiy investitsiyalarning ijtimoiy samaradorlik koʻrsatkichga bevosita aylanishining yaqqol namunasidir.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari erishilgan natijalar barobarida loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, muammolarni oʻz vaqtida aniqlash tizimi hali yetarli darajada emasligini taʼkidladi. Bu holat sohadagi institutsional boshqaruv sifatining moliyaviy natijalardan orqada qolayotganini koʻrsatadi — investitsiya oqimi kengaygani sari, loyihalarni monitoring qilish va operativ boshqaruv mexanizmlari ham mutanosib ravishda takomillashtirilishi zarur boʻladi. Andijon shahridagi kanalizatsiya muammosini bartaraf etish uchun 107 milliard soʻm ajratilishi, Sergeli tumanida filtrlash tizimlarini joriy etish kabi tezkor choralar aynan shu boshqaruv boʻshligʻini toʻldirishga qaratilgan.

Sohaning yanada chuqurroq iqtisodiy muammosi tarif siyosatida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Taqdimotda amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini toʻliq qoplamayotgani, hududlar kesimida keskin farqlar mavjudligi alohida qayd etildi. Bu, oʻz navbatida, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytiradi: tannarxni qoplamaydigan tarif tizimi ostida xususiy va xorijiy kapitalni jalb qilish qiyinlashadi, korxonalar esa doimiy ravishda subsidiyaga muhtoj boʻlib qoladi. Shu sababli ishlab chiqarish va yetkazib berish funksiyalarini ajratib, yagona ulgurji tarif asosida ishlaydigan Magistral suv taʼminoti korxonasini tashkil etish taklifi — tarmoqni tijoratlashtirish va narx shaffofligini taʼminlashning oqilona iqtisodiy yechimi hisoblanadi. Idoralararo tarif komissiyasining tashkil etilishi va 2027-yil 1-apreldan budjet tashkilotlari uchun yagona tarifning joriy qilinishi ham xuddi shu maqsadga — tarif siyosatini siyosiy emas, iqtisodiy asosga qoʻyishga xizmat qiladi.

Mintaqaviy kesimda amalga oshirilayotgan loyihalar investitsiyalarning hududiy taqsimlanishi mantiqini ochib beradi. Surxondaryo viloyatida Toʻpalang suv omboridan Termiz shahrigacha tarmoq tortilgani, yil oxirigacha Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqoʻrgʻon tumanlarining ham taʼminlanishi rejalashtirilgani — chekka hududlarda yashash sharoitini yaxshilash orqali ichki migratsiya bosimini kamaytirish va mahalliy iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish vazifasini bajaradi. Qashqadaryoda “Hisorak” suv omboridan 217 million dollarlik loyiha esa 1,1 million aholini qamrab oladi, bu miqyosdagi infratuzilma investitsiyalari mintaqaviy YaHM oʻsishiga bevosita hissa qoʻshadi. 1-sentabrga qadar umumiy qiymati 317 million dollarlik 6 ta loyiha boʻyicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash vazifasi qoʻyilgani sohaning tashqi moliyalashtirishga bogʻliqligini, shu bilan birga xalqaro moliya institutlari nazarida Oʻzbekiston suv-kanalizatsiya sektorining ishonchli hamkor sifatida koʻrilayotganini tasdiqlaydi.

Talab tomonidagi dinamika ham iqtisodiy tahlil uchun muhim. Demografik va iqtisodiy oʻsish natijasida 2030-yilga borib ichimlik suvi isteʼmoli hozirgi 941 million kub metrdan yana 230 million kub metrga ortishi kutilmoqda. Bu koʻrsatkich resurslarni aniq hisobga olish zaruriyatini kuchaytiradi: isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblarni toʻliq onlayn tizimga oʻtkazish, masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini oʻrnatish — bularning barchasi daromadlarni yoʻqotmasdan undirish (revenue collection) samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Suv yoʻqotishlarini 35 foizdan 25 foizga tushirish maqsadi esa toʻgʻridan-toʻgʻri iqtisodiy manfaatga ega: har foizlik yoʻqotish kamayishi qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatiga sarflanadigan investitsiyani tejash demakdir. “SCADA”, “GIS”, telemetriya va sunʼiy intellekt asosidagi tizimlarning joriy etilishi shu maqsadga erishishning texnologik vositasi sifatida qaralishi lozim.

Kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalasi ham sohaning uzoq muddatli barqarorligi uchun iqtisodiy ahamiyatga ega. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida alohida fakultet ochilishi hamda texnikumlar bazasida dual taʼlim tizimining joriy etilishi — sohaning texnik xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va malakali ishchi kuchiga boʻlgan ehtiyojni ichki resurslar hisobiga qondirish strategiyasining bir qismidir. Bu, oʻz navbatida, xorijdan mutaxassis jalb qilish xarajatlarini kamaytiradi va sohada barqaror inson kapitalini shakllantiradi.

Umumiy tahlil shuni koʻrsatadiki, ichimlik va oqova suv sohasidagi islohotlar endilikda faqat infratuzilmani kengaytirish bosqichidan oʻtib, moliyaviy barqarorlik, institutsional boshqaruv va raqamli samaradorlikni uygʻunlashtirish bosqichiga oʻtmoqda. Tarif siyosatini iqtisodiy asosga qoʻyish, korxonalarning moliyaviy mustaqilligini taʼminlash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish — bularning barchasi sohani subsidiyaga toʻliq bogʻliq boʻlgan ijtimoiy xizmatdan barqaror va oʻz-oʻzini moliyalashtira oladigan tarmoqqa aylantirish yoʻlidagi mantiqiy qadamlardir.


Tojiyev Rahmatilla Rahmonovich
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
"Bank ishi" kafedrasi professori, i.f.n.