YASHIL ENERGIYA MADANIYATI, QUYOSH ENERGIYASIDAN FOYDALANISHDA AHOLINING MAS’ULIYATI VA MA’NAVIY YONDASHUV

Bugungi kunda barqaror rivojlanish, ekologik xavfsizlik va yashil iqtisodiyot masalalari global miqyosda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, yashil energiya manbalari, xususan quyosh energiyasidan foydalanish, energetika sohasida ekologik muvozanatni saqlash, resurslardan oqilona foydalanish va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishning muhim vositasi sifatida qaralmoqda. Bu jarayonda faqat texnologik yondashuv emas, aholining ma’naviy ongini oshirish, ekologik mas’uliyatini shakllantirish ham muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2023-yil 28-sentabrdagi PF-166‑sonli farmonida “Energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar kelishini ko‘paytirish, narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil etish maqsad” etib belgilangan.
Yashil energiya madaniyati — bu insonning atrof-muhitga nisbatan ongli, mas’uliyatli, resurslarni asrashga yo‘naltirilgan turmush tarzini anglatadi. Bu madaniyat quyidagi tarkibiy qismlardan iborat:
ü Energiya manbalarining halollik bilan ishlatilishi
ü Tabiatga zarar keltirmaydigan odatlarning shakllanishi
ü Qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishga intilish
ü Isrofga qarshi ongli kurash
Tuganmas energiya manbai: Quyosh energiyasidan foydalanishga oid baʼzi maʼlumotlarga toʻxtalamiz. U juda katta energiya manbaiga ega boʻlib, nuri Yerga 8 daqiqada yetib keladi. Quyosh nurlanish energiyasining Yer sirtidagi zichligi 150 dan 250 kilovatt/m2 yoki yiliga 1300-2200 kilovatt soat/m2 ni tashkil qiladi. Quyosh energiyasi taʼsirida insoniyat, oʻsimlik va hayvonot dunyosi uchun qulay iqlim yaratiladi. Bundan tashqari, sayyoramizdagi barcha turdagi energiya resurslari quyosh energiyasining hosilasi hisoblanadi va insoniyat uchun xizmat qiladi.
Soʻnggi yillarda fanda erishilgan yutuqlar, olimlar va konstruktorlar tomonidan yaratilgan koʻplab yangiliklar natijasida quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha zamonaviy texnologiya va qurilmalar hayotga faol tatbiq etila boshladi. Dunyoda keyingi yillarda quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha Germaniya, Ispaniya, Yaponiya yetakchilik qilmoqda.
Maʼlumki, Kipr davlatida aholi jon boshiga 0,8 kvadrat metr, Avstriyada 0,6 kvadrat metr, Isroilda esa 0,57 kvadrat metr quyosh paneli toʻgʻri keladi. Yurtimizda bir yilda quyoshli kunlar 300-320 kunni tashkil etadi, yaʼni oʻrtacha 3000-3200 soatgacha quyosh energiyasidan foydalanish imkoniyati mavjud.
Islohot va imkoniyat: Mamlakatimizda mavjud qayta tiklanadigan energiya manbalari salohiyatini hisobga olgan holda, “yashil iqtisodiyot” mexanizmlarini joriy etish orqali hududlarda tabiiy yoqilgʻi-energiya resurslaridan oqilona foydalanish jarayoni va ekologik vaziyat nazorat qilinmoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yuksalish pillapoyasi: Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida ham yaqin istiqbolda milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash bilan bir qatorda “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foiz oshirish va havoga chiqariladigan zararli gaz miqdorini 20 foiz kamaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangan.
Shu maqsadda yirik quvvatli quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda va gidroenergetikani yanada rivojlantirish davom etmoqda. Bu boradagi islohotlar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining energiya sigʻimini, ishlab chiqarish tannarxini yanada kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish kabi muhim vazifalarni hal etishga qaratilgan.
Taʼlim taraqqiyotga yetaklaydi: Energetikaga doir islohotlarning ahamiyatini inobatga oladigan boʻlsak, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash qanchalik dolzarb ekanini vaqtning oʻzi koʻrsatmoqda. Energetika sohasida, xususan, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash vazifasi oliy taʼlim muassasalari zimmasida.
Quyosh energiyasidan foydalanish – bu nafaqat texnologik yangilik, balki ma’naviy ongni oshirish vositasi hamdir. Aholida yashil energiya madaniyatini shakllantirish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim:
1. Mahallalarda ekologik va ma’naviy targ‘ibot kunlari tashkil etish
2. Maktab va OTMlarda “Yashil energiya” mavzusidagi dars va tanlovlarni joriy qilish
3. Imom-xatiblar, domlalar ishtirokida ekologik ma’naviyatni targ‘ib qiluvchi va’zlar
4. OAV orqali oddiy odamlar tajribasi va natijalarini keng yoritish
Sattorova Nasiba G‘anijon qizi