YANGI NAMANGAN IT-PARKI: RAQAMLI QO‘SHILGAN QIYMAT MARKAZI
Joriy yil 23-iyun kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasi hududida IT-park qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Mazkur voqea tashqi ko‘rinishidan oddiy qurilish jarayonining boshlanishidek tuyulishi mumkin, uning iqtisodiy mazmuni ancha keng va chuqurdir. Gap an’anaviy ishlab chiqarishdan farqli ravishda, har bir xodim hisobiga yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga qodir bo‘lgan soha uchun mustahkam poydevor qo‘yilayotgani haqida bormoqda.
Iqtisodiyotda “qo‘shilgan qiymat” tushunchasi mahsulot yoki xizmat yaratish jarayonida dastlabki resurs qiymatiga qo‘shiladigan yangi iqtisodiy qiymatni anglatadi. Masalan, xomashyoni qazib olib sotishda qo‘shilgan qiymat nisbatan past bo‘ladi. Aksincha, dasturiy mahsulot, sun’iy intellekt yechimi yoki raqamli xizmat yaratishda bu ko‘rsatkich bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin. Shu sababli rivojlangan mamlakatlar iqtisodiy o‘sishni tobora ko‘proq bilimga asoslangan, yuqori qo‘shilgan qiymatli tarmoqlar orqali ta’minlamoqda. Yangi Namangan IT-parki ham aynan shu iqtisodiy mantiq asosida barpo etilmoqda.
Marosimda ta’kidlanganidek, mazkur majmuada namanganlik ikki mingga yaqin yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Bu raqamning ahamiyati faqat ish o‘rinlari soni bilan cheklanmaydi. An’anaviy sex yoki fabrikada qo‘shilgan qiymat ko‘proq stanok, uskuna va ishlab chiqarish quvvatiga bog‘liq bo‘lsa, IT sohasida u bevosita inson tafakkuri, kasbiy malakasi va ijodiy salohiyatiga tayanadi. Natijada bitta dasturchi, sun’iy intellekt mutaxassisi yoki raqamli xizmatlar ishlab chiquvchisi yaratadigan yillik iqtisodiy qiymat ko‘p hollarda an’anaviy ishlab chiqarishdagi bir necha ish o‘rniga teng bo‘lishi mumkin.
Loyihaning yana bir muhim iqtisodiy yo‘nalishi — eksport salohiyatidir. Rejaga ko‘ra, majmua ishga tushirilgach, viloyatda axborot texnologiyalari xizmatlarining yillik hajmi 500 milliard so‘mga, eksport hajmi esa 30 million dollarga yetkazilishi mo‘ljallanmoqda. Bu mamlakat eksport tarkibini xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan raqamli xizmatlar tomonga diversifikatsiya qilish strategiyasining muhim qismidir. Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2024-yil 26-fevraldagi “Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–87-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Raqamli xizmatlar eksportining muhim afzalligi shundaki, u yer osti boyliklari kabi tugaydigan resurslarga emas, balki inson kapitali, bilim va innovatsion salohiyatga tayanadi.
Yangi Namangan IT-parki Xitoy hamkorlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan 117 million dollarlik yirik dasturning dastlabki muhim bosqichi hisoblanadi. Ushbu dastur doirasida respublikaning oltita hududida — Yangi Namangan, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiy shaharlarida IT-parklar barpo etiladi. Yangi Namangan majmuasi 1,7 gektar maydonda, 17 qavatli zamonaviy bino sifatida qad rostlaydi. Umumiy maydoni qariyb 18 ming kvadrat metr bo‘lgan majmuada ta’lim va eksport markazlari, kovorking va ofis maydonlari, startap akseleratori hamda xorijiy kompaniyalar uchun maxsus xizmat tizimi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning uzoq muddatli samarasi Namangan viloyatining demografik xususiyatlari bilan ham chambarchas bog‘liq. Viloyat aholisining 1 million 600 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Iqtisodiy nuqtayi nazardan bu “demografik dividend” deb ataladigan muhim imkoniyatdir. Ya’ni mehnatga layoqatli yosh aholining ko‘pligi tegishli bilim, ko‘nikma va kasbiy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashgandagina iqtisodiy o‘sish omiliga aylanadi. Boshqacha aytganda, yoshlar soni o‘z-o‘zidan kapital emas; ularni axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, dasturlash va raqamli xizmatlar kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish orqali bu salohiyat haqiqiy inson kapitali va ishlab chiqaruvchi kuchga aylanadi. IT-park tarkibida ta’lim va akseleratsiya bo‘g‘inlarining ko‘zda tutilgani aynan shu vazifaga xizmat qiladi.
Majmuaning yana bir iqtisodiy ustunligi — ekotizim samarasi bilan bog‘liq. O‘nlab kompaniyalar, startap-studiyalar va akseleratorlarning bir hududda joylashishi tasodifiy emas. Iqtisodiyotda bunday holat “klaster” yoki “aglomeratsiya samarasi” deb ataladi. Ya’ni bir-biriga yaqin joylashgan korxonalar o‘rtasida bilim, tajriba va kadrlar almashinuvi tezlashadi, xarajatlar kamayadi, yangi g‘oyalar va innovatsion yechimlar tezroq shakllanadi. Bino ichida ta’lim markazi, ofislar, kovorking maydonlari va xorijiy kompaniyalar uchun xizmat tizimining birlashtirilgani yosh mutaxassisga o‘qishdan boshlab birinchi eksport shartnomasigacha bo‘lgan yo‘lni bitta ekotizim ichida bosib o‘tish imkonini beradi.
IT-park Namangan iqtisodiyotida kechayotgan kengroq tarkibiy o‘zgarishlarning muhim qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Joriy yil boshidan buyon viloyatga 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kiritildi. Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiya hamkorlari bilan amalga oshirilgan 1 milliard 800 million dollarlik 20 ta yangi quvvat ishga tushirilib, farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va kimyo tarmoqlarida 6,5 mingta ish o‘rni yaratilmoqda. Bundan tashqari, sanoat, turizm, savdo va uy-joy qurilishiga yo‘naltirilgan 4 milliard dollarlik 28 ta loyiha ham amalga oshirilmoqda. IT-park ushbu an’anaviy tarmoqlar bilan o‘zaro bog‘liq holda multiplikator samarasini kuchaytiradi: raqamli xizmatlar sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarining samaradorligini oshiradi, bu tarmoqlar esa o‘z navbatida IT-mahsulotlar va raqamli yechimlarga yangi talabni shakllantiradi.
Ekspertlar O‘zbekistonning sun’iy intellekt bo‘yicha salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Biroq salohiyatning o‘zi hali tayyor iqtisodiy natija emas. Uni aniq loyiha, yangi ish o‘rni, eksport shartnomasi va yuqori qo‘shilgan qiymatga aylantirish uchun bir qator shartlarni izchil ta’minlash zarur. Avvalo, malakali kadrlar tayyorlash ko‘lamini bozor talabi darajasida ushlab turish, real eksport shartnomalarini ko‘paytirish hamda ekotizimning ta’lim, biznes, startap va xalqaro hamkorlik bo‘g‘inlari o‘rtasida uzviylikni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Ana shu yo‘nalishlarga izchil e’tibor qaratilganda, raqamli salohiyat real iqtisodiy natijaga aylanishi mumkin.
Shu ma’noda, Yangi Namangan IT-parki qurilishiga qo‘yilgan tamal toshi nafaqat yangi bino poydevorini, balki viloyat iqtisodiyotining kelgusi yo‘nalishini ham belgilab bermoqda. Uning haqiqiy samarasi majmua qad rostlagach, u yerda yaratiladigan bilim, raqamli xizmatlar, startaplar va eksport mahsulotlari mamlakat iqtisodiyotiga qancha qo‘shilgan qiymat olib kirishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu esa yoshlarning bilimi, tashabbusi va innovatsion salohiyatiga qaratilayotgan e’tiborning mantiqiy davomidir.
Abdulxalilova Sabohat Naimovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi dotsenti