YUQORI OʻSISH SARI: BANK TIZIMI VA INSTITUTSIONAL ISLOHOTLARNING STRATEGIK OʻRNI

Iyul 27, 2026 - 10:54
Iyul 27, 2026 - 10:54
 0  5
YUQORI OʻSISH SARI: BANK TIZIMI VA INSTITUTSIONAL ISLOHOTLARNING STRATEGIK OʻRNI

Joriy yil 21-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.Yigʻilishda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, yalpi ichki mahsulot 8,5 foizga oʻsdi: sanoatda 8 foiz, xizmat koʻrsatish sohasida 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xoʻjaligida esa 4,7 foizlik dinamika taʼminlandi. Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport koʻrsatkichi 14,4 milliard dollarga yetdi. Bu natijalarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilishi ham diqqatga sazovor: “Fitch” va “Moody’s” xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren kredit reytingini bir pogʻona yaxshiladi, bu esa investorlar nazarida Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqarorlik salohiyati ortganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari 40 millionga yaqinlashib borayotgan aholi farovonligini izchil oshirish uchun 9-10 foizlik iqtisodiy oʻsish sur’atiga erishish zarurligini alohida taʼkidladi. Bu vazifa hudud va tarmoq rahbarlaridan mavjud imkoniyatlarni toʻliq safarbar etishni, har bir loyiha va korxona boʻyicha aniq, oʻlchanadigan natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni talab qiladi. Zero, xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning barqaror oʻsishi faqat resurslarni koʻpaytirish hisobiga emas, balki moliyaviy vositachilik tizimining samaradorligi va institutsional muhitning sifati orqali taʼminlanadi.

Ushbu jarayonda bank-moliya tizimining oʻrni beqiyos ahamiyat kasb etadi. Yigʻilishda banklar va mahalla uyushmalari faoliyatini qayta koʻrib chiqish, ular uchun keyingi uch oy davomida amaliy attestatsiya davrini joriy etish borasida qaror qabul qilindi. Bu yondashuv tijorat banklarining mahalliy darajadagi bandlik va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishtirokini yanada faollashtirishga, kredit resurslarining maqsadli va samarali taqsimlanishini taʼminlashga xizmat qiladi. Bank tizimining ehtiyojmand aholini kasb-hunarga oʻqitish, ish bilan taʼminlash va daromad manbalarini kengaytirish jarayonlariga bevosita jalb etilishi, moliyaviy inklyuzivlikni oshirishning muhim omili sifatida baholanishi mumkin.

Soliq-byudjet sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda: joriy yil boshidan soliq tushumlari 27 foizga koʻpayib, 130 trillion soʻmdan oshdi. Shu bilan birga, qoʻshimcha tushumlar boʻyicha yillik reja ijrosini yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Yirik kompaniyalarning bozor qiymatini oshirish, ularni IPO jarayonlariga tayyorlash va tashqi investorlar uchun jozibadorligini kuchaytirish boʻyicha belgilangan vazifalar kapital bozorini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi bilan uzviy bogʻliq. Bu, oʻz navbatida, moliyaviy vositachilik tizimini bank kreditlaridan tashqari, qimmatli qogʻozlar bozori orqali ham resurs jalb qilish imkoniyatlari bilan boyitadi.

Tadbirkorlik muhitini yaxshilash masalasida ham jiddiy islohotlar davom ettirilmoqda. Hozirda 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yoʻnalish boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllash vakolati mavjudligi, 2024-2026-yillar davomida qariyb 3 trillion soʻmlik jarima qoʻllanilgani qayd etildi. Davlatimiz rahbari nazorat qiluvchi idoralar tadbirkorlarga avvalo imkoniyat berish va toʻgʻri yoʻl koʻrsatish tamoyiliga asoslangan yondashuvni shakllantirishi lozimligini taʼkidladi. Bunday yondashuv tadbirkorlik subyektlari uchun bashoratlanuvchan va ishonchli huquqiy-iqtisodiy muhit yaratish, shu orqali xususiy investitsiyalar oqimini rag‘batlantirish imkonini beradi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat va eksport salohiyatini kengaytirish borasida ham muhim vazifalar belgilandi. Soʻnggi uch yil ichida 11 milliard dollarlik 509 ta eksportga yoʻnaltirilgan quvvat ishga tushirilgan boʻlsa-da, ularning 208 tasi hali toʻliq eksport salohiyatini ishga solmagan. Ushbu korxonalar mahsulotining 30-40 foizini tashqi bozorlarga yoʻnaltirish qoʻshimcha 1,5-2 milliard dollarlik valyuta tushumini taʼminlashi mumkinligi hisob-kitob qilindi. Shuningdek, tashqi savdo yuklarining 70 foizi temir yoʻl transporti orqali amalga oshirilishini inobatga olib, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish uchun Jahon banki bilan 200 million dollarlik mablagʻ jalb etish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu loyiha eksport-import operatsiyalari xarajatlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.

Oliy darajadagi tashqi tashriflar samaradorligini oshirish maqsadida ham aniq mexanizmlar joriy etilmoqda. Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan 52 ta tashrif davomida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi boʻyicha kelishuvlarga erishilgan boʻlib, ularning ijrosi endilikda Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan izchil nazorat qilinadi. Bu — investitsiya kelishuvlarini amaliy natijaga aylantirish borasidagi institutsional javobgarlikni kuchaytirish yoʻnalishidagi muhim qadamdir.

Global iqtisodiyotdagi noaniqliklar davom etayotgani, asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollikning sekinlashuvi mahalliy eksportchilarga taʼsir koʻrsatishi mumkinligini inobatga olib, davlatimiz rahbari barcha tarmoq va hudud rahbarlarini har qanday tashqi xatarlarga tayyor turishga chorladi. Shu maqsadda 15-avgustgacha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish, ularni “resurs — infratuzilma — loyiha — ishlab chiqarish — byudjetga tushum — eksport” zanjiri asosida oʻzaro bogʻlash vazifasi qoʻyildi. 2027-yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, byudjet, investitsiya va eksport dasturlari yangicha — “safarbarlik ssenariysi” tamoyili asosida shakllantiriladi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori va barqaror sur’atlarda rivojlanishi nafaqat real sektordagi islohotlarga, balki bank-moliya tizimining institutsional jihatdan mustahkamlanishiga ham bevosita bog‘liq. Kredit resurslarining samarali taqsimlanishi, kapital bozorining rivojlanishi, soliq maʼmuriyatchiligining takomillashuvi va tadbirkorlik muhitining yanada erkinlashuvi — barchasi 40 millionli aholi farovonligini oshirishga qaratilgan yagona strategik yoʻnalishning tarkibiy qismlaridir. Ilmiy jamoatchilik oldida esa ushbu jarayonlarni tahliliy kuzatish, xalqaro tajribani mahalliy sharoitga moslashtirilgan holda oʻrganish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi turibdi.

 

Sattorova Nasiba Gʻanijon qizi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Bank ishi” kafedrasi
i.f.f.d. (PhD)