SUN’IY INTELLEKT — RAHBAR KADRLARNI SARALASHNING YANGI MEZONI

Iyul 28, 2026 - 15:49
 0  2
SUN’IY INTELLEKT — RAHBAR KADRLARNI SARALASHNING YANGI MEZONI

Joriy yil 15-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda intellektual salohiyat va yuqori texnologiyalarga tayangan holda yangi rivojlanish bosqichini bosib o‘tmoqda. Mamlakatimizga har yili 50 milliard dollardan ziyod investitsiya kirib kelmoqda, eksport hajmi 40 milliard dollarga yaqinlashmoqda, zamonaviy korxonalar ishga tushirilmoqda. Bunday tezkor rivojlanish jarayonlari davlat boshqaruvi tizimidan zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor va strategik qaror qabul qila oladigan rahbar kadrlarni talab etadi. Taqdimotda professional davlat xizmati va raqobatbardosh iqtisodiyot uchun zarur kadrlarni oldindan tayyorlashning strategik ahamiyati alohida ta’kidlandi: tayyor kadrlar zaxirasining mavjudligi boshqaruv tizimi barqarorligini ta’minlab, ish samaradorligi va qarorlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda davlat boshqaruvida kadrlarni tanlash va baholash tizimi izchil raqamlashtirilib kelinmoqda. Jumladan, ilk bor 87,7 ming nafar davlat xizmatchisining yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirildi, davlat xizmatiga qabul qilish esa ochiq tanlov asosida, nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini inson omilisiz baholash orqali amalga oshirilmoqda. Bu — boshqaruv tizimida shaffoflik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Endilikda rahbar kadrlarni saralashda an’anaviy “obyektivka” yondashuvi bilan bir qatorda, nomzodning real salohiyati, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, tashabbuskorligi, liderlik qobiliyati va strategik fikrlashi kabi mezonlarni ham baholash tavsiya etilmoqda. Shu maqsadda yaxlit portfolio tizimini joriy etish taklif etildi, bu esa kadr tanlashda xolislikni yanada kuchaytiradi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarining ushbu jarayonga jalb etilishi davlat boshqaruvida sifat jihatidan yangi bosqichni anglatadi. Tarmoqlar va hududlarning “drayver” sohalari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilingan bo‘lib, natijada 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan. Xususan, energetika va “yashil” texnologiyalar, qurilish va urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida malakali rahbarlarga bo‘lgan talab yuqori baholanmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik mezon bo‘yicha baholanadi. Katta ma’lumotlar va biznes-tahlil vositalari orqali yuqori salohiyatli kadrlar aniqlanib, ular uchun sun’iy intellekt yordamida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi. Ushbu mexanizmni dastlab qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va qurilish sohalarida sinovdan o‘tkazish taklif etilgan.

Rejaga ko‘ra, har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchi saralab olinadi. Shu tariqa 2030 yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasi shakllantiriladi. Bu zaxira davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududiy rivojlanish jarayonlari uchun muhim intellektual tayanch bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Rahbarlik lavozimlari uchun zaxirani shaffof shakllantirish maqsadida “TOP-100” ochiq tanlovini o‘tkazish mexanizmi ham taklif etildi. Tanlov agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi; g‘oliblar esa maxsus o‘quv kurslarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi va ularning kasbiy o‘sishi bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ko‘riladi.

Tashabbusning muhim jihatlaridan biri — xorijda tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanishdir. Shu maqsadda 2026-yil 1-oktabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” moduli ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu modul orqali chet elda bilim olayotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularning amaliyot o‘tashi, ish beruvchilar bilan muloqoti hamda kelgusida mamlakat taraqqiyotiga jalb etilishi ta’minlanadi.

Taqdimotda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili jamg‘arma faoliyati qayta tashkil etilishi natijasida dunyoning eng nufuzli 100 ta oliygohi talabasi bo‘lgan stipendiatlar ulushi 30 foizdan 80 foizga yetkazilgan, so‘nggi yilda yangi tartib asosida o‘tkazilgan uchta tanlovda esa 447 nafar iqtidorli yosh stipendiya sohibi bo‘lgan.

Xulosa qilib aytganda, rahbar kadrlarni sun’iy intellekt asosida saralash tizimi O‘zbekiston davlat boshqaruvi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu tizim tanish-bilishchilik va subyektiv baho o‘rniga bilim, salohiyat, natija hamda liderlik qobiliyatini asosiy mezonga aylantiradi. Eng muhimi, yangi avlod rahbarlari oldindan aniqlanadi, maqsadli tayyorlanadi va mamlakat taraqqiyoti uchun zarur sohalarga yo‘naltiriladi.

Salimov Sherzod Baxtiyorovich,
TDIU, “Soliq va soliqqa tortish” kafedrasi
dotsenti (Phd)