GLOBAL IQTISODIY TAHDIDLAR SHAROITIDA MILLIY IQTISODIY XAVFSIZLIKNI MUSTAHKAMLASH YO‘LLARI

Zamonaviy global iqtisodiy tizimda kuzatilayotgan beqarorlik va tizimli xatarlar sharoitida milliy iqtisodiy xavfsizlik konsepsiyasi davlatlar uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalish sifatida shakllanmoqda. Geosiyosiy mojarolar, global pandemiyadan keyingi inqirozli oqibatlar, yetkazib berish zanjirlarining uzilishi, energiya va oziq-ovqat tanqisligi, shuningdek, jahon moliyaviy bozorlaridagi tebranishlar rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi chaqiriqlarni yuzaga keltirmoqda. Shunday sharoitda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash masalasi davlat siyosatining markaziy yo‘nalishiga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik yillaridan boshlab bosqichma-bosqich milliy iqtisodiy mustaqillikni ta’minlash, ichki bozorni tashqi xatarlar ta’siridan himoya qilish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini kafolatlovchi barqaror tizimni shakllantirish yo‘lida izchil harakat qilib kelmoqda. Ayniqsa, 2017-yildan boshlab boshlangan keng qamrovli institutsional islohotlar iqtisodiy xavfsizlikning zamonaviy tamoyillarini hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Avvalo, milliy iqtisodiy xavfsizlikning asosi sifatida oziq-ovqat va energetik mustaqillikni ta’minlash masalasi ustuvor vazifa sifatida ko‘zda tutilmoqda. Jahon bozorida energiya narxlarining keskin o‘zgarishi, ayrim mamlakatlarning eksport cheklovlari va logistika tizimidagi uzilishlar O‘zbekistonda ichki resurslarga tayangan ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish zaruratini kuchaytirdi. Shu asosda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, agroklasterlar faoliyatini kengaytirish hamda qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Bu esa ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash va aholining ehtiyojlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, davlat moliyasining barqarorligi va fiskal boshqaruvning samaradorligi iqtisodiy xavfsizlikning yana bir muhim ustunidir. Soliq va byudjet siyosatini isloh qilish, daromadlar bazasini kengaytirish, xarajatlarning maqsadli va shaffof bo‘lishini ta’minlash orqali O‘zbekiston moliyaviy mustahkamlikka erishmoqda. “Open byudjet” tizimi, raqamlashtirilgan soliq boshqaruvi, ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilayotgan xarajatlarning ko‘paytirilishi davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, ijtimoiy barqarorlikka xizmat qilmoqda.
Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda xususiy sektor faoliyatining kengaytirilishi va investitsion muhitning yaxshilanishi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. So‘nggi yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, ruxsat beruvchi hujjatlarni soddalashtirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi sezilarli darajada oshdi. Bu esa ichki iqtisodiy faollikni kuchaytirib, bandlikni ta’minlash va davlat daromadlari bazasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Milliy iqtisodiy xavfsizlik tashqi hamkorlik va mintaqaviy integratsiya siyosati bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekiston bugungi kunda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi xalqaro moliyaviy institutlar bilan faol hamkorlik olib bormoqda. Shu bilan birga, “Yangi Ipak yo‘li”, “Transafg‘on temiryo‘li” va “O‘zbekiston–Xitoy–Rossiya” transport yo‘nalishlari orqali mintaqaviy logistika tizimiga integratsiyalashuv jarayoni ham jadal davom etmoqda. Bu esa tashqi bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirib, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, iqtisodiy xavfsizlik faqat makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki ijtimoiy barqarorlik va inson kapitali rivoji bilan ham bevosita bog‘liq. Aholining real daromadlari, bandlik darajasi, mehnat unumdorligi va ijtimoiy adolat iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlovchi muhim mezonlardandir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish, kam ta’minlangan qatlamlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiyalash orqali inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekistonda global iqtisodiy tahdidlar fonida milliy iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash borasida kompleks, tizimli va strategik yondashuv asosida izchil ishlar olib borilmoqda. Ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish, fiskal va monetar barqarorlikni ta’minlash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish hamda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash orqali O‘zbekiston iqtisodiyoti global tahdid va xatarlarga nisbatan tobora bardoshlilik kasb etmoqda. Bu esa uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Raximov Eshmurod Normuradovich
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Makroiqtisodiy siyosat va prognozlashtirish kafedrasi dotsenti