OʻZBEKISTON–ROSSIYA HAMKORLIGI: OLIY TA’LIM TIZIMINI RIVOJLANTIRISHDAGI YANGI IMKONIYATLAR

may 5, 2025 - 18:43
may 6, 2025 - 10:59
 0  30
OʻZBEKISTON–ROSSIYA HAMKORLIGI: OLIY TA’LIM TIZIMINI RIVOJLANTIRISHDAGI YANGI IMKONIYATLAR

Oliy ta’lim tizimida uzoq muddatga moʻljallangan uzluksiz hamkorlik Oʻzbekiston–Rossiya strategik sherikligi va ittifoqchiligining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Joriy yil 11-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Maksim Oreshkin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Amaliy tashrif doirasida iqtisodiyot, energetika, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish, oʻzaro savdo hajmini oshirish, mehnat migrantlarining huquqlarini ta’minlash va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bir qatorda ta’lim tizimida ham uzoq muddatga moʻljallangan uzluksiz hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.

Oʻzbekistonda Rossiyaning yetakchi universitetlarining 14 ta filiali tashkil etilgan boʻlib, Toshkentdagi Moskva va Sankt-Peterburg davlat universitetlari, Olmaliqdagi MISIS Fan va texnologiyalar universiteti, Jizzaxdagi Qozon federal universiteti va boshqalar shular jumlasidandir. Rossiya Federatsiyasi davlat rahbari: “Oʻzbekiston Rossiya oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar soni boʻyicha MDH davlatlari orasida birinchi oʻrinlardan birini egallaydi – 63 mingdan ortiq, 14 mingga yaqin kishi bizda bepul ta’lim olmoqda”, deya ta’kidlagan. Bu holat oliy ta’lim tizimida hamkorlikni rivojlantirish zaruriyati va imkoniyatlari mavjudligidan dalolat beradi.

Shu boisdan, Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari oʻrtasida imzolangan 20 ga yaqin bitim va shartnomalar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi oʻrtasida ham kelishuvlarga erishildi.

Jumladan: “N. E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti” federal davlat byudjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Ushbu universitet QS World University Rankings 2024 reytingida 319-oʻrinda, muhandislik va texnologiya yoʻnalishida 170-oʻrinda qayd etilgan.

Mamlakatimizda ushbu universitet filialining ochilishi axborot-telekommunikatsiya tizimlari, nanotizimlar sanoati, muhandislik biznesi va boshqaruvi, mashinasozlik, biotibbiyot texnologiyasi, radioelektronika va lazer texnologiyasi, energetika, transport kabi yoʻnalishlarda zamonaviy, xalqaro standartlarga mos mutaxassis kadrlarni tayyorlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filialini ochish toʻgʻrisida ham bitim imzolandi. Oʻzaro savdo aylanmasi soʻnggi 7 yilda 2,5 barobarga oshdi. Tomonlar yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazish maqsadida kelishib oldilar. Mazkur maqsadni amalga oshirishga koʻmaklashish uchun Rossiyada Oʻzbekistonning toʻlaqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.

Bu jarayonda xalqaro miqyosda savdo munosabatlarida malakali mutaxassislar va ilmiy izlanishlarga ehtiyoj ortmoqda. Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filialining ochilishi jahon iqtisodiyoti, tashqi savdo, investitsiya, xalqaro huquq, tashqi savdoda logistika, bojxona huquqi kabi yoʻnalishlarda mutaxassis kadrlarni tayyorlash va xalqaro tashqi savdo bilan bogʻliq muammolarni tahlil qilishga qaratilgan tadqiqotlar olib borish uchun zamin yaratadi.

Ilmiy texnologiyalar sohasida qoʻshma tanlovlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitim ham erishilgan muhim kelishuvlardan biridir. Bu orqali olimlar, mutaxassislar, doktorantlar va aspirantlar almashinuvini ta’minlash, qoʻshma innovatsion va ilmiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ikki davlat olimlari va mutaxassislarining ilmiy va innovatsion faoliyatdagi ishtirokini tashkil etish, yosh olimlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash koʻzda tutilgan.

Shuningdek, boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarning samaradorligi bevosita oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash bilan bogʻliq boʻlganligi uchun tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini yoʻlga qoʻyish borasida ham tegishli bitimlar imzolandi.

Oʻzaro hamkorlik doirasida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish Oʻzbekiston–Rossiya strategik sherikligi va ittifoqchiligining mantiqiy davomi boʻlib, bu munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda ikki tomonlama aloqalarning uzoq muddatli istiqboli va muhim yoʻnalishlariga zamin yaratadi.

A.A. Ostonqulov,
TDIU professori 
X.N. Iskanov,
TDIU dotsenti