BAXTLI PEDAGOGLAR SIRLARI YOKI KASBDAGI SUB’EKTIV FAROVONLIK

Iyul 5, 2025 - 22:50
Iyul 6, 2025 - 06:08
 0  7
BAXTLI PEDAGOGLAR SIRLARI YOKI KASBDAGI SUB’EKTIV FAROVONLIK

Zamonaviy ta’lim tizimi pedagog shaxsiga bo‘lgan talabni nafaqat bilim beruvchi sifatida, balki yuqori darajadagi hissiy barqarorlik, kasbiy motivatsiya va hayotdan qoniqish darajasiga ega mutaxassis sifatida qaramoqda. Yaxshi pedagog faoliyati davomida o‘z ustida doimiy ishlash zaruratini his etadi. Bu ehtiyoj unga xalqaro tajribalardan o‘rganishga, kasbiy mahoratini takomillashtirishga intilishda kuchli motivatsion omil sifatida xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda pedagogik sohada “kasbiy farovonlik” tushunchasi dolzarb mavzuga aylanmoqda. Bu tushuncha ish faoliyatidan qoniqish, shaxsiy yutuqlarni his qilish, stressga bardoshlilik, hissiy muvozanat va kasbiy o‘zini anglash elementlarini o‘z ichiga oladi. Kasbiy farovonlik o‘qituvchining mehnat unumdorligiga va o‘quv jarayonining sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, pedagog o‘z ishidan qanchalik mamnun bo‘lsa, uning hissiy holati va farovonligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Subyektiv farovonlik ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga, shuningdek, o‘quvchilarning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Kasbiy farovonlik pasayishining belgilari

Pedagogik faoliyatda kasbiy “baxt” va “baxtsizlik” o‘rtasidagi chegarani sezish muhimdir. O‘qituvchilar o‘zlarida kasbiy farovonlikning pasayishini quyidagi belgilar orqali aniqlashlari mumkin:

  1. Hissiy charchoq – doimiy toliqish, motivatsiya yo‘qolishi;

  2. Depersonalizatsiya – o‘quvchilarga va atrofdagilarga sovuq munosabat;

  3. Shaxsiy qoniqishning pasayishi – o‘zini past baholash, yutuqlarga nisbatan befarqlik.

Farovonlikni ta'minlovchi asosiy omillar

Tadqiqotchilar pedagog kasbiy farovonligiga ta’sir etuvchi omillarni uch guruhga ajratadi:

  • Talabalar bilan munosabatlar – darsdagi tartib-intizom va o‘zaro hurmat;

  • Shaxsiy omillar – optimizm, motivatsiya, stressga qarshi tura olish qobiliyati;

  • Tashkiliy omillar – hamkasblar va rahbariyatdan ko‘mak, vaqtni boshqarish qobiliyati.

Quyida xorijiy amaliyot va ilmiy tadqiqotlar asosida ishlab chiqilgan kasbiy farovonlikni ta'minlash bo‘yicha muhim tavsiyalar keltiriladi.

1. Hissiy qobiliyatni rivojlantirish

Pedagoglar uchun hissiy barqarorlik kasbiy farovonlikning poydevoridir. Masalan, AQShda ishlab chiqilgan CARE (Cultivating Awareness and Resilience in Education) dasturi pedagoglarga ongli nafas olish, stressni boshqarish, va hissiy triggerlarni tan olish bo‘yicha ko‘nikmalarni o‘rgatadi. Bu nafaqat o‘qituvchining psixologik holatini yaxshilaydi, balki sinf muhitiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

2. Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat

Buyuk Britaniyada faoliyat yurituvchi “Education Support” xayriya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, haddan ortiq yuklama – kasbiy stressning asosiy manbai hisoblanadi. Ushbu muvozanatni saqlash uchun pedagoglar faoliyat chegaralarini aniq belgilashi, darsdan tashqari vaqtda ish bilan shug‘ullanmasligi, dam olish va shaxsiy mashg‘ulotlarga ham vaqt ajratishi lozim. Kundalik rejalashtiruvchilar (masalan, Notion yoki Evernote) bu borada katta yordam beradi.

3. Hamkasblar bilan ijobiy munosabatlarni rivojlantirish

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash – pedagog farovonligining asosiy manbaidir. Hamkasblar, rahbariyat va talabalar bilan yaxshi munosabatlar stress darajasini kamaytiradi, mehnatdan qoniqishni oshiradi. Rahbarlarning ijobiy kayfiyatda bo‘lishi, tashkilot madaniyatining sog‘lomligi bu jarayonning muhim qismlaridan biridir.

4. Talabalarda qadrlash madaniyatini shakllantirish

Talabalar o‘z ustozlarining mehnatini qadrlashi muhitda hurmat, ishonch va ijobiy energiyani kuchaytiradi. Ijobiy munosabatlar o‘qituvchining hissiy barqarorligini oshiradi, bu esa, o‘z navbatida, ta’lim sifati va samaradorligiga bevosita ta’sir qiladi.

5. Ijodkorlikni rivojlantirish

Ijodkorlik – bu faqat darsni bezash vositasi emas, balki pedagogning o‘z ishidan mamnunligini oshiruvchi kuchli omildir. Pedagoglar o‘z darslarida innovatsion metodlardan (masalan, ochiq savollar, muammoli vazifalar, jamoaviy loyiha) foydalanish orqali talabalar va o‘zlarining fikrlash doirasini kengaytiradilar.

6. Raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish

Texnologiyalar pedagogik faoliyatni yengillashtirish, dars tayyorlash, baholash va aloqa jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beradi. Masalan, yaklass.ru yoki uchi.ru kabi platformalar dars materiallarini tuzishda va nazorat ishlarini baholashda vaqt tejaydi. Shu bilan birga, pedagoglar ish va shaxsiy hayotini ajratib olishda ikki turdagi akkauntlar (shaxsiy va professional) yuritishni odat qilganlari maqsadga muvofiq.

Shuningdek, raqamli professional jamoalarda, masalan, “Samarali rahbarlar forumi” yoki “Raqamli ta’lim elchilari” tarmog‘ida ishtirok etish tajriba almashish, yangi bilimlar olish va kasbiy aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi.

Xulosa

Pedagog kasbiy farovonligi – bu ta’lim sifatining va jamiyatdagi barqaror rivojlanishning muhim omilidir. Ustozlar o‘zini anglash, hissiy jihatdan barqaror bo‘lish, sog‘lom ijtimoiy munosabatlar o‘rnatish, kasbiy qiziqishni saqlab qolish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali o‘z farovonligini oshirishlari mumkin. Har bir o‘qituvchi betakror shaxsdir, ammo ilmiy izlanishlar va xorijiy amaliyotlar bizga umumiy tavsiyalar asosida harakat qilish imkonini beradi.

Z.Dj. Adilova
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti