Qizlar tarbiyasida ota – ustun, ona esa tayanch
Xalqimiz oila mustahkamligi haqida gapirganda “suv kelsa simirib, tosh kelsa kemiriladi”, deb bejiz aytmagan. Oila sirini oshkor etmaslik, uning mustahkamligini saqlashga intilish – bu katta iroda va sabrni talab qiladi. To‘g‘ri aytilganidek, bu yo‘ldagi irodaning ahamiyati beqiyosdir.
Faoliyatim davomida ko‘plab ayol-qizlar bilan muloqot olib borganman. Afsuski, ularda uchrayotgan asosiy muammolar aksariyat hollarda o‘z oilasidagi yoki ota-onasining ajrimlari bilan bog‘liq bo‘lib chiqmoqda. Bu esa, jamiyatda oila institutining qanday ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor ko‘rsatadi. Qizlarimiz o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, yosh avlodning shakllanishida birinchi o‘rinda oila, ikkinchi o‘rinda ustozlar, uchinchi o‘rinda tengdoshlar, to‘rtinchi o‘rinda mahalla, undan keyingi o‘rinlarda esa adabiyot, san’at, kino va televideniye muhim ta’sir ko‘rsatadi, degan fikrlar bildirilgan. Ushbu natijalar shuni anglatadiki, oila – inson hayotining birinchi va eng muhim tarbiyachisidir. Oilada ota – ustun, ona esa tayanch hisoblanadi. Ustuni va tayanchi mustahkam bo‘lgan imorat hech qachon qulamaydi. Bugungi kunda mustahkam oila va uning manfaatlarini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu maqsadda yurtimizda oilani mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, ilmiy va ommabop kitoblar, maqolalar chop etilmoqda.
Shunday ekan, haqli savol tug‘iladi: natija qanday? Ajrimlar soni yildan-yilga kamaymoqdami yoki aksincha, ortmoqdami?
Oliygohimizda tahsil olayotgan har bir qiz o‘zining shirin orzularida kelajakdagi oilasini, uni boshqarishni, mehr-muhabbat bilan barpo etishni niyat qiladi. Ammo bu oson ish emas. “Oila” degan kemani boshqarish uchun nafaqat maishiy ko‘nikmalar, balki kuchli irodaga, keng ma’naviy dunyoqarashga, sabr va bardoshga ega bo‘lish lozim.
“Oilaga tayyorgarlikda ishonchni qanday baholash mumkin?” degan savolga ayrim qizlar: “Ovqat pishirish, kir yuvish, dazmol qilish, tozalash, mehmon kutishni bilsam bo‘ldi, qolganiga vaqt o‘tib o‘rganaman”, – deb javob berishadi. Bu esa yetarli emas. Aslida, qiz bola avvalambor oilaga ruhan va jismonan tayyor bo‘lsagina, u oila boshqaruvida chinakam bekalikka da’vogarlik qilishi mumkin.
Psixolog olimlar fikricha, turmush qurayotgan har bir qiz avvalo o‘z irodasini tarbiyalash, hissiy muvozanatni saqlash, to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak. Zero, baxtli oila poydevori ana shunday yetuklikdan boshlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–mart oylarida respublika bo‘yicha FHDYO organlarida 31 775 ta nikoh rasmiylashtirilgan. Biroq ming afsuski, bugungi kunda ushbu statistik ko‘rsatkichning ma’lum qismini ajrimlar tashkil etayotgani yurakni xira qiladi. Qizlarimizga oilaning muqaddasligini, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va qarashlar bilan bir qatorda zamonaviy kasbiy rivojlanish, ta’lim olish, jamiyatda yuz berayotgan islohotlarga moslashish, shuningdek, ijtimoiy mas’uliyatni anglatish zarurligini tushuntira olishimiz lozim. Agar bu yondashuv mutanosiblikda olib borilsa, turmushda yuzaga keladigan nizolar, er va xotin o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar bilan bog‘liq bahslar, oiladagi ma’naviy-ruhiy beqarorlik natijasida ro‘y berayotgan ajrimlarning oldi olinishi mumkin bo‘lardi.
Jadidlar ta’kidlaganidek, oila asosini to‘g‘ri qurmasdan, yosh avlodni har tomonlama barkamol tarbiyalamasdan turib, jamiyatni isloh qilish, uni taraqqiyot sari yetaklash mumkin emas. Zero, millat taqdiri, avvalo, oilaning ma’naviy muhitiga bog‘liqdir.
Bugun ayrim yoshlarda yengil hayotga oshuftalik, nafs ustunligi, o‘zini idora eta olmaslik kabi illatlar kuchaymoqda. Bu esa ajrimlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Statistik kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy xavfli jinoyatlar sodir etayotgan ayollar va voyaga yetmaganlarning aksariyati ajrimli yoki noto‘liq oilalardan chiqqan.
Yana shuni qayd etish kerakki, boshqa turdagi huquqbuzarliklar, odam savdosi qurbonlari, noqonuniy yo‘llar bilan xorijga chiqayotgan ayollar va yoshlarda ham shu holat – ya’ni ajrim yoki nosog‘lom oilaviy muhit kuzatilmoqda. Bu esa dolzarb va og‘riqli ijtimoiy muammolarning ildizini ko‘rsatadi.
Qizlarimizni oilaviy hayotga tayyorlash, yigitlarimizni esa bu borada e’tibordan chetda qoldirmaslik muhim. Ular ham mustahkam oilaning tayanchi bo‘lishi uchun mardlik, sabr, jasorat, irodalilik va ikki dunyoviy – ya’ni dunyoviy hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlar bilan boyitilishi zarur. Rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar solsak, oilaning muqaddasligi alohida e’tiborga olinmoqda. Jumladan, Yaponiyada “ota-onalik maktablari”, “oila ta’limi” va “oila maktablari” faoliyati kengayib bormoqda. Yaponiya hukumati tomonidan oila qurmoqchi bo‘lgan erkaklardan 18-raqamli, ayollardan esa 24-raqamli maxsus sertifikat talab qilinadi. Bu hujjatlar maxsus o‘quv kurslaridan o‘tganlik, er-xotinlik bilimlariga ega ekanlik, oila hayotiga tayyorlik darajasini aks ettiradi. Yaponiya tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, bu kabi tizimli yondashuv ajrimlar sonining kamayishiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Aslida, oilaga tayyorgarlik nafaqat qadriyatlar va urf-odatlar bilan, balki chuqur bilim va ma’rifat asosida olib borilishi kerak. “Oila” – bu nafaqat shaxsiy hayot makoni, balki jamiyatning ijtimoiy tayanchidir. Shunday ekan, har bir nikoh hali-hanuz mustahkam oila demak emas. Mustahkam oila – bu ongli tanlov, mas’uliyatli qaror, sabr-toqat va o‘zaro hurmatga asoslangan muqaddas birlikdir.
Bugungi kunda davlat va jamiyat qurilishi, ilm-fan, madaniyat, tibbiyot, huquq, ta’lim hamda ishlab chiqarish kabi muhim sohalarda farzandlarimizni barkamol inson etib tarbiyalashda oila muhim va beqiyos o‘rin tutadi. Zero, oila – jamiyatning eng kichik ijtimoiy birligi bo‘lishi bilan birga, shaxs shakllanishining birinchi va asosiy maskanidir. Mashhur jadid va taraqqiyparvar mutafakkir Abdurauf Fitratning “Xalqning harakat qilishi, davlatmand bo‘lishi, baxtli bo‘lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo‘lishi, yoki aksincha, zaif bo‘lib xorlikka tushishi, faqirlik libosini kiyib, baxtsizlik yukini tortib e’tibordan qolishi, hatto o‘zgalarga tobe, qul va asir bo‘lishi – bolalikdan ota-onalaridan olgan tarbiyasiga bog‘liqdir”, degan hikmatli so‘zlari bugun ham o‘zining tarixiy, falsafiy va amaliy ahamiyatini yo‘qotmagan. Ushbu fikr bugungi islohotlar davrida, ayniqsa, yosh avlodga berilayotgan ta’lim-tarbiya tizimi va uning tayanch nuqtasi – oila muhitining qanchalik muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, oila – ma’naviy barkamollik, fuqarolik mas’uliyati, intellektual yetuklik va ijtimoiy faollikning shakllanishida hal qiluvchi omildir. Farzandning kim bo‘lishi – u olgan oilaviy tarbiya, ota-onaning shaxsiy namunasiga bevosita bog‘liqdir. Oilaning ma’naviy muhitida sabr, mehr, mas’uliyat va hurmat singari qadriyatlar singdirilsa, jamiyatda bunday fazilatlarga ega yetuk insonlar shakllanadi. Natijada esa mamlakat taraqqiyotining barqaror asoslari mustahkamlanadi.
Feruza YULDASHYEVA
Toshkent davlat pedagogika universiteti,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent,
“Xalq ta’limi a’lochisi”