ATOM ENERGETIKASI: YIRIK INVESTITSIYADAN SANOAT KOOPERATSIYASIGACHA

Sentabr 2, 2026 - 22:31
 0  15
ATOM ENERGETIKASI: YIRIK INVESTITSIYADAN SANOAT KOOPERATSIYASIGACHA

Joriy yil 2-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hamda unga yondosh zamonaviy shaharcha barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotdagi raqamlar loyihaning ko‘lami faqat yangi elektr quvvati bilan cheklanmasligini ko‘rsatadi. Gap 9,5 milliard dollarlik investitsiya, minglab turdagi mahsulot va uskunalar, mahalliy korxonalar uchun yirik buyurtmalar, yangi infratuzilma, ish o‘rinlari va malakali kadrlar tayyorlashni birlashtirgan iqtisodiy jarayon haqida bormoqda.

Atom energetikasini rivojlantirishda asosiy iqtisodiy masala — barqaror bazaviy elektr generatsiyasini yaratish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilish. Elektr energiyasi sanoatning deyarli barcha tarmoqlari uchun ishlab chiqarish omilidir. Yangi zavod, logistika markazi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazi yoki xizmat ko‘rsatish obyektini ishga tushirishda elektr ta’minotining barqarorligi muhim hisoblanadi. Shu sababli energetik quvvatlarning ko‘payishi kelgusidagi ishlab chiqarish va investitsiya loyihalari uchun zarur infratuzilmani kengaytiradi.

Integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi joriy yil 4-iyundan qurilishning faol bosqichiga o‘tdi. Bugungi kunga qadar reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari to‘liq yakunlanib, 1 million kub metrdan ortiq tuproq qazib olindi. Poydevor plitasining bir qismiga 916 kub metr beton quyildi, qurilish-montaj bazasidagi 100 gektar maydonda yer ishlari bajarildi. Ayni paytda qurilish maydonida 450 nafar ishchi va mutaxassis, 100 dan ziyod maxsus texnika faoliyat yuritmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Jarayonda 3 mingga yaqin turdagi mahsulot va uskunalardan foydalaniladi. Iqtisodiy nuqtayi nazardan aynan shu raqamlar muhim: bunday hajmdagi buyurtma qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, mashinasozlik, transport, logistika, muhandislik va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida talabni oshiradi. Buyurtmaning katta qismi mahalliy korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelishi esa investitsiya mablag‘larining mamlakat ichidagi iqtisodiy aylanishini kengaytiradi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihada mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil etadi. Prezident tomonidan bu ko‘rsatkichni kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar tomonidan bajarish hamda 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb etish vazifasi qo‘yildi.

Bu yerda mahalliylashtirishning ikki xil iqtisodiy natijasini ko‘rish mumkin. Birinchisi — AES qurilishiga sarflanadigan mablag‘larning muayyan qismi mahalliy korxonalar buyurtmalariga aylanadi. Ikkinchisi — milliy ishlab chiqaruvchilar texnik va sifat talablari yuqori bo‘lgan loyihada ishlash tajribasini orttiradi. Korxona yangi mahsulot ishlab chiqarishni o‘zlashtirsa, zamonaviy texnologiyani joriy etsa va xalqaro standartlar asosida ishlashni yo‘lga qo‘ysa, bu tajribadan keyingi energetika va sanoat loyihalarida ham foydalanish mumkin.

Forish tumanida 200 gektar maydonda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish taklifi ham aynan shu iqtisodiy bog‘liqlikdan kelib chiqadi. Unda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Prezident ushbu taklifni ma’qullab, sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini tatbiq etish bo‘yicha qaror loyihasini yil yakuniga qadar kiritishni topshirdi.

Bu yerda oddiy iqtisodiy zanjir ishlaydi. AES qurilishiga mahsulot yetkazib berayotgan korxonaga ham xomashyo, transport, ehtiyot qismlar, laboratoriya xizmatlari, muhandislik ishlari va boshqa xizmatlar kerak bo‘ladi. Bir korxonaga berilgan yirik buyurtma shu tariqa boshqa korxonalar uchun ham talab hosil qiladi. Iqtisodiyot nazariyasida bu investitsiyaning multiplikativ ta’siri sifatida tushuntiriladi. Forishdagi 100 ta qo‘shma korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ushbu kooperatsiya doirasini yanada kengaytirishi mumkin.

AES qurilishi katta hajmdagi tashqi infratuzilmani ham talab etadi. Loyiha doirasida 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik va 120 kilometr texnik suv quvurlari, 39,5 kilometr avtomobil hamda 11 kilometr temir yo‘l quriladi. Ushbu obyektlar qurilishida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60–70 foiz darajasida ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.

Bu infratuzilmaning iqtisodiy qiymati stansiya chegarasidan kengroq. Elektr va suv tarmoqlari, avtomobil hamda temir yo‘llarning paydo bo‘lishi hududning transport va muhandislik imkoniyatlarini o‘zgartiradi. Yangi ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirishda aynan elektr, suv va transportga ulanish imkoniyati muhim omillardan sanaladi. Shuning uchun AES uchun qurilayotgan infratuzilma keyinchalik hududdagi boshqa iqtisodiy loyihalar uchun ham qo‘shimcha imkoniyat berishi mumkin.

Loyihaning yana bir muhim tomoni — mehnat bozori. 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb etish faqat bandlik sonining ortishi degani emas. Atom energetikasi texnik intizom, yuqori malaka va qat’iy xavfsizlik standartlarini talab qiladi. Loyihada ishlaydigan muhandis, texnik va boshqa mutaxassislarning amaliy tajribasi ortadi. Bu esa iqtisodiyot uchun malakali muhandislik kadrlarining ko‘payishini anglatadi.

Kadrlar tayyorlash bo‘yicha mavjud raqamlar ham bu jarayonning ko‘lamini ko‘rsatadi. Rossiya milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filialini 2023-yildan buyon 216 nafar talaba bitirgan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreyaning yetakchi oliygohlarida magistratura va aspiranturada tahsilni davom ettirmoqda. Yana 100 nafar mutaxassis mamlakatimizning to‘rtta oliy ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda. Stansiyani kelgusida boshqaradigan operatorlar, muhandislar va radiatsiya xavfsizligi mutaxassislarini hozirdan tayyorlash rejalashtirilgani AES bilan bir vaqtda yangi professional kadrlar qatlamini ham shakllantirishga qaratilgan.

Loyihaning hudud iqtisodiyotiga ta’sir qiladigan yana bir qismi — atomchilar shaharchasi. 200 gektar maydonda qariyb 33 ming aholiga mo‘ljallangan 10 mingga yaqin, shu jumladan, birinchi bosqichda 3 mingta xonadonli turar joylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Shaharchada energiya samarador ko‘p qavatli uylar, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, tibbiyot, sport va madaniyat obyektlari, dam olish maskanlari hamda keng yashil hududlar bo‘ladi. Qurilishda zamonaviy issiqlik himoyasi, muqobil energiya va “aqlli” yoritish yechimlaridan foydalaniladi.

Yana bir jihati, 33 ming kishilik yangi shaharcha — bu uy-joylarning o‘zigina emas, balki yangi iste’mol bozori hamdir. Bu yerda yashaydigan aholiga oziq-ovqat, savdo, transport, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat, ta’lim, tibbiyot va boshqa kundalik xizmatlar kerak bo‘ladi. Natijada AESdagi yirik sanoat investitsiyasi atrofida kichik va o‘rta biznes uchun ham yangi bozor shakllanishi mumkin.

Bunday loyihada iqtisodiy ko‘rsatkichlar xavfsizlik talablaridan ajralgan holda qaralmaydi. Taqdimotda qurilish sifati va xavfsizligi eng ustuvor masala bo‘lishi, barcha ishlar MAGATE talablari va xalqaro standartlarga to‘liq muvofiq amalga oshirilishi ta’kidlandi. Joriy yil 22–26-iyun kunlari MAGATEning kompleks baholash missiyasi o‘tkazilib, O‘zbekiston milliy yadroviy infratuzilmasining rivojlanish holatiga yuqori baho berilgani qayd etildi. Loyihani boshqarish va texnik nazoratni kuchaytirish, texnologik yechimlarni mustaqil ekspertizadan o‘tkazish uchun yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, qariyb mingta sohaviy standartni milliy tizimga moslashtirish va amaliyotga joriy etish belgilandi.

Taqdim etilgan ko‘rsatkichlar asosida iqtisodiy istiqbolni ham ko‘rish mumkin. Mahalliy mahsulotlar ulushining 21 foizdan kamida 30 foizga yetkazilishi, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar bajarishi, tashqi infratuzilmada esa mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushining 60–70 foiz bo‘lishi mamlakat ichidagi sanoat buyurtmalarini ko‘paytiradi. Forishdagi 100 ta qo‘shma korxona va 15 ta ishlab chiqarish yo‘nalishi orqali o‘zlashtirilgan texnologiyalar esa keyinchalik boshqa energetika va sanoat loyihalarida ham qo‘llanishi mumkin. Bu prognozning amaliy natijasi mahalliy korxonalarning yangi texnologiyalarni qay darajada o‘zlashtirishi va ishlab chiqarish kooperatsiyasining kengligiga bog‘liq.

Uzoq muddatli iqtisodiy natijaning asosiy qismi esa elektr energetikasida namoyon bo‘ladi. Barqaror bazaviy generatsiyaning yaratilishi iqtisodiyotning elektr energiyasiga ortib borayotgan talabini qoplash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi investitsiya loyihalarini energiya bilan ta’minlash imkoniyatlarini oshiradi. Energiya manbalarining diversifikatsiyasi energetika tizimida turli generatsiya manbalarining bir-birini to‘ldirib ishlashiga imkon beradi.

Shu sababli 9,5 milliard dollarlik AES loyihasini faqat bitta energetika obyektining qiymati sifatida baholash yetarli emas. Loyihada 3 mingga yaqin turdagi mahsulot va uskunadan foydalanilishi, mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalarga berish, 7 ming mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb etish, 100 ta qo‘shma korxona tashkil qilish hamda 33 ming kishilik shaharcha barpo etish bir-biri bilan bog‘langan iqtisodiy jarayonlardir.

AES loyihasining iqtisodiy natijasi faqat kelajakda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi bilan o‘lchanmaydi. Mahalliy korxonalar oladigan buyurtmalar, o‘zlashtiriladigan yangi texnologiyalar, quriladigan infratuzilma, yaratiladigan ish o‘rinlari va tayyorlanadigan mutaxassislar ham loyiha hisobiga mamlakat iqtisodiyotida yaratiladigan yangi qiymatning tarkibiy qismlaridir.