Yoshlar siyosatida bilim, kasb va texnologiya taraqqiyot tayanchi

Iyul 1, 2026 - 15:00
 0  10
Yoshlar siyosatida bilim, kasb va texnologiya taraqqiyot tayanchi

Joriy yil 30-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimizning faol va tashabbuskor yigit-qizlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda yoshlarning ta’lim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlar muhokama qilindi. Davlat rahbari yoshlarni bayram bilan tabriklab, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvning asosiy g‘oyasi shundan iborat bo‘ldiki, bugungi global raqobatda mamlakatlarning ustunligi faqat hudud, aholi soni yoki tabiiy resurslar bilan emas, balki bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, “bilim, kasb va texnologiya” yoshlar taraqqiyotining muhim tayanchi sifatida ko‘rsatildi. Bu yondashuv zamonaviy dunyoda “bilimlar iqtisodiyoti” tobora hal qiluvchi kuchga aylanayotganini anglatadi.

So‘nggi yillarda yoshlar bilan ishlash tizimida muayyan natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million nafar yoshning muammolari hal qilingani, yosh tadbirkorlar soni 287 mingdan oshgani, xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 3,5 million nafarga yetgani ma’lum qilindi. Bu raqamlar yoshlar siyosati endilikda faqat umumiy targ‘ibot emas, balki ta’lim, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni qamrab olgan amaliy tizimga aylanayotganini ko‘rsatadi.

Yoshlarning kasb-hunar egallashi uchun “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Mazkur tizim orqali har yili 500 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘qitish maqsad qilinmoqda. Shuningdek, yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun “kasb vaucheri” joriy etilishi, har yili 50 ming yoshning kasb o‘rganish xarajatlari foizsiz ssuda hisobidan qoplanishi, ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshga bepul vaucher berilishi nazarda tutilmoqda. Shu yilning o‘zida ushbu tizim uchun 120 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

Bandlik masalasida ham amaliy rag‘bat mexanizmlari taklif etildi. Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun yosh mutaxassisga nisbatan daromad va ijtimoiy soliq bir yil davomida 1 foiz etib belgilanadi. Bu chora bitiruvchilarni mehnat bozoriga tezroq jalb qilish, ish beruvchilarni esa yosh mutaxassislarni ishga olishga qiziqtirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yondashuv 200 mingga yaqin bitiruvchini ishga joylashtirish uchun muhim rag‘bat bo‘lishi mumkin.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha ham qator yangi mexanizmlar ilgari surildi. “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi doirasida mahalliy brendlar franshizasini oladigan yoshlarga 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi, ushbu dasturlar uchun jami 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Bundan tashqari, Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi yuqori daromad va yangi ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritishi ko‘zda tutilmoqda. Bu tizim kamida 300 ming yoshga o‘z biznesini boshlash uchun imkoniyat yaratishi aytildi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida ham yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, joriy yilda 20 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi, yoshlar ulardan bepul foydalanishi, “Mening birinchi kompyuterim” dasturi orqali ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshga noutbuk xaridi uchun yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Bu tashabbuslar yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Davlat boshqaruvida yoshlarning ishtirokini kengaytirish maqsadida “TOP-100” dasturi amalga oshirilishi, g‘oliblar rahbarlik lavozimlariga tavsiya etilishi hamda yoshlarni xalqaro tashkilotlarda stajirovkadan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Shuningdek, “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi orqali yoshlarning ta’lim, kasb, tadbirkorlik, ilm-fan va jamoatchilik faoliyatidagi natijalarini baholash nazarda tutilmoqda. Bu esa yoshlarni yagona maqsad atrofida birlashtirish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan.

Muloqotda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, migratsiya yoki jazoni o‘tab qaytgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, ijtimoiy tashabbuslarni amaliy loyihaga aylantirish uchun “Tashabbuslar ofisi” tashkil etilib, bu yo‘nalishga 50 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur uchrashuv yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan amaliy tashabbuslar bilan ahamiyatlidir. Unda ilgari surilgan g‘oyalar yoshlarning ta’lim olishi, kasb egallashi, ish topishi, tadbirkorlik boshlashi va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishiga xizmat qilishi mumkin. Eng muhimi, yoshlar davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, bilim, mehnat va tashabbus orqali mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi zarurligi ta’kidlandi.

Asatullayev Xurshid Sunatullayevich,
TDIU “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi mudiri,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor