GLOBAL INTEGRATSIYALASHUV DOLZARBLIGI

1. Axborot
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Orol madaniyat sammitini yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan, 2025-yildan boshlab har 18 oyda — bahor yoki kuz fasllarida Orol madaniyat sammiti o‘tkazilishi belgilandi. Birinchi sammit 4–6 aprel kunlari Samarqand va Nukus shaharlarida iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarining oldini olish ruhida tashkil etiladi
Ta’kidlash joizki, Orolbo‘yi mintaqasida qulay tabiiy muhit yaratish, hududning betakror madaniyati va tarixiy merosini asrab-avaylash, uni keng ommalashtirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridandir. Ushbu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik va muloqotni kengaytirish maqsadida, muhim tashabbus — Orol madaniyat sammitini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zbekistonning boy ekologiyasi va madaniy merosini asrash global hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu xalqaro ahamiyatga ega sammit — Orol dengizi atrofidagi ekologik inqiroz tufayli halokatga uchragan ona tabiatni qayta jonlantirish, shu bilan birga, mintaqalar o‘rtasidagi madaniy taraqqiyotga hissa qo‘shishni ko‘zlaydi.
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyotning drayveri, deb atalgan turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Orol madaniyat sammiti — madaniy meros va ekologik barqarorlikning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlab, hududga turistlar oqimini sezilarli darajada oshiradi. Bu esa, o‘z navbatida, xizmat ko‘rsatish sohasi va turdosh tarmoqlarning o‘sishiga turtki berib, salmoqli raqamlarni qamrab oladigan qo‘shimcha qiymat yaratilishiga olib keladi.Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish fonida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar doirasida o‘tkazilayotgan sammit — Orol fojiasidan keyingi davrda iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy va turizm salohiyatini integratsiyalashtirish, mintaqaviy va xalqaro darajadagi muammolarni muhokama qilish, innovatsion yechimlar ishlab chiqish, madaniy va ilmiy almashinuvlarga zamin yaratish imkonini beradi.
Xususan, Orol muammosini hal etishda innovatsion yondashuvlarni ilgari surish, ilmiy tadqiqotlar yordamida barqaror yechim va strategiyalar ishlab chiqish, zamonaviy texnologiyalar hamda an’anaviy madaniyatni uyg‘unlashtirish kabi loyihalar muhokama qilinadi.
Sammitda mahalliy va xalqaro darajadagi ilmiy tadqiqotchilar, olimlar, ekspertlar, ekologlar, san’atkorlar, dizaynerlar, ijtimoiy soha vakillari hamda ilmiy jurnallar muharrirlari — o‘zaro muloqot olib boradilar. Ilmiy-amaliy hamkorliklar, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga turtki bo‘lishi bilan birga, sammitni muhim muloqot maydoniga aylantiradi.
Sammitdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Orolbo‘yi hududini global miqyosda ilmiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlik markaziga aylantirish, mintaqada yashayotgan aholining hayot sifati va farovonligini oshirish, ekologik hamda madaniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.
Sammit — O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ekologik, turizm va madaniy imijini institutsional mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Birinchi Orol sammitida ilk rasmiy faoliyatini boshlagan “Taraqqiyot va ta’lim.uz” media platformasi jurnalistlari faol ishtirok etadilar. Ilmiy-ijodiy jamoa — ekologiya, yashil iqtisodiyot, “Yashil makon” tashabbusi va Orolni qutqarish yo‘nalishidagi keng ko‘lamli islohotlar, ularning natijalari, xalqaro integratsiya jarayonlari haqida xorijlik ekspertlar bilan suhbatlar olib boradi va joyidan eksklyuziv reportajlar tayyorlaydi.
Sammitning asosiy maqsadi — Orolbo‘yi hududini global miqyosda ilmiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlik markaziga aylantirish, aholi turmush darajasi va farovonligini oshirish, ekologik va madaniy qadriyatlarga nisbatan hurmat tuyg‘usini mustahkamlashdan iborat.
Sherzod QURBONOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi, ekspert