BANK XIZMATLARINI TAKOMILLASHTIRISHDA KREATIV FIKRLASH VA AHOLI MA’NAVIYATINING O‘RNI

Bugungi globallashuv va raqamli transformatsiya sharoitida moliyaviy xizmatlar sohasi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, bank tizimi — iqtisodiyotning yuragi sifatida — yangi texnologiyalar, mijozlar ehtiyojlarining o‘zgarishi va xalqaro raqobat ta’sirida qayta shakllanmoqda. Rivojlangan davlatlar tajribasida bank xizmatlarini takomillashtirish faqat texnologik vositalarni joriy etish emas, balki inson omiliga, kreativ fikrlashga va ijtimoiy qadriyatlarga asoslangan xizmatlar tizimini barpo etish orqali amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020–2023 yillardagi bank tizimi islohoti bo‘yicha qator farmon va qarorlarida (jumladan, PQ-183-sonli qaror, 2023-yil 2-iyun) bank xizmatlarini modernizatsiya qilish, tijorat banklarini transformatsiyalash va raqamli bank tizimini shakllantirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Ushbu jarayonda kreativ fikrlash muhim rol o‘ynaydi — u bank mahsulotlarining sifatini oshirish, xizmat ko‘rsatish tezligi va qulayligini yaxshilash, raqobatbardoshlikni ta’minlash imkonini beradi.
Kreativ fikrlash – bu mavjud muammolarni an’anaviy yondashuvlardan chetga chiqib, yangi, samarali, innovatsion yechimlar bilan hal qilish qobiliyati.
Guilford (1950) kreativ fikrlashni divergent (tarmoqlanuvchi) tafakkur deb atagan, bu orqali inson har xil, noodatiy va yangi g‘oyalarni ilgari suradi.
Shu bilan birga, aholining bank tizimiga bo‘lgan munosabati, moliyaviy xatti-harakati va ishonchi bevosita ma’naviy ong darajasi, moliyaviy savodxonlik, milliy qadriyatlar, axloqiy me’yorlar bilan chambarchas bog‘liq. Ma’naviy qadriyatlarning bank xizmatlariga ta’siri, jumladan, aholining halollik, ishonch, mas’uliyat, qarzdorlikni o‘z vaqtida yopish kabi omillardagi xulq-atvorida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, islomiy moliya tamoyillariga (ribo taqiqlari, xayriya xizmatlari, halollik va shaffoflik) asoslangan xizmatlarga qiziqish ortib borayotgani bu jarayonni yanada dolzarb qiladi.
Shu jihatdan olib qaralganda, bank xizmatlarini takomillashtirish faqat texnik va iqtisodiy omillar asosida emas, balki kreativ fikrlash asosida ijtimoiy-axloqiy yondashuvlarni shakllantirish orqali ham amalga oshirilishi lozim. Innovatsion xizmatlarni ishlab chiqishda aholining ehtiyojlari, milliy qadriyatlar, diniy va madaniy holatlari inobatga olinishi xizmatlarning barqarorligi va ommalashuviga zamin yaratadi.
Keativ bank boshqaruvi, mijozga yo‘naltirilgan xizmatlar va ma’naviyat asosidagi ishonch tizimi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib beradi. Ushbu izlanish O‘zbekiston bank tizimidagi amaliyot va islohotlarga ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston bank tizimini modernizatsiya qilish jarayonida kreativ fikrlash va aholi ma’naviyatining o‘zaro uyg‘unligi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, kreativ fikrlash bank xizmatlarini takomillashtirishda faqat innovatsion mahsulotlar ishlab chiqish bilan emas, balki mijozlar bilan interaktiv va ijtimoiy mas’uliyatli aloqalar o‘rnatish bilan ham bog‘liq. Bu esa xizmatlar sifati, ishonchlilik, sodiqlik va raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.
Bank tizimi — bu oddiy moliyaviy muassasa emas, balki keng ijtimoiy institut bo‘lib, u aholining axloqiy qarashlari, iqtisodiy madaniyati va ma’naviy ongiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois bank xizmatlarini samarali tashkil etishda faqat texnik va iqtisodiy omillar emas, balki ma’naviy qadriyatlar, milliy mentalitet, etnik-diniy tafakkur elementlarini ham hisobga olish muhim.
Kreativ yondashuv va ma’naviyat uyg‘unligi quyidagilarni ta’minlaydi:
Xizmatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi: maqsadli guruhlar (yoshlar, ayollar, tadbirkorlar) uchun moslashtirilgan xizmatlar.
Ishonchli mijozlar bazasi: halollik, shaffoflik, xizmat sifatining ma’naviy jihatlarga asoslanganligi orqali ishonch ortadi.
Moliyaviy savodxonlikning oshishi: ma’rifiy va diniy qadriyatlar asosida aholiga mo‘ljallangan trening va axborotlar orqali.
Barqaror bank-mijoz aloqalari: uzoq muddatli sodiqlikni ta’minlovchi xizmat va kommunikatsiya tizimlari.
Tojiyev Raxmatilla Raxmanovich
“Bank ishi” kafedrasi professori,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti