O‘ZBEKISTON — SAUDIYA ARABISTONI: SOG‘LIQNI SAQLASH SOHASIDAGI HAMKORLIKNING IQTISODIY QIYMATI

Iyul 28, 2026 - 20:35
Iyul 28, 2026 - 20:36
 0  1
O‘ZBEKISTON — SAUDIYA ARABISTONI: SOG‘LIQNI SAQLASH SOHASIDAGI HAMKORLIKNING IQTISODIY QIYMATI

Joriy yil 28-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi sog‘liqni saqlash vaziri Fahad bin Abdulrahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd shahzoda, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muloqot davomida so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotgani qayd etildi. Tashrif doirasida Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazilib, qator kelishuvlarga erishildi. Uchrashuvda tibbiyot sohasini raqamlashtirish va modernizatsiya qilish, farmatsevtika tarmog‘ini tartibga solish, kadrlar tayyorlash hamda ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish masalalari muhokama qilindi. Yakunda yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tabiiy savol tug‘iladi: bu hamkorlik faqat kelishuvlar darajasidami yoki amaliy natijalar ham bormi? Mavjud loyihalar ikkinchi holatni tasdiqlaydi. 2024-yil iyul oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi Saudiya Arabistoniga tegishli “InterHealth Medical Company” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda bemorlarning shifoxonada davolanish muddatini 15 kundan 7 kungacha qisqartirish imkonini beruvchi yangi tizimni joriy etish masalasini muhokama qilgan edi. Shuningdek, ushbu kompaniya bilan Farg‘ona va Qo‘qon shaharlaridagi Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi filiallarida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish yuzasidan ham kelishuvga erishilgan.

Hamkorlikning yirik loyihalaridan biri 2026-yil aprel oyida imzolangan, qiymati 300 million AQSH dollariga baholanuvchi Farg‘onadagi 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurilishi hisoblanadi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida Saudiya Arabistonining “Vision International Investment Company” kompaniyasi va O‘zbekistondagi “KOC Construction Mekanik Elektrik” MChJ FE ishtirokida amalga oshiriladi. Yangi tibbiyot majmuasi Farg‘ona viloyatidagi beshta ixtisoslashtirilgan muassasani yagona kompleksga birlashtiradi. Qurilish muddati 36 oy etib belgilangan. Mazkur loyiha Markaziy Osiyoda DXSH modeli asosida barpo etilayotgan eng yirik sog‘liqni saqlash obyektiga aylanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi ixtisoslashtirilgan ilmiy-tibbiyot markazlarini qurish va ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash loyihasini 20 million dollar miqdorida moliyalashtirmoqda.

Mazkur loyihalarning iqtisodiy ahamiyati bir necha yo‘nalishda namoyon bo‘ladi. Avvalo, Farg‘onadagi shifoxona qurilishiga yo‘naltirilayotgan 300 million dollarlik investitsiya O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokidagi umumiy qiymati 27,2 milliard dollarga teng 56 ta investitsiya loyihasi tarkibida sog‘liqni saqlash mustaqil investitsiya yo‘nalishi sifatida shakllanayotganini ko‘rsatadi. Davlat-xususiy sheriklik modeli zamonaviy tibbiyot infratuzilmasini davlat byudjetiga qo‘shimcha yuklamasdan yaratish imkonini beradi, natijada byudjet mablag‘larini boshqa ustuvor ijtimoiy yo‘nalishlarga yo‘naltirish imkoniyati kengayadi.

Davolanish muddatining 15 kundan 7 kungacha qisqarishi ham bevosita iqtisodiy samara beradi. Shifoxona o‘rinlaridan foydalanish samaradorligi oshadi, mavjud infratuzilma orqali ko‘proq bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi, davolash xarajatlari kamayadi va tibbiyot xodimlari mehnati unumdorligi ortadi.

Onkologiya va radiologiya markazlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash ham muhim iqtisodiy natijalarni yuzaga chiqaradi. Dastlab import hajmi ortishi mumkin, uzoq muddatda esa murakkab tibbiy xizmatlarning mamlakat ichida yo‘lga qo‘yilishi fuqarolarning xorijda davolanish uchun sarflaydigan valyuta mablag‘larini ichki iqtisodiyotda saqlab qolishga xizmat qiladi. Shu tariqa tibbiy xizmatlar bo‘yicha import o‘rnini bosish jarayoni jadallashadi.

Saudiya Arabistoni tomonining O‘zbekistondan malakali tibbiyot xodimlarini ishga jalb etishga tayyorligi ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Xususan, tajribali mutaxassislarga oyiga 2500 AQSH dollarigacha ish haqi taklif etilishi mehnat migratsiyasi orqali mamlakatga qo‘shimcha valyuta tushumlarini ta’minlash imkonini beradi. Natijada investitsiyalar oqimi va malakali kadrlar almashinuvi ikki davlat iqtisodiy manfaatlarini yanada yaqinlashtirmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiya tashrifi davomida kelishilgan “yo‘l xaritasi” mavjud qo‘shma loyihalarning mantiqiy davomi hisoblanadi. “InterHealth Medical Company” bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, Farg‘onadagi 800 o‘rinli shifoxona hamda ixtisoslashtirilgan ilmiy-tibbiyot markazlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar hamkorlikning uzoq muddatli strategik yo‘nalishga aylanayotganini tasdiqlaydi. Sog‘liqni saqlash sohasi bugungi kunda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi strategik sheriklikning iqtisodiy va ijtimoiy samarasi eng yuqori bo‘lishi kutilayotgan yo‘nalishlardan biri sifatida shakllanmoqda.


Sattorova Nasiba G‘anijon qizi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
«Bank ishi» kafedrasi i.f.f.d. (PhD)