Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida "Karyera kuni" mehnat yarmarkasi: yoshlarga bandlik va kasbiy rivojlanish sari muhim qadam
Joriy yilning 14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Videoselektor yig‘ilishida yosh avlodni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish, sifatli ta’lim berish va ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab berilgani ustuvor ahamiyatga ega.
Mazkur topshiriqlarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida turli tashkiliy va maqsadli tadbirlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, 2025-yil 29-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida an’anaviy tarzda “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Ushbu yarmarka – universitet talabalari, ayniqsa bitiruvchi yosh mutaxassislarning mehnat bozoriga moslashuvi, ularning malakasiga mos ish joyi topish imkoniyatini kengaytirish va ish beruvchilar bilan bevosita muloqotni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim ijtimoiy platforma hisoblanadi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, yirik tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, xususiy sektor korxonalari, xalqaro tashkilotlar va uyushmalar qamrab olingan holda 300 dan ortiq ish beruvchi tashkilot ishtirok etdi.
Yarmarkaning asosiy maqsadi — universitet talabalarini bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi amaliy ma’lumotlar bilan tanishtirish, ishga qabul jarayonidagi dastlabki suhbatlarni o‘tkazish, talabalar salohiyatiga mos mehnat sharoitlarini aniqlash hamda ularning bandligini ta’minlashdir.
Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023–2024-o‘quv yilida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirgan talabalar orasida 96,5 % bandlik darajasi ta'minlangan. Joriy yilda esa 10 mingga yaqin bitiruvchi mehnat bozoriga kirib kelishi kutilmoqda. Bitiruvchilarni joylashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani, ayni paytda 3-kurs talabalariga ham ish o‘rinlari taklif etilayotgani e’tiborga loyiqdir.
Yarmarkada 10 ming nafardan ziyod talabalar ishtirok etdi. Tadbir doirasida ish beruvchi tashkilotlar o‘z faoliyat yo‘nalishlarini ko‘rgazmali materiallar, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etdi va joyida suhbatlar o‘tkazdi. Tanlovlar natijasida 215 nafar talaba ishga qabul qilinishi tasdiqlangan sertifikatga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, tanlovlarning dastlabki bosqichida ishtirok etgan 5000 nafarga yaqin talabalarning ma’lumotnomalari (obyektivkalari) ish beruvchilar tomonidan chuqur tahlil qilinishi uchun qabul qilindi, natijalari keyinchalik e’lon qilinishi belgilandi.
Tadbir davomida talabalar ishga joylashish bilan bog‘liq turli savollarga — ish sharoitlari, maosh darajasi, ijtimoiy paketlar, mehnat va madaniy infratuzilma kabi jihatlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lishdi. Ish beruvchilar esa o‘z navbatida, universitet bitiruvchilari orasidan eng munosib va malakali mutaxassislarni tanlab olish, shuningdek, ikki tomonlama manfaatli hamkorlik asosida shartnomalar tuzish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi — nafaqat bitiruvchilar bandligini ta’minlash, balki yosh avlodning kasbiy yo‘nalishini to‘g‘ri tanlashida muhim ijtimoiy mexanizm sifatida xizmat qildi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu tadbir ko‘plab yoshlarga kasbiy hayot sari ilk muvaffaqiyatli qadamlarni tashlashda amaliy ko‘mak bo‘ldi.