TIJORAT BANKLARIDA KORPORATIV MADANIYAT VA QADRIYATLARNI RIVOJLANTIRISH

Zamonaviy bank tizimida raqobat faqat ko‘rsatkichlar, xizmatlar soni yoki texnologik infratuzilma bilan belgilanmaydi. U yanada chuqurroq — tashkilot ichida shakllangan korporativ madaniyat, xodimlararo munosabatlar, qadriyatlar tizimi va etika tamoyillari asosida baholanmoqda. Bugungi kunda dunyo miqyosida tijorat banklarining barqaror rivojlanishi ularning ichki ijtimoiy muhitiga, ya’ni jamoaviy ruh, ishonch, mas’uliyat va insoniy munosabatlar singari omillarga tobora ko‘proq bog‘liq bo‘lib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bank tizimini transformatsiya qilishga doir qarorlari (xususan, PQ-183-sonli qaror, 2023-yil) bank faoliyatida inson resurslari va ularni boshqarish madaniyatiga alohida e’tibor qaratilishini talab qilmoqda. Raqamlashtirish, mijozga yo‘naltirilgan xizmatlar, samarali boshqaruv mexanizmlari — bularning barchasi sifatli inson kapitalisiz va kuchli korporativ madaniyatsiz samarali bo‘la olmaydi.
Korporativ madaniyat deganda, tashkilotda hukm suruvchi qadriyatlar, e’tiqodlar, ish yuritish uslublari, xodimlarning kasbiy va axloqiy tamoyillarga bo‘lgan sodiqligi tushuniladi. Bu madaniyat bankning ichki muhitini belgilab beradi, xodimlarning motivatsiyasi, mijozlarga yondashuvi va rahbariyatga ishonchini shakllantiradi. Agar ushbu muhit sog‘lom va ijobiy bo‘lsa, bu nafaqat ichki faoliyat samaradorligini, balki bankning tashqi obro‘si, sodiq mijozlar bazasi va umumiy raqobatbardoshligini ham mustahkamlaydi.
Amalda esa aksariyat tijorat banklarida korporativ madaniyat faqat tashqi reklama va hujjatlar bilan cheklangan, real amaliyotda esa bu qadriyatlar har doim ham sust ishlamoqda. Xodimlar o‘rtasida ichki ijtimoiy muhit ziddiyatli, kommunikatsiyalar cheklangan, motivatsion tizimlar asosan moddiy rag‘batga qaratilgan. Bu holat o‘z navbatida mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga, bank brendiga va xizmatlar samarasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ayni paytda dunyoning yetakchi banklari tajribasi shuni ko‘rsatadiki, “insonga yo‘naltirilgan tashkilot”, “iqlim va qadriyatlar orqali boshqaruv” kabi tamoyillar asosida shakllangan korporativ madaniyat nafaqat ish unumdorligini oshiradi, balki xodimlarning bankka bo‘lgan sadoqatini kuchaytiradi, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi, mijozlar bilan uzoq muddatli aloqalarni ta’minlaydi.
Tijorat banklari faoliyatining samaradorligi va barqarorligi nafaqat moliyaviy ko‘rsatkichlar bilan, balki ichki ijtimoiy-psixologik muhit, xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar va tashkilotda shakllangan umumiy qadriyatlar tizimi bilan ham bevosita bog‘liqdir. Ushbu tadqiqot natijalari asosida aniqlanishicha, korporativ madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish bank faoliyatida muhim strategik ustuvorlikka aylanishi zarur.
Bugungi raqamli iqtisodiyot va mijozga yo‘naltirilgan xizmatlar davrida bank xodimlarining bir-biriga va tashkilotga bo‘lgan sodiqligi, ishonchi, kasbiy etikaga amal qilishi, mijozlarga insoniy yondashuvi bankning raqobatbardoshligini ta’minlovchi asosiy omillardan biri sifatida qaralmoqda. Korporativ madaniyat — bu faqatgina ichki nizom yoki korporativ libos emas, balki bu tashkilot ichki hayotining yuragi, undagi maqsad, qadriyat va tamoyillarning amaliy ifodasidir.
O‘zbekiston bank tizimida olib borilayotgan transformatsion islohotlar fonida zamonaviy menejment uslublari, jumladan, korporativ madaniyat va qadriyatlar boshqaruvi dolzarb masalaga aylanmoqda. Afsuski, amalda bu boradagi siyosat va strategiyalar hali to‘liq shakllanmagan, ko‘plab banklarda qadriyatlar faqat hujjatlarda qayd etilgan bo‘lib, real faoliyatga to‘liq singmagan.
1.Korporativ qadriyatlar aniq va qat’iy belgilangan banklarda xodimlar sodiqligi yuqori, ish samaradorligi barqaror.
2.Madaniy yondashuv mavjud bo‘lmagan muhitda esa ziddiyatlar, xodimlarning rotatsiyasi va mijozlar bilan aloqadagi muammolar ko‘proq uchraydi.
3.Xodimlar orasida ishonch, ochiq muloqot va jamoaviylik bo‘lmagan joyda tashqi innovatsion tashabbuslar ham samarali bo‘lmaydi.
Tojiyev Raxmatilla Raxmanovich
“Bank ishi” kafedrasi professori,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti