QORASUV KANALI SOHILI — MINTAQAVIY TARAQQIYOTNING YANGI NUFUZLI RAMZI

Foto https://www.gazeta.uz/dan olindi.

Iyul 25, 2026 - 00:49
Iyul 25, 2026 - 00:50
 0  0
QORASUV KANALI SOHILI — MINTAQAVIY TARAQQIYOTNING YANGI NUFUZLI RAMZI

Joriy yil 22-iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida Qorasuv kanali qirg‘og‘ining 9 kilometr uzunlikdagi qismini obodonlashtirish bo‘yicha 32 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining mazkur tashrifi mamlakatimizda suv havzalari bo‘ylarini obodonlashtirishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ko‘rinishidir. Zotan, bugungi kunda bunday loyihalar nafaqat aholining dam olish madaniyatini yuksaltirishga, balki hududiy iqtisodiyotni jonlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.

Qurilish o‘tgan yili boshlangan bo‘lib, ikki bosqichga mo‘ljallangan. Birinchi bosqich doirasida Tinchlik va Qorasuv mahallalari oralig‘idagi 1,6 kilometr qirg‘oq obodonlashtirilgan. Hududda piyodalar uchun zamonaviy yo‘laklar, favvora, vorkaut maydonchalari, akvapark hamda ko‘prik osti tunneli qurilgan. Bundan tashqari, sohil bo‘ylab manzarali daraxtzorlar, qulay o‘rindiqlar hamda umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham barpo etildi. Ayni joyda, shuningdek, tuman hududida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham minglab manzarali va mevali daraxtlar ekilib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilgani diqqatga sazovordir. Bu esa Qorasuv kanali bo‘yidagi obodonlashtirish ishlarini ekologik jihatdan ham to‘ldiruvchi omil bo‘ldi.

Loyihaning ikkinchi, kelgusi bosqichida Qorasuv, Rovatak va Fayzobod mahallalaridan o‘tuvchi qismda ko‘ngilochar, dam olish va gastronomik ko‘chalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni 6 tagacha yetkazilib, natijada 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, qirg‘oqbo‘yi hududlarini obodonlashtirish nafaqat hordiq chiqarish maskanlarini barpo etish, balki hududlarda savdo, xizmat ko‘rsatish va bandlikni rivojlantirish imkoniyati sifatida ham ko‘rib chiqilmoqda.

Bu tajriba yakka holda emas, balki mamlakatimizda suv havzalari bo‘ylarini obodonlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli siyosatning bir qismi sifatida baholanishi lozim. Jumladan, joriy yilda poytaxtimizda ham shunga o‘xshash yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobidan 306 gektar yer maydonida “Daryo bo‘yi” loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning doirasida daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Shunga o‘xshash, Bektemir kanali bo‘yida ham 187,3 gektar maydonda “yashil belbog‘” yaratilib, sayilgohlar barpo etilmoqda, piyodalar va veloyo‘laklar, ichki yo‘llar, yoritish tizimlari hamda ko‘priklar qurilmoqda. Mazkur misollar shuni ko‘rsatadiki, Qorasuv kanali bo‘yidagi obod maskanni barpo etish tajribasi alohida hodisa emas, balki mamlakat miqyosida suv obyektlari atrofini kompleks rivojlantirishning umumiy strategiyasiga mos ravishda amalga oshirilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Qorasuv kanali sohilidagi loyiha infratuzilma obyektlarini nafaqat ekologik-estetik, balki iqtisodiy samaradorlik mezonlari asosida ham rejalashtirish zaruriyatini amalda isbotlamoqda. Sohilbo‘yi maskanlarining zamonaviylashuvi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va kichik tadbirkorlik uchun qulay sharoitlarning vujudga kelishi — bularning barchasi aholi turmush sifatini oshirishning amaliy ko‘rsatkichlari sifatida baholanishi mumkin hamda boshqa hududlar uchun ham ijobiy tajriba namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Sevara Aytieva,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,
iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)