YANGI TEXNOLOGIYALAR – SANOATNING KELAJAGI

may 30, 2025 - 10:21
may 30, 2025 - 11:08
 0  9
YANGI TEXNOLOGIYALAR – SANOATNING KELAJAGI

Globallashuv sharoitida yuqori texnologiyalar sanoatning kelajagini, iqtisodiyot va texnologiyalarning o‘zaro integratsiyalashuvi esa uning rivojlanish yo‘nalishini belgilab bermoqda. Innovatsion texnologiyalar, sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan tizimlar va raqamli yechimlar nafaqat ishlab chiqarish jarayonlarining sifatini oshiradi, balki iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash hamda xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston ham bu global tendensiyani chuqur anglagan holda, texnologik taraqqiyotga asoslangan sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat bermoqda. Prezident tashabbuslari, qabul qilingan davlat dasturlari va tashkil etilgan texnoparklar orqali zamonaviy texnologiyalar amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Yuqori texnologiyalar ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi, mahsulot sifatini yaxshilaydi, ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi hamda resurslardan tejab-tergab foydalanish imkonini yaratadi. Bu texnologiyalar yordamida xalqaro bozorlar uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, yangi texnologiyalar asosida yaratilayotgan yuqori malakali ish o‘rinlari yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuqori texnologiyalar asosida sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga oid bir qator muhim hujjatlar qabul qilingan. Xususan, 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi” PQ–60-sonli qarorida, 2022-yil 5-iyuldagi “Yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–221-sonli qarorida, “Innovatsion rivojlanish to‘g‘risida”gi Qonun (2019-yil) va 2021–2025 yillarda “Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi” texnologiyalar sohasida izchil islohotlarni amalga oshirish uchun huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda texnologik rivojlanish yo‘lida amaliy natijalarga erishilmoqda. IT Park rezidentlari tomonidan eksport qilingan xizmatlar hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Yashnobod texnoparki elektronika, tibbiyot, avtomatika va boshqa yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilgan grant tanlovlari natijasida ko‘plab startap loyihalar moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi. “Made in Uzbekistan” brendi ostida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar xorijiy bozorga chiqmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda yuqori texnologiyalar asosida rivojlanayotgan eng istiqbolli yo‘nalishlar quyidagilardan iborat: aqlli zavodlar (Smart Factory), ishlab chiqarishni real vaqt rejimida boshqarish tizimlari, 3D bosib chiqarish texnologiyalari, quyosh va shamol kabi muqobil energiya manbalari, biotexnologiyalar va nanotexnologiyalar. Bu yo‘nalishlar sanoatning yangi bosqichga o‘tishini ta’minlaydi.

Xorijiy davlatlar tajribasi bu yo‘lda muhim saboqlarni taklif qilmoqda. Masalan, Xitoy “Made in China 2025” strategiyasi orqali sanoatni sun’iy intellekt va avtomatlashtirish asosida rivojlantirmoqda. Germaniya “Industrie 4.0” konsepsiyasi yordamida ishlab chiqarishni to‘liq raqamlashtirishga o‘tgan. Janubiy Koreya texnoparklar va innovatsion klasterlar orqali yuqori texnologiyali iqtisodiyot yaratgan. AQSHdagi Silikon vodiysi esa startaplar va investorlar hamkorligining eng muvaffaqiyatli modeliga aylangan.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekiston ham texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish yo‘lida to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda. Qabul qilinayotgan qarorlar, tashkil etilayotgan texnoparklar, grant va inkubatsiya dasturlari, yosh kadrlarni tayyorlashga qaratilgan islohotlar texnologik kelajak sari mustahkam poydevor yaratmoqda. Bugun yangi texnologiyaga kiritilayotgan har bir sarmoya – ertangi iqtisodiy barqarorlik, raqobatbardoshlik va ijtimoiy farovonlikning kafolatidir.

 

Matrizaeva Dilaram Yusupbaeyvna Dotsent, PhD,

Kutbitdinova Moxigul Inoyatovna  Dotsent, i.f.n.,

          Marketing kafedrasi, Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti