MUSTAQILLIKDAN MA’RIFAT SARI: YANGI AVLOD, YANGI IMKONIYATLAR

Sentabr 3, 2026 - 19:43
 0  2
MUSTAQILLIKDAN MA’RIFAT SARI: YANGI AVLOD, YANGI IMKONIYATLAR

Mustaqillikning qadrini faqat o‘tgan yillar soni bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning mazmuni inson hayotida yuz bergan o‘zgarishlar, yaratilgan imkoniyatlar va yangi avlod uchun ochilgan istiqbollarda namoyon bo‘ladi. Mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida nishonlanayotgan bir paytda ta’lim va ma’rifat sohasidagi yangilanishlarga nazar tashlash alohida ahamiyat kasb etadi.

Birgina oliy ta’lim misolida katta ijtimoiy o‘zgarishni ko‘rish mumkin. So‘nggi sakkiz yilda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga ko‘tarildi, talabalar soni 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetdi. Bu raqamlar ortida oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan yuz minglab yoshlar, ularning kelajak rejalari va oilalarning farzand ta’limiga bog‘liq orzu-intilishlari turibdi. Oliy ta’lim imkoniyatlarining kengayishi jamiyatda bilim va malakaning qadri tobora ortib borayotganini ham ko‘rsatadi.

Mustaqillik O‘zbekistonga o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilash bilan bir qatorda, ta’lim tizimini milliy manfaatlar va zamonaviy taraqqiyot talablari asosida rivojlantirish imkonini berdi. XXI asr iqtisodiyotida inson kapitali mamlakat taraqqiyotining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Bilim yaratadigan, yangiliklarni o‘zlashtiradigan, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga ega insonlar jamiyatning katta salohiyatidir. Shu ma’noda ta’limga yo‘naltirilayotgan mablag‘ va sa’y-harakatlar kelajak taraqqiyotiga kiritilayotgan investitsiya sifatida namoyon bo‘ladi.

Oliy ta’lim tizimining xalqaro ta’lim makoniga integratsiyalashuvi ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Oliy ta’lim muassasalaridagi 157 ta ta’lim dasturining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgani buning bir ko‘rinishidir. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universitetining nufuzli xalqaro reytinglarda dunyoning eng yaxshi mingta oliy ta’lim muassasasi qatoridan o‘rin olishi xalqaro akademik maydonda mamlakatimiz oliygohlarining ishtiroki kengayayotganini ko‘rsatadi.

Kelgusi marralar ham belgilangan. 2030-yilgacha kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasini umumiy reytinglar, yana 10 tasini alohida fan yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan. Bu maqsadlar ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, akademik muhit va bitiruvchilarning raqobatbardoshligini xalqaro mezonlar asosida rivojlantirish bilan bevosita bog‘liq.

Xalqaro hamkorlikning amaliy natijalari talabalar uchun yaratilayotgan yangi ta’lim imkoniyatlarida ham ko‘rinmoqda. Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Buyuk Britaniyaning qator oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiyalashgan dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Hozir 371 nafar talaba 1+3, 2+2 va 3+1 shaklidagi dasturlarda tahsil olib, Britaniya standartlariga mos diplom olish imkoniyatiga ega.

Bunday ta’lim modeli xorijiy akademik tajribani O‘zbekistondagi ta’lim jarayoni bilan uyg‘unlashtirish imkonini bermoqda. Integratsiyalashgan dasturlar talabalarga ta’limning ma’lum qismini mamlakatimizda, qolgan bosqichini xorijiy hamkor oliygohda davom ettirish imkonini beradi. Natijada xalqaro ta’lim dasturlaridan foydalanish imkoniyati kengayib, talabalar uchun yangi akademik yo‘nalishlar shakllanmoqda.

Zamonaviy universitet nafaqat bilim beradigan, balki yangi bilim va ilmiy g‘oyalar yaratiladigan makondir. Shu jihatdan yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, istiqbolli tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy ishlanmalarni amaliyot bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi qarori asosida 2026-yil 1-yanvardan Fanlar akademiyasi jamg‘armasining tashkil etilishi ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarning davomi bo‘ldi. Ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizga yetkazish, yangi ilmiy ishlanmalar sonini hamda ularni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini uch barobar oshirish vazifalari belgilangan.

Ilm-fanning yangi yo‘nalishlarida sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni ham kengaymoqda. Joriy yilda 16 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish va ular negizida 100 dan ortiq loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu laboratoriyalarga talabalar va yosh olimlar bilan birga mahalla yoshlari hamda texnikum o‘quvchilarini jalb etish ko‘zda tutilgani zamonaviy texnologik bilimlarning kengroq yoshlar qatlamiga yetib borishiga xizmat qiladi.

Yoshlarning oliy ta’limga bo‘lgan intilishi qabul jarayonlarida ham ko‘zga tashlanmoqda. Joriy yilda bakalavriatga kirish uchun 677,9 ming nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Oliy ta’lim muassasalarini esa 320 ming nafar talaba tamomlaydi. Abituriyentlar tanlovida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti yetakchi o‘rinlardan joy oldi.

Iqtisodiyotdagi texnologik o‘zgarishlar mutaxassislar tayyorlash tizimiga ham yangi talablarni olib kirmoqda. Raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va zamonaviy muhandislik yo‘nalishlarining rivojlanishi yangi bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashni taqozo etadi. Qabul parametrlarining mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq shakllantirilishi hamda zamonaviy texnologik yo‘nalishlarga e’tibor qaratilishi ta’lim bilan iqtisodiyot o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonning xalqaro ta’lim makonidagi o‘rni xorijiy talabalar sonida ham aks etmoqda. 2025-yil holatiga mamlakatimiz oliy ta’lim tashkilotlarida 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olgan. Xorijlik yoshlarning O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi akademik hamkorlik, ta’lim xizmatlari eksporti va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladigan omillardan biridir.

Ta’lim tizimining rivojlanishi nafaqat oliygohlar va talabalar soni, balki ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va yoshlarning mustaqil fikrlash qobiliyati bilan ham chambarchas bog‘liq. Zamonaviy universitet yoshga kasbiy bilim berish bilan birga, axborot bilan ishlash, tahlil qilish, yangilik yaratish va o‘z bilimini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantiradigan muhitdir.

Bugungi yosh avlod uchun axborot va bilim olish imkoniyatlari nihoyatda keng. Toshkentda tahsil olayotgan talaba dunyoning yetakchi universitetlari ma’ruzalarini tinglashi, xalqaro ta’lim dasturlarida qatnashishi, xorijiy ilmiy manbalarni o‘rganishi va sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishi mumkin. Bunday imkoniyatlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirib, bilim olishning yangi shakllarini yuzaga keltirmoqda.

Axborot bilan ishlash madaniyati ham zamonaviy ta’limning ajralmas qismiga aylanmoqda. Ma’lumotni izlash, manbalarni o‘rganish, ularni tahlil qilish va asosli xulosa chiqarish yosh mutaxassisning kasbiy salohiyatini belgilaydigan ko‘nikmalar qatoriga kiradi. Ma’rifatning bugungi mazmuni ham bilim olish, uni anglash, amaliyotga tatbiq etish va jamiyat manfaatiga yo‘naltirish bilan uyg‘unlashmoqda.

Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi bu jarayonda alohida o‘rin tutadi. Universitet yoshga kasb va bilim beradi, ma’naviy tarbiya esa uning jamiyat, Vatan va o‘z kasbi oldidagi mas’uliyatini shakllantiradi. Vatanga daxldorlik, halollik, mas’uliyat, milliy qadriyatlarga hurmat va bunyodkorlikka intilish bilimli avlodning ma’naviy tayanchidir. Bilim insonning imkoniyatlarini kengaytirsa, ma’naviyat bu imkoniyatlarni ezgu maqsadlarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Mustaqillikning 35 yilligi mamlakatimiz bosib o‘tgan yo‘lni sarhisob qilish bilan birga, kelajak istiqbollariga nazar tashlash imkonini ham beradi. Bugun maktabda bilim olayotgan o‘quvchi, universitet auditoriyasidagi talaba, laboratoriyada izlanish olib borayotgan yosh tadqiqotchi va o‘z g‘oyasini amaliy loyihaga aylantirayotgan mutaxassis ertangi taraqqiyotning bevosita ishtirokchilaridir.

Mustaqillik bizga o‘z taraqqiyot yo‘limizni tanlash imkonini berdi. Ma’rifat esa bu yo‘lni bilim, tafakkur va bunyodkorlik bilan davom ettirishga xizmat qiladi. Yangi avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning eng katta natijasi — olgan bilimini o‘z hayoti, jamiyat va Vatan taraqqiyotiga yo‘naltira oladigan salohiyatli insonlarning kamol topishidir.

Shu ma’noda mustaqillikdan ma’rifat sari bosib o‘tilayotgan yo‘l bilimdan bunyodkorlikka, imkoniyatdan natijaga, shaxsiy yutuqdan jamiyat ravnaqiga olib boradigan taraqqiyot yo‘lidir. Bilimli, ma’naviy yetuk, tashabbuskor va Vatan taqdiriga daxldor yosh avlod esa Yangi O‘zbekistonning eng katta kuchi va kelajak taraqqiyotining mustahkam tayanchidir.

Xusinov Ibragim Ismoilovich,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Moliyaviy hisob va hisobot” kafedrasi
i.f.n., professor