"YAGONA VATAN, YAGONA XALQ BOʻLIB, YANGI HAYOT VA KELAJAK YARATAMIZ!"

Iyun 30, 2026 - 21:02
 0  0
"YAGONA VATAN, YAGONA XALQ BOʻLIB, YANGI HAYOT VA KELAJAK YARATAMIZ!"


(Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan)

Har bir xalq taraqqiyoti tarixida shunday sanalar boʻladiki, ular nafaqat bayram sifatida nishonlanadi, balki bosib oʻtilgan yoʻlni xolis baholash, erishilgan natijalarni aniq raqamlar va ishonchli dalillar asosida sarhisob qilish imkonini ham beradi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi — 2026-yil 1-sentabrda nishonlanadigan ushbu qutlugʻ sana ham ana shunday tarixiy bosqichdir. Zero, mustaqillik har bir millat uchun eng oliy qadriyat hisoblanadi. Uning haqiqiy mohiyati esa tantanali taʼriflar bilan emas, balki xalq farovonligi, iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat hayotida yuz bergan amaliy oʻzgarishlar bilan namoyon boʻladi.

Shu maʼnoda, Prezidentning 2026-yil 2-apreldagi qarori bilan mustaqillikning 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya ostida nishonlanishi bejiz emas. Ushbu shior zamirida ikki muhim tamoyil mujassam: birinchisi — xalqning birdamligi va hamjihatligi, ikkinchisi esa kelajakni shunchaki kutish emas, balki uni bunyodkor mehnat va izchil islohotlar orqali birgalikda yaratish gʻoyasidir. Zamonaviy iqtisodiy taraqqiyot nazariyalarida ham aynan ijtimoiy jipslik va bunyodkorlik har qanday davlatning barqaror rivojlanish omillari sifatida eʼtirof etiladi.

Mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi islohotlar davrida qoʻlga kiritilgan natijalar mamlakat iqtisodiy rivojlanish surʼatlarida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 1 kvadrillion 849,7 trillion soʻmni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 7,7 foizga oʻsdi. Bu soʻnggi besh yil ichidagi eng yuqori iqtisodiy oʻsish surʼati boʻldi. Dollar hisobida mamlakat iqtisodiyoti hajmi 147 milliard dollardan oshdi, holbuki 2024-yilda bu koʻrsatkich qariyb 115 milliard dollarni tashkil etgan edi. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulot 48,4 million soʻm yoki qariyb 3 850 dollarga yetdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ham sezilarli darajada faollashdi. 2025-yilda tashqi savdo aylanmasi 81 milliard dollardan oshdi, eksport hajmi esa 24 foizga koʻpaydi. Bunday natijalar milliy iqtisodiyotning xalqaro bozorlarga integratsiyasi chuqurlashib borayotganini hamda eksport salohiyati izchil ortayotganini tasdiqlaydi.

Demografik rivojlanish ham mustaqillik yillaridagi eng muhim yutuqlardan biridir. 2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekiston aholisi 38,2 million nafardan oshdi. Bu mustaqillikning dastlabki yillariga nisbatan qariyb ikki baravar koʻp demografik salohiyat shakllanganini anglatadi. Aholi sonining oʻsishi bilan bir qatorda taʼlim, sogʻliqni saqlash, uy-joy qurilishi, infratuzilma va yangi ish oʻrinlari yaratish borasidagi islohotlarning koʻlami ham izchil kengayib bormoqda.

Bugungi erishilgan natijalarning asl mohiyatini toʻliq anglash uchun ularni 2016-yilgacha boʻlgan davr bilan qiyoslash muhimdir. Oʻsha davrda mamlakat iqtisodiyoti asosan davlat nazorati kuchli boʻlgan, nisbatan yopiq iqtisodiy model asosida rivojlanardi. Import oʻrnini bosish siyosati, maʼmuriy cheklovlarning koʻpligi hamda valyuta konvertatsiyasining erkin emasligi tadbirkorlik faolligi va investitsion muhitni sezilarli darajada cheklab turardi. Ayniqsa, milliy valyuta — soʻmning rasmiy va norasmiy bozorlarda turli kurslarda muomalada boʻlishi iqtisodiyotda nomutanosibliklarni yuzaga keltirib, korrupsiya va xufyona iqtisodiyot rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratgan edi.

2016-yil oxiridan boshlangan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar mazkur tizimni tubdan oʻzgartirdi. Xususan, 2017-yil sentabr oyida valyuta bozorining erkinlashtirilishi iqtisodiy modernizatsiyaning eng muhim bosqichlaridan biri boʻldi. Natijada AQSH dollarining rasmiy kursi qariyb 4 210 soʻmdan 8 100 soʻm atrofidagi bozor darajasiga moslashtirilib, suzuvchi almashuv kursi tizimi joriy etildi. Shu tariqa uzoq yillar davomida saqlanib kelgan rasmiy va norasmiy valyuta kurslari oʻrtasidagi tafovut bartaraf etildi, valyuta operatsiyalari erkinlashtirildi hamda tadbirkorlik subyektlari va aholi uchun teng bozor sharoitlari yaratildi. Mazkur islohot investitsion muhitni yaxshilash, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va bozor mexanizmlarining samarali ishlashini taʼminlashda muhim omil boʻldi.

Bunda bir jihatni alohida taʼkidlash lozim. Dollar hisobidagi iqtisodiy koʻrsatkichlarni 2017-yilgacha boʻlgan davr bilan bevosita taqqoslash metodologik jihatdan toʻliq toʻgʻri emas. Sababi, oʻsha yillarda milliy valyuta sunʼiy ravishda yuqori baholangan edi. Shu bois iqtisodiy taraqqiyotni baholashda eng ishonchli mezon real iqtisodiy oʻsish surʼatlaridir. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 2017–2025-yillarda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti real hisobda yiliga oʻrtacha 6 foizdan oʻsib bordi. Shu davrda mamlakat aholisi 32 million nafardan 38,2 million nafarga yetdi, rasman oʻlchanadigan kambagʻallik darajasi esa 5,8 foizgacha qisqardi. Bu natijalar yopiq iqtisodiy modeldan ochiq, raqobatbardosh va bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiyotga oʻtishning amaliy samarasini yaqqol namoyon etadi.

Ikki davr oʻrtasidagi tafovut boshqa yoʻnalishlarda ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Agar avval tashqi savdoda import oʻrnini bosish siyosati va maʼmuriy cheklovlar ustun boʻlgan boʻlsa, keyingi yillarda savdo munosabatlari liberallashtirilib, eksportni qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifaga aylandi. Natijada 2025-yilda tashqi savdo aylanmasi 81 milliard dollardan oshdi. Xususiy sektor rivoji ham yangi bosqichga koʻtarildi. Ilgari iqtisodiy faollik asosan davlat sektori bilan chegaralangan boʻlsa, bugungi kunda mamlakatda 474,9 mingta korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 403,8 mingtasi kichik biznes va mikrofirmalar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu esa tadbirkorlik muhiti sezilarli darajada yaxshilanganini va xususiy sektor iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanib borayotganini tasdiqlaydi.

Iqtisodiyotning umumiy salohiyati ham sezilarli darajada oshdi. Xususan, yalpi ichki mahsulotning dollar hisobidagi hajmi 2021-yilga nisbatan 81 foizga koʻpaydi. Mazkur koʻrsatkichlar mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish siyosati oʻzining amaliy samarasini berayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Mazkur natijalar tasodifiy emas, balki izchil va tizimli islohotlar samarasidir. 2017-yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi (2017–2021) mamlakat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab, keng koʻlamli islohotlar uchun mustahkam huquqiy va institutsional asos yaratdi. Xuddi shu yili valyuta bozorining erkinlashtirilishi iqtisodiyotni bozor tamoyillari asosida rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

2018–2019-yillarda qator davlatlar fuqarolari uchun viza tartibi soddalashtirildi, natijada turizm sohasi jadal rivojlana boshladi. 2019–2020-yillarda yangi Soliq kodeksi qabul qilinib, soliq tizimi soddalashtirildi va biznes yuritish uchun yanada qulay sharoit yaratildi. 2019-yilda Oʻzbekiston tarixda ilk bor xalqaro obligatsiyalarni joylashtirib, jahon kapital bozorlariga muvaffaqiyatli chiqdi. 2020-yildan boshlab kambagʻallik muammosi rasman tan olinib, uni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. 2023-yilda yangilangan Konstitutsiyada ijtimoiy davlat tamoyillari mustahkamlandi, shuningdek, mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish yoʻnalishlarini belgilovchi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Ushbu bosqichma-bosqich amalga oshirilgan islohotlar bugungi iqtisodiy va ijtimoiy yutuqlarning mustahkam poydevorini yaratdi.

Shu bilan birga, har qanday chuqur iqtisodiy islohot singari, ushbu oʻzgarishlar ham muayyan sinovlar bilan kechdi. Valyuta kursining erkinlashtirilishi dastlab inflyatsiya bosimini kuchaytirdi, tashqi qarz hajmi esa sezilarli oshdi. Iqtisodiy oʻsish natijalari hududlar va aholi qatlamlari oʻrtasida hamon bir xil taqsimlanayotgani yoʻq. Bu esa ochiq bozor iqtisodiyotiga oʻtish bir martalik tadbir emas, balki izchil davom etadigan, puxta boshqaruv va samarali ijtimoiy siyosatni talab qiladigan uzluksiz jarayon ekanini koʻrsatadi.

Iqtisodiy taraqqiyotning eng muhim mezoni esa uning inson hayotidagi amaliy aksidir. Bu borada kambagʻallikni qisqartirish siyosati alohida eʼtiborga loyiq. Agar 2020-yilda mamlakatda 7,5 million kishi, yaʼni aholining 23 foizi kambagʻallik chegarasidan past daromad bilan yashagan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich 2023-yilda 11 foizga, 2024-yilda 8,9 foizga, 2025-yil yakunida esa 5,8 foizga qadar kamaydi. Faqat 2025-yilning oʻzida qariyb 1,5 million fuqaro kambagʻallikdan chiqarildi, ishsizlik darajasi esa 5,5 foizdan 4,9 foizgacha pasaydi. Jahon banki Oʻzbekistonning kambagʻallikni qisqartirish borasidagi tajribasini xalqaro miqyosda eʼtirof etib, uni boshqa davlatlar uchun samarali amaliyot sifatida baholadi. Bu natijalar izchil islohotlar, faol ijtimoiy siyosat va jamiyat birdamligining amaliy samarasidir.

Barqaror taraqqiyotning eng muhim omillaridan biri inson kapitaliga yoʻnaltirilayotgan sarmoyadir. Soʻnggi yillarda aynan taʼlim tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Natijada maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 24 foizdan 70 foizdan ortiq koʻrsatkichga yetdi. Oliy taʼlim qamrovi esa 2016-yildagi 9 foizdan 2024-yilda 43 foizgacha oshdi. Uni 2030-yilga qadar 50 foizga yetkazish maqsad qilib qoʻyilgan.

Bejizga Prezidentimiz: “Yoshlar taʼlimiga kiritilgan har bir sarmoya — mamlakat kelajagiga kiritilgan eng ishonchli sarmoyadir”, deya taʼkidlamaydi. Aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadigan Oʻzbekiston uchun bu strategik ahamiyatga ega. Chunki bugungi maktab oʻquvchisi va talaba ertangi olim, muhandis, shifokor, pedagog, tadbirkor hamda mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan yetuk mutaxassisdir. Shunday ekan, inson kapitaliga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar nafaqat bugungi rivojlanishning, balki Yangi Oʻzbekistonning uzoq muddatli raqobatbardoshligi va farovonligining eng muhim kafolati hisoblanadi.

“Yagona Vatan” tushunchasi ham bugungi taraqqiyot mezonlari nuqtai nazaridan kengroq mazmunga ega. U faqat mamlakatning hududiy yaxlitligini emas, balki jamiyatdagi ijtimoiy birdamlikni, turli millat va elat vakillarining oʻzaro ishonchi, hamkorligi hamda umumiy maqsad yoʻlida jipsligini anglatadi. Zamonaviy iqtisodiyot fanida bunday omil ijtimoiy kapital deb yuritiladi. Ijtimoiy kapital jamiyatning koʻzga koʻrinmaydigan, biroq iqtisodiy oʻsish, investitsiyalarni jalb etish, fuqarolik faolligi va barqaror taraqqiyotga bevosita taʼsir koʻrsatadigan eng muhim resurslaridan biridir. Tarixiy tajriba ham shuni tasdiqlaydiki, birdam xalq eng murakkab sinovlarni yenga oladi, oʻzaro ishonch susaygan jamiyat esa mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalana olmaydi.

Yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar ana shu taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblanadi. Zamonaviy taʼlim tizimining rivojlantirilishi, xorijiy tillarni oʻrganish, xalqaro tanlov va grantlarda ishtirok etish, innovatsion loyihalar hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash raqobatbardosh va vatanparvar avlodni voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda. Biroq imkoniyatning oʻzi muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Uni natijaga aylantiradigan asosiy omillar — bilim olishga intilish, tinimsiz mehnat, izlanish va shaxsiy masʼuliyatdir.

Bugungi kunda vatanparvarlik tushunchasi ham yangicha mazmun kasb etmoqda. U faqat balandparvoz shiorlar yoki tantanali nutqlarda emas, avvalo, insonning kundalik halol mehnati, kasbiy mahorati va jamiyat oldidagi masʼuliyatida namoyon boʻladi. Iqtisodiy nuqtai nazardan qaralganda, har bir fuqaroning oʻz vazifasini samarali va vijdonan bajarishi mamlakat umumiy mahsuldorligini oshiradi, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini kuchaytiradi. Shu maʼnoda olimning yangi ilmiy kashfiyoti, muhandisning zamonaviy texnologiya yaratishi, shifokorning inson salomatligini asrashi, pedagogning bilimli avlodni tarbiyalashi yoki tadbirkorning yangi ish oʻrinlarini yaratishi — barchasi Vatanga xizmatning amaliy ifodasidir.

Vatanparvarlikning maʼnaviy poydevori esa milliy qadriyatlarga sadoqat va tarixiy xotirani asrash bilan chambarchas bogʻliq. Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz ilm-fan, adolat, bunyodkorlik va davlat boshqaruvi sohalarida jahon tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan. Ular qoldirgan boy meros bugungi avlod uchun nafaqat faxr manbai, balki kelajak sari dadil odimlashga undovchi maʼnaviy kuch va ilhom manbaidir. Oʻz tarixini chuqur bilgan, milliy qadriyatlarini eʼzozlagan xalqgina kelajagini mustahkam poydevor ustiga qura oladi.

Globallashuv va axborot texnologiyalari mislsiz surʼatlarda rivojlanayotgan bugungi davrda yoshlarning mustaqil fikrlashi, media-savodxonligi va tanqidiy tafakkurini rivojlantirish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Endilikda Vatan manfaatlari faqat davlat chegaralarida emas, balki axborot makonida ham himoya qilinadi. Turli yolgʻon axborotlar, manipulyativ targʻibot va yot gʻoyalarga qarshi eng kuchli qalqon — bu puxta bilim, tahliliy fikrlash, media madaniyati va sogʻlom dunyoqarashdir. Shu bois taʼlim va maʼnaviyat bugungi kunda mamlakat xavfsizligi hamda barqaror taraqqiyotining eng muhim omillaridan biriga aylanmoqda.

Bu jarayonda oila, mahalla va taʼlim muassasalarining oʻrni beqiyosdir. Komil inson, avvalo, oilada singdirilgan ezgu qadriyatlar, ustozlar bergan bilim va tarbiya hamda mahalladagi sogʻlom ijtimoiy muhit taʼsirida voyaga yetadi. Vatanga muhabbat ham eng avvalo ota-onaga hurmat, ona tiliga ehtirom va tugʻilib oʻsgan yurtga mehrdan boshlanadi. Shu bois jamiyatning eng kichik boʻgʻinlarida qaror topgan sogʻlom maʼnaviy muhit mamlakat taraqqiyotining eng mustahkam poydevori hisoblanadi.

Ayni paytda qoʻlga kiritilgan yutuqlar xotirjamlik uchun emas, balki yanada yuksak marralarni koʻzlash uchun mustahkam zamin yaratadi. Oldinda kambagʻallikni yanada qisqartirish, daromadlar tengsizligini kamaytirish, yuqori unumdor va barqaror ish oʻrinlarini yaratish, iqtisodiy oʻsish samarasini har bir oila farovonligida yaqqol namoyon etish kabi muhim vazifalar turibdi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi aynan shu maqsadlarga erishishning uzoq muddatli yoʻnalishlarini belgilab bergan. Ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish esa nafaqat davlat siyosatiga, balki har bir fuqaroning oʻz kasbini puxta egallashi, halol mehnat qilishi, tashabbuskor boʻlishi va jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashashiga ham bevosita bogʻliq.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bosib oʻtilgan yoʻlni sarhisob qilish, erishilgan yutuqlarni xolis baholash va kelajak istiqbollarini aniq belgilab olish uchun muhim tarixiy sanadir. Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar iqtisodiy oʻsish surʼatlarini jadallashtirdi, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirdi, inson kapitaliga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalarni kengaytirdi va mamlakatning xalqaro nufuzini oshirdi. Bularning barchasi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini shakllantirmoqda.

“Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya bugungi kunning eng muhim daʼvatidir. U har bir fuqaroni yurt ravnaqi yoʻlida birlashishga, bilim, tashabbus va halol mehnati bilan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga undaydi. Zero, Vatan taqdiri har birimizning shaxsiy masʼuliyatimiz va kelajagimiz bilan chambarchas bogʻliq. Erishilgan natijalarni asrab-avaylash, ularni yanada mustahkamlash hamda yangi marralar sari dadil odimlash bugungi avlod zimmasidagi eng sharafli va masʼuliyatli vazifadir.



Botirova Sarvinoz Boburjon qizi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Makroiqtisodiy siyosat va prognozlashtirish kafedrasi assistenti