DAVLAT-XUSUSIY SHERIKLIK ASOSIDA INFRATUZILMAVIY LOYIHALARNI RIVOJLANTIRISH

Bugun sizlar bilan mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishida tobora muhim o‘rin egallayotgan muhim yo‘nalish — bu davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilmaviy loyihalarni rivojlantirish mavzusi haqida fikr almashmoqchiman.
Ma’lumki, har qanday davlatning iqtisodiy taraqqiyoti va ijtimoiy barqarorligi eng avvalo, rivojlangan infratuzilmaga bog‘liq. Infratuzilmasiz ishlab chiqarish, savdo, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport yoki hatto raqamli iqtisodiyot haqida gapirish qiyin. Shu sababli ham, hozirgi davrda infratuzilmani zamonaviy, samarali va barqaror shaklda rivojlantirish eng ustuvor vazifalardan biridir.
Ammo bu boradagi yirik loyihalarni faqat davlat mablag‘lari hisobiga amalga oshirish tobora murakkablashmoqda. Aynan shunday sharoitda davlat-xususiy sheriklik — ya’ni davlat va biznes sektori o‘rtasidagi hamkorlik zamonaviy, samarali va eng muhimi, barqaror yechim sifatida ilgari surilmoqda.
Davlat-xususiy sheriklik bu – uzoq muddatli hamkorlik bo‘lib, unda davlat o‘zining strategik infratuzilmasini xususiy sektor investitsiyasi, tajribasi va innovatsiyalarini jalb etgan holda rivojlantiradi. Bunda manfaat ikki tomonlama: davlat infratuzilmani rivojlantiradi, xususiy sektor esa foyda oladi, xizmatlar esa aholiga yuqori sifatda taqdim etiladi.
Hurmatli tinglovchilar!
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bu model amaliyotda keng tatbiq etilmoqda. 2019-yilda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu hujjat davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatlarni qonuniy asosga qo‘ydi. Natijada bugungi kunda respublikamizda avtomobil yo‘llari, energiya manbalari, maktablar, diagnostika markazlari, tozalash inshootlari kabi bir qator loyihalar aynan DXSh asosida amalga oshirilmoqda.
Masalan, Toshkent shahrida zamonaviy tibbiyot markazlari, Sirdaryo viloyatida to‘lovli avtomobil yo‘li loyihalari, Qashqadaryoda quyosh elektr stansiyalari loyihalari – bularning barchasi davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklik samarasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Lekin, shuni ham tan olish kerakki, bu yo‘nalishda hali yechilishi kerak bo‘lgan masalalar ham mavjud. Xususan, ba’zan loyihalarni tanlashda shaffoflik yetarli emas, xavflarni taqsimlash mexanizmlari to‘liq ishlanmagan, xususiy investorlar uchun huquqiy kafolatlar ba’zan sust. Eng muhimi – mahalliy xususiy sektor hali katta hajmdagi DXSh loyihalarida faol ishtirok eta olmasligi bois, bu sohada xorijiy investorlar ustunlik qilmoqda.
Shu bois, biz quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratishimiz lozim:
- DXSh sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash va loyihalarni boshqarish bo‘yicha o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
- loyihalarni tanlash, baholash va monitoring qilishda shaffoflikni kuchaytirish;
- xususiy sektor ishtirokchilari uchun soliq yengilliklari va huquqiy kafolatlarni kengaytirish;
Mahalliy tadbirkorlarni ham DXSh loyihalariga jalb etish va ularni tayyorlashga doir dasturlarni ishlab chiqish.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, davlat-xususiy sheriklik — bu nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy samaradorlikni ham ta’minlaydigan mexanizmdir. Aynan shu yo‘nalishda faol harakat qilib, biz mamlakatimiz infratuzilmasini zamonaviy, xavfsiz va barqaror holga keltira olamiz. Bu esa nafaqat hozirgi avlod, balki kelajak avlodlar farovonligining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Musayev Ozodjon Shavkat o‘g‘li
PhD, “Biznes boshqaruvi” kafedrasi katta o‘qituvchisi,