O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTIDA MUVOZANATLI RIVOJLANISHNI TA’MINLASHDA INSTITUTSIONAL ISLOHOTLARNING O‘RNI

Iyun 30, 2025 - 00:31
 0  8
O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTIDA MUVOZANATLI RIVOJLANISHNI TA’MINLASHDA INSTITUTSIONAL ISLOHOTLARNING O‘RNI

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik, global inflyatsiya, geosiyosiy tahdidlar va iqlim o‘zgarishlari kabi tashqi omillarning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish, barqaror hamda muvozanatli rivojlanishni ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli institutsional islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar tizimi nafaqat iqtisodiy boshqaruv mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishni, balki samarali va shaffof institutlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni ham o‘z ichiga oladi.

Institutsional islohotlarning markazida davlat boshqaruvining yangilangan tamoyillarini joriy etish, bozor iqtisodiyoti qonuniyatlariga mos huquqiy va moliyaviy infratuzilmani yaratish, erkin raqobat muhitini shakllantirish, xususiy sektorni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy adolatni ta’minlash kabi fundamental yo‘nalishlar mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi hamda 2022–2026-yillar uchun Taraqqiyot strategiyasi mamlakatda institutsional islohotlar uchun mustahkam huquqiy va tashkiliy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, iqtisodiy boshqaruv sohasida davlatning roli yangicha mazmunda qayta ko‘rib chiqildi. Resurslardan oqilona foydalanish, fiskal barqarorlikni ta’minlash, byudjet siyosatini ijtimoiy yo‘naltirilgan qilish va davlat moliyasining ochiqligini oshirish asosiy yo‘nalishlarga aylandi. Mazkur strategik hujjatlar asosida Markaziy bank mustaqilligi oshirildi, inflyatsiyani nishonlash rejimi joriy etildi, valyuta bozori liberallashtirildi, soliq va boshqaruv tizimlari raqamlashtirilib, soddalashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi, Davlat moliyasini boshqarish konsepsiyasi va Ochiq byudjet portali kabi tashabbuslar iqtisodiy boshqaruvni institutsional jihatdan mustahkamladi. Xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, investorlar uchun kafolatlangan huquqiy muhitni shakllantirish, “yagona oyna” tamoyili asosida litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish institutsional islohotlarning muhim tarkibiy qismlaridan biri sifatida amalga oshirildi.

Tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, davlat organlari va biznes subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarni ishonch asosida shakllantirish mamlakatda iqtisodiy faollikni kuchaytirdi. Raqamli iqtisodiyot elementlari asosida yaratilgan “Soliq mobil ilovalari”, “E-ijara”, “E-auktsion” kabi platformalar ochiq va adolatli iqtisodiy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 78 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich islohotlarning amaliy natijadorligini yaqqol tasdiqlaydi. Institutsional o‘zgarishlar nafaqat iqtisodiy mexanizmlarni, balki ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlovchi tizimlarni ham qamrab olmoqda. Jumladan, ijtimoiy himoya tizimini raqamlashtirish, mehnat bozorida shaffoflikni ta’minlash, ayollar va yoshlar bandligini oshirishga qaratilgan dasturlar iqtisodiy muvozanatni saqlashda muhim rol o‘ynamoqda.

Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy zaif qatlamlarni aniqlash va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash institutsional yondashuvning yaqqol namunasidir. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar iqtisodiy resurslarning oqilona taqsimlanishiga xizmat qilmoqda. Bu esa davlatning ijtimoiy majburiyatlarini xususiy sektor bilan birgalikda bajarish imkonini yaratmoqda.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, raqobatbardoshlikni oshirish va xalqaro integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan. Muvozanatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda institutsional mexanizmlarning samaradorligi ularning chuqurligi, izchilligi va aholining ishonchi bilan bevosita bog‘liqdir.

Kelgusi yillarda ushbu islohotlarning davom ettirilishi natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotida uzoq muddatli, innovatsion va ijtimoiy yo‘naltirilgan rivojlanish tendensiyalari shakllanishi kutilmoqda.

 

Askarova Mavluda Turabovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Makroiqtisodiy siyosat va prognozlashtirish kafedrasi professori