YOSHLAR SIYOSATI — MAMLAKATIMIZ TARAQQIYOTINING USTUVOR YOʻNALISHI

Iyul 30, 2026 - 17:23
 0  13
YOSHLAR SIYOSATI — MAMLAKATIMIZ TARAQQIYOTINING USTUVOR YOʻNALISHI

Oʻzbekistonda yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida izchil rivojlanib bormoqda. 2017-yilda 30-iyun kuni Yoshlar kuni sifatida belgilanganidan buyon oʻtgan yetti yil mobaynida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Ushbu davr davlat rahbari tomonidan ham "katta sakrash davri" sifatida taʼriflangan boʻlib, ta'lim, bandlik, tadbirkorlik, sport va davlat boshqaruvi sohalarida qoʻlga kiritilgan natijalar bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Xalqaro eʼtirof masalasiga toʻxtalish oʻrinlidir. Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Yoshlar – 2030" strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi. Shuningdek, "Yoshlar taraqqiyoti indeksi"da mamlakatimiz yoshlar siyosati sohasida eng tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etilmoqda. Bunday koʻrsatkichlar soʻnggi yillarda taʼlim, bandlik va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy natijasi hisoblanadi.

Taʼlim sohasidagi yutuqlar alohida eʼtiborga molikdir. 2024-yilda yurtimiz yoshlari TOP-500 talik oliygohlarga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egalladi. Hozirgi kunda 30 nafar yoshimiz dunyoning top-10 talik, 500 nafari top-100 va 1500 nafari top-300 talik nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. "Elyurt umidi" jamgʻarmasi orqali soʻnggi yetti yil ichida AQSHning Garvard, Yel, Kolumbiya, Stenford kabi yetakchi universitetlari hamda Buyuk Britaniyaning Oksford, Kembrij, Birmingem kabi nufuzli oliygohlarini jami 32 tadan ortigʻini 50 nafar yoshimiz muvaffaqiyatli tamomladi, hozirda esa 200 dan ortiq yoshimiz mana shunday oliygohlarda taʼlim olmoqda. Bundan tashqari, 151 ming nafar yoshga taʼlim krediti ajratilgan, ehtiyojmand oilalardan boʻlgan 110 ming talabaning kontrakt toʻlovi uchun 332 milliard soʻm yoʻnaltirilgan. Prezident maktabi baholash tizimining 500 ta umumtaʼlim maktabida joriy etilishi ham bilim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yoshlar tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ham izchil davom etmoqda. 2025-yil fevral oyida boʻlib oʻtgan uchrashuvda davlatimiz rahbari yoshlar biznesini qoʻllab-quvvatlash uchun 400 million dollar mablagʻ ajratilishini eʼlon qildi. Bu mablagʻlar yoshlarning taʼlim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi va zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishi uchun moliyaviy poydevor yaratmoqda. Natijada, yosh tadbirkorlar tashkil qilgan 261 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 milliard soʻmdan oshdi, bu esa yoshlarning iqtisodiyotdagi rolini yanada mustahkamlamoqda.

Sport sohasidagi tarixiy yutuqlar ham yoshlar ruhiyatiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatdi. 2025-yil 5-iyun kuni Oʻzbekiston milliy futbol terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionatiga yoʻllanma qoʻlga kiritdi, 2026-yilda esa AQSH, Meksika va Kanadada boʻlib oʻtgan mundialda birinchi marta ishtirok etdi. Bu voqealar millionlab yoshlarda milliy gʻurur tuygʻusini kuchaytirib, sport orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mamlakatimiz shaharlarining xalqaro maqomga ega boʻlishi ham yoshlar siyosatidagi yutuqlar sirasiga kiradi. Buxoro shahri turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri esa Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi yoshlari poytaxti maqomini oldi. Ushbu maqomlar Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro yoshlar hamkorligidagi faol rolini mustahkamlab, yoshlar oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Davlat boshqaruvida yoshlarning ishtiroki kengayib borishi ham muhim tendensiya sifatida davom etmoqda. Soʻnggi yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz joriy etildi. Yosh liderlarni aniqlash va ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida "TOP-100" dasturi ishga tushirildi. Hozirgi kunda davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan 87 ming xodimning 16,5 ming nafari 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardan iborat boʻlib, shundan 902 nafari rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Bu koʻrsatkichlar kadrlar siyosatida yoshlarga ishonch bildirilayotganini va ularga masʼuliyatli lavozimlarda oʻzini namoyon etish imkoniyati yaratilayotganini tasdiqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, yoshlar siyosatining barcha yoʻnalishlari — taʼlim, sport, tadbirkorlik va davlat boshqaruvida soʻnggi yetti yil davomida izchil rivojlanish kuzatilmoqda. Xalqaro indekslardagi yuksalish va amaliy natijalarning uygʻunligi ushbu siyosatning toʻgʻri yoʻnalishda ekanini koʻrsatadi. Yoshlarimiz davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, bilim, mehnat va tashabbus orqali mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib bormoqda.

Xudoyqulov Xurshid Xurramovich,  
         TDIU "Moliya" kafedrasi iqtisodiyot fanlari doktori, professori